Jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblardan biri sifatida qolmoqda. Ayniqsa, avtoritar davlatlarda jurnalistlar faoliyatining xavflilik darajasi keskin ortgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining (CPJ) navbatdagi yillik hisobotida dunyo bo’ylab qamoqda o’tirgan jurnalistlar soni 250 nafar ekanligi qayd qilinadi.
Mahkumlar ichida o’zbekistonlik jurnalistlar yo’q. Ammo ruhiy kasallar shifoxonasida saqlanayotgan bloger Nafosat Olloshukurova hibsdagilar qatorida qayd qilingan.
Tovlamachilikda ayblanib hibsga olingan, ayni paytda ustidan tergov harakatlari davom etayotgan jurnalist Said-Abdulaziz Yusupov tashkilotning O’zbekistonga doir ko’rsatkichlarida kasbiy faoliyati uchun qamoqqa olingan jurnalist sifatida qayd qilinmagan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi mazkur hisobotida asosan jurnalistlarni qamash bo’yicha yetakchilik qilayotgan davlatlardagi vaziyatga to’xtaladi.
Sharmandali yetakchilar sifatida taqdim qilingan davlatlar safida nisbiy o’zgarishlar kuzatilgan. Bir necha yildirki bu ro’yxatda “yetakchilik” qilayotgan Turkiyaning o’rnini bu yil Xitoy egallagan.
Xitoy va Turkiyadan keyingi o’rinlarda Saudiya Arabistoni, Misr, Eritreya, Vyetnam va Eron turadi. Ayni paytda qamoqda qolayotgan 250 nafar jurnalistlarning asosiy qismi shu davlatlar hissasiga to’g’ri keladi.
Turkiyada o’tgan yil 68 nafar jurnalist qamoqdaligi qayd qilingan bo’lsa, bu yil bu ko’rsatkich 47 kishini tashkil etgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi buning sababini Rajab Toyyib Erdog’an hukumatida jurnalistlarga, matbuotga nisbatan ijobiy qarashlar kuzatilayotganida emas, balki so’nggi yillar davomida Turkiyada 100 ga yaqin axborot nashrlari faoliyati to’xtatilgani, ularga nisbatan terrorizm, ekstremizmga doir turli ayblovlar ilgari surilganida ko’radi. Buning natijasida o’nlab jurnalistlar ayblovlar bilan to’qnash kelgan, mamlakatni tark etishga majbur qolgan.
Qamoqdagi jurnalistlar soni bo’yicha yetakchi o’ringa ko’tarilgan Xitoydagi vaziyat tahliliga ko’ra, mamlakatda turli ayblovlar bilan qamoqqa tashlanayotgan jurnalistlar soni muntazam o’sib bormoqda. O’tgan yil qamoqdagi jurnalistlar soni 47 kishini tashkil qilgan bo’sa, 2019- yilda bu ko’rsatkich 48 kishiga yetgan. So’nggi holat shu yil oktabr oyida Gonkongdagi g’alayonlar haqida yozgan bloggerning hibs qilinishi bilan kuzatilgan. Bloger Xuan Syuetsin ijtimoiy norozilik keltirib chiqarishga qaratilgan chiqishlarda ayblangan.
Uyg’urlar va boshqa musulmon xalqlarni mamlakatdagi jazo lagerlariga joylashtirish tajribasi keng ommalashgani ham Xitoyda qamoqqa tashlanayotgan jurnalistlar soni ko’payib borishiga xizmat qilgan. Qamoqdagi jurnalistlar orasida uyg’ur faollari, Xitoydagi “Qoshg’ar” nashriyotining bir necha xodimlari ham bor.
27 nafar jurnalist qamoqda ushlab turilgan Saudiya Arabistonidagi vaziyat OAV xodimlari ustidan yopiq jarayonlar o’tkazilgani, ularga nisbatan qiynoqlar qo’llangani ehtimoli bilan ancha xavotirli baholanadi. Ayniqsa, jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilishi bevosita Saudiya Arabistoni hukumati ishtirokida amalga oshgani ma’lum bolishi ortidan bu mamlakatda mustaqil jurnalist bo’lish o’ta xavfli ko’riladi.
Misrdagi matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat ham achinarli. 26 jurnalist qamoqda saqlanayotgan bu mamlakatdagi vaziyat ham hukumatga nisbatan noroziliklar boshlanishi ortidan ta’qib kuchayganini ko’rsatadi.
10 dan oshiq jurnalist qamoqqa tashlangan Erondagi vaziyat ham shunga yaqin. Hukumatga nisbatan noroziliklar, mamlakatning tashqi dunyo bilan aloqalarni uzish harakatlari jurnalistlarga tazyiqlar oshirilishi bilan kuzatilgan.
Tashkilot Rossiyadagi vaziyatni ham xavotirli baholaydi. Ayniqsa, Qrim bilan bog’liq masalada. Rossiya tasarrufiga qarshi bo’lgan qrim-tatarlar bilan bog’liq vaziyatni yoritgan bir nechta jurnalistlar qamoqda saqlanmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog’istonda 2019- yilda bir nechta jurnalistlarga qarshi turli ayblovlar ilgari surilgani kuzatilgan. Mamlakatda o’tgan norozilik aksiyalari davomida jurnalistlar ham tazyiqqa olingan.
Qo’shni Tojikiston erkin matbuotga, xususan, “Ozodlik” radiosining tojik xizmatiga qo’ygan to‘siqlari, jurnalistlarga akkreditatsiya berishni rad etgani, mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiqlarni to’xtatmagani bilan tilga olinadi.
Turkmanistonda matbuotga doir vaziyat o’ta ayanchli. Mamlakat ayovsiz senzura joriy qilingan davlatlar o’ntaligidan joy olgan. Ammo bu mamlakatda 2019- yil davomida biror jurnalist qamoqqa tashlangani kuzatilmagan.
Qirg’izistondagi vaziyatga to’xtalgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi 2010- yilda hibsga olingan jurnalist Azimjon Asqarov taqdiriga diqqat qaratadi.
Asqarov zudlik bilan ozod qilinishi lozimligini, Qirg’iziston sudining jurnalistga belgilangan bir umrlik qamoq jazosini o’z kuchida qoldirish qarori adolatsiz ekanligini ta’kidlaydi.
Facebook Forum