"Islomiy davlat" jangari guruhi o'z yetakchisi Abu Bakr al-Bag'dodiyning ovozi yozilgan murojaatnomani internet orqali tarqatdi. O'zini xalifa deb atayotgan bu odam AQSh va Rossiya zarbalari guruhiga jiddiy zarar yetkazmaganini aytadi.
Bag'dodiy bir necha hafta burun Iroqda havo hujumida yaralangan edi.
24 daqiqali audioda Bag'dodiy sihati joyida ekanini ma'lum qiladi. Unda "Islomiy davlat"ga qarshi kurash uchun Saudiya Arabistoni tomonidan musulmon davlatlar koalitsiyasining tuzilgani tanqid qilinadi.
"Agar bu haqiqiy islomiy koalitsiya bo'lganida edi, u yahudiy va nasroniy xo'jayinlaridan xoli bo'lishini e'lon qilib, yahudiylarni o'ldirishni, Falastin ozodligi uchun kurashishni asosiy maqsadi etib belgilagan bo'lardi", - deyiladi murojaatda.
Bag'dodiy Saudiya Arabistoni aholisini qirolikka qarshi isyonga da'vat etib, yaqin orada Isroilga hujum qilishini bildiradi.
"Biz Falastinni bir daqiqaga ham unutganimiz yo'q", - deydi u.
Audiomurojaatdagi ovozning Bag'dodiyga tegishli ekani hali tasdiqlangani yo'q.