Breaking News

Xalqaro Amnistiya: Kurdlar arab qishloqlarini ataylab vayron qilmoqda


Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) inson huquqlari tashkilotining da’vo qilishicha, kurdlar Iroq shimolida arablarning minglab uylarini buzib tashlagan.

“Badarg’a qilinganlar” deb nomlangan yangi hisobotga ko'ra, kurdlarning peshmerga deb atalmish qurolli kuchlari “Islomiy davlat” jangari to’dasidan tortib olingan Ninevo, Kirkuk va Diyala viloyatlarida vayronagarchilikka qo’l urgan.

Arab mahallalarida uylar buldozerlar bilan yakson qilingani, o’t qo’yilgani yoki portlatilgani aytiladi. Mahalliy aholiga o’z qishloqlariga qaytish man etilgan, deyiladi hisobotda. Peshmerga ularni “Islomiy davlat” tarafdori deb biladi.

Iroq shimolida “Xalqaro amnistiya” nomidan tadqiqot o’tkazgan Donatella Rovera deydiki:

“Hech qanday harbiy asossiz fuqarolarni majburlab ko’chirish va mol-mulkini vayron qilish urush jinoyati deb talqin etilishi mumkin”.

“Islomiy davlat” bundan bir yarim yil avval Iroq shimoli va Suriya shimolining kattagina qismini o’z nazoratiga olgan edi. AQShning havo hujumlari yordamida kurd harbiylari yerlarning 40 foizini qaytarib olishga muvaffaq bo’lgan.

"Xalqaro amnistiya" tashkilotining Iroqqa oid yangi hisoboti
"Xalqaro amnistiya" tashkilotining Iroqqa oid yangi hisoboti

Xalqaro Amnistiya tadqiqotchilari hisobotni yozish jarayonida 13 ta qishloq va shaharlarni borib ko’rgan, uyini yo’qotgan va kurdlar harakatlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan 100 odam bilan bafurja suhbatlashgan. Bundan tashqari, buzilgan uylarning sun’iy yo’ldoshdan olingan fotosuratlarini o’rgangan.

Kurd qo’mondonlari arab aholi badarg’a qilinganini xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan izohlaydi. “Biroq aslida bu arablarni “Islomiy davlat”ga xayrixohlikda gumon qilib, jazolash uslubiga aylangan”, - deydi tadqiqlotchilar.

“Aksar arablar dehqonchilik qiladi, mol boqadi. Endi ular yerlaridan va mol-mulkidan judo bo'lib, tirikchilik qilolmaydi. Oilalar qochqinlar lagerlarida boshpana izlashga majbur, vaholanki u joylarda ahvol shundoq ham og’ir, gumanitar yordam esa yetarli emas. Tashlandiq binolarda hech qanday sanitariya sharoitisiz yashirinib, kun kechirayotganlar ham bor”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti bilan gaplashgan Mohir Nubul ismli fuqaro Tabaj Hamid qishlog’idan 2014-yilning avgustida, “Islomiy davlat” uni bosib olganidan so’ng qochgan.

O’shanda qishloqdagi uylar hali buzilmagan edi. Ammo to’rt oydan keyin peshmerga qishloqni jihodchilardan tortib olganida uylarni buldozerlar yordamida yer bilan yakson qildi, deydi u.

“Hech narsa qolmagan. Sababsiz hamma narsani buzib tashlashdi”, - deydi Nubul.

Bu da’volarga javoban Iroq Kurdistoni so’zlovchisi Dindar Zeboriy qishloqlarni buzish rejasi yo’q, deydi. “Peshmerga qo’shinlari xalqaro inson huquqlari tamoyillariga to’la rioya qilishi kerak”, deydi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG