Kirkukning kurd gubernatori Najmiddin Karimning aytishicha, “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi kurashda muayyan yutuqlarga erishilgan bo’lsa-da, jangarilarni butunlay yo’q qilish va egallangan hududlarni qaytarib olishning hozircha imkoni bo’lmadi.
Najmiddin Karim bu hafta Vashingtonga kelib, AQSh hukumatidan terrorchilarga qarshi kurashni jadallashtirishni va Kurdiston iqtisodiyotini tiklashda yordam berishni so’radi.
Kirkuk viloyatida bitta shahar, ayniqsa, katta ahamiyatga ega, deydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
“Havija butun viloyatda faoliyat yuritayotgan terrochilarning ini. Bu shaharni ozod etish Mosulni ham ozod etishda yordam beradi”, - deydi Karim.
Kirkukdan 50 kilometr masofada joylashgan Havija 2014-yildan beri “Islomiy davlat” jangarilari nazoratida qolmoqda. 2015-yil oxirida AQSh va kurd qo’shinlari bu shahardagi qamoqqa reyd uyushtirib, garovga olingan 70 odamni ozod etgan va bir terrochilarni o’ldirgan edi.
"Daishga qarshi kurash birdamlik va barcha qo’shni davlatlar orasida hamkorlikni talab qiladi”, - dedi u.
Iroqdagi mazhablararo adovat va terrochilarga qarshi kurash
O’tgan oy AQSh kurdlar iltimosiga javoban kurd jangchilariga maosh to’lash maqsadida 415 million dollar ajratdi. Kurdiston mintaqaviy hukumati moliyaviy inqirozga yuz tutgan, bunga esa neft narxining pasayishi sabab bo’ldi. Biroq bu mablag’ kurdlar muxtoriyatidan anchadan beri norozi rasmiy Bag’dod bilan aloqalarni taranglashtirishi mumkin.
“AQSh bu mablag’ning taqsimlanishini o’zi kuzatishi kerak. Bu juda muhim. Pullar “Islomiy davlat” bilan yuzma-yuz kurashayotgan Peshmerga jangchilariga yetib borsin”, - deydi Vashingtondagi Atlantika kengashi nomli tadqiqotlar markazidan tahlilchi Nussayba Yunus.
Mablag’ tufayli boshlangan ziddiyat Iroqdagi etnik va mazhablararo ixtiloflardan darak beradi.
Iroq hukumati ostida faoliyat yuritayotgan viloyat rahbari Najmiddin Karim Vashington uchun boshog'riq. Millati kurd, u kurdlar manfaatlarini ilgari suradi. Kirkukda, asosan, kurdlar, arablar va turkmanlar yashaydi. 2014-yildan buyon kurd jangchilari himoyasida.
Iroq azaldan kurdlar, sunniy va shialar orasida talash. Hozirda esa hatto ilgari yaxlit bo’lgan guruhlar ichida ziddiyatlar paydo bo'lgan. Demak, Bag’dod oldida barchani birlashtiradigan hukumat tuzish kabi nihoyatda murakkab vazifa turibdi.
“Ular oldidagi vazifalar talay, - degan edi AQSh Prezidenti Barak Obama o’tgan oyda Iroq qonunchilariga. – Hozir hukumat faoliyatini cheklash yoki bahslashish vaqti emas”.
Kirkuk hokimiga ko’ra, Iroqning siyosiy muammolari terrorchilarga qarshi kurashni qiyinlashtiryapti.
“Shia va sunniylar orasida haqiqatdan ham tafovut mavjud. Bag’doddagi hukumat zaif. Bu muammolarni hal qilmasa bo’lmaydi”, - dedi u.