Breaking News

Iroq kurdlari Mosul uchun jangga shay


Masud Barzaniy va Filip Hammond
Masud Barzaniy va Filip Hammond

Iroq kurdlari rahbari Masud Barzaniyning aytishicha, Mosul uchun jangda kurd askarlari qatnashishga tayyor.

Kurdlarning peshmerga qo’shinlari Iroq shimolidan “Islomiy davlat”ni siqib chiqarishga urinar ekan, Barzaniy Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hammondga qirollik 3000 dan ziyod peshmerga jangchisini mashqdan o'tkazgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Hammond esa kurd askarlarining dovyurakligini yuqori baholab, “Islomiy davlat” pirovardida yengiladi, dedi.

Bu orada, chorchanba kuni Suriya kurdlari o’z muxtoriyatini e’lon qildi. Bunga javoban, Barzaniy 1915-yilda Fransiya va Britaniya o’rtasida tuzilgan va hozirgi Iroq va Suriya chegaralarini belgilab, kurdlar o’lkasini parchalagan maxfiy shartnoma asoratlari nihoyat yo’q qilindi, deb aytdi.

Chegaralar o’zgardi, qudratli davlatlar buni inobatga olishi va asl vaziyatga qarab, yangi chegara chizib chiqishi kerak, dedi Kurdiston rahbari.

Londondagi Tashqi siyosat markazidan Jeyms Denselou fikricha, iroqlik kurdlar anchadan beri mustaqillikka da’vat qilib keladi, ammo vaziyat yaqin orada o’zgarmaydi.

“Iroqlik kurdlarni qo’llab-quvvatlayotgan ko’plab qudratli davlatlar Iroq yaxlitligi tarafdori. Ayni vaqtda kurdlar bunga muqobil yo’lni ilgari surishda davom etadi. Iroq Kurdistoni o’z tili, chegaralari, bayrog’i, madaniyati, tarixi, siyosiy rahbariyatiga ega”, -deydi u.

Qo’shni Turkiya rahbariyati esa o’z hududida yashovchi kurdlar bilan olishib keladi, shu bois iroqlik kurdlarning alohida davlat tuzishiga tish-tirnog’i bilan qarshi. Turkiya harbiy samolyotlari so’nggi haftalarda Kurdiston Ishchilar Partiyasining Iroqdagi istehkomlarini bir necha marta bombardimon qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG