Tojikiston parlamenti quyi palatasi uchun 1-mart kuni oʻtgan saylovning ilk natijalari Markaziy saylov va referendum komissiyasi tomonidan eʼlon qilindi. Muxolifat norozi.
Komissiya raisi Baxtiyor Xudoyorzodaning 2-mart kuni matbuot anjumanida eʼlon qilishicha, ovoz berish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning 86 foizi saylovda qatnashdi.
Saylovda ishtirok etgan 4 million 929 ming 128 nafar saylovchilarning yarmidan koʻprogʻi Xalq demokratik partiyasiga ovoz berdi. Foizlar hisobiga olganda mamlakat Prezidenti rahbarlik qilayotgan hokim partiya umumiy ovozlarning 50,40 foizini qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrinda, Iqtisodiy islohotlar partiyasi boʻlib, 16,61 foiz ovozlarni qoʻlga kiritdi. Tojikiston Agrar partiyasi 16,50 foiz, Sotsialistik partiya 5,15 foiz, Demokratik partiya 5,10 foiz, Kommunistlar partiyasi 3,11 foiz va Sotsial-demokratik partiya 0,32 foiz ovozlarni qoʻlga kiritdi. Saylovda qatnashgan yetti siyosiy partiyadan ikkitasi: Kommunistik partiya va Sotsial-demokratik partiya besh foizlik toʻsiqdan oʻtolmadi.
Tojikiston Oliy majlisi Namoyandalar majlisidagi 63 oʻringa 41 nafar vakillar bir mandatli uchastkalardan va 22 nafar siyosiy partiyalar qoʻlga kiritgan ovozlar hisobidan kiradi.
Saylov natijalariga koʻra, partiyalar roʻyxati boʻyicha parlamentning quyi palatasiga 12 nafar Xalq demokratik partiyasidan, 4 nafar Iqtisodiy islohotlar partiyasidan, 4 nafar Agrar partiyadan, 1 nafar Sotsialistik partiyadan va 1 nafar Demokratik partiyadan vakil kiradi.
Markaziy saylov va referendum komissiyasi raisining aytishicha, 1,39 foiz saylovchilar yoki 52 ming 30 nafar “Barcha partiyalarga qarshi“ ovoz bergan.
Saylovda qonunchilik palatasidagi jami 63 oʻrin uchun 241 nafar nomzodlar kurashdi. Ulardan 176 nafari bir mandatli saylov okruglaridan 41 oʻrin uchun, 65 nafar partiyalar roʻyxati boʻyicha yagona butunrespublikaviy saylov okrugidan 22 oʻrin uchun bellashdi.
Partiyalar roʻyxati boʻyicha, Xalq demokratik partiyasidan 26 nomzod, Agrar partiyadan 13 nomzod, Iqtisodiy islohotlar partiyasidan 7 nomzod, Sotsial-demokratik partiyadan 5 nomzod, Sotsialistik partiyadan 5 nomzod, Kommunistik partiyadan 5 nomzod va Demokratik partiyadan 4 nomzod koʻrsatilgan edi.
Mamlakatda 3 ming 412ta va xorijdagi vatandoshlar uchun 39ta saylov uchastkalari tashkil etilgan edi.
Saylov natijalariga koʻra, Tojikiston siyosiy fazosida amal qiladigan 7ta partiyadan ikkitasi, Kommunistik va Sotsial-demokratik partiya parlamentga vakil kiritish imkonini beradigan ovoz yigʻa olmadi. Ammo Kommunistik partiya raisi Abdulloyev Miroj Salomovich Moʻminobod tumanidagi 38-raqamli bir mandatli saylov okrugidan va yana bir nafar kommunist bir mandatli saylov okrugidan Namoyandalar majlisiga vakil boʻlib saylandi va ikki nafar kommunistlar ham parlamentdan oʻrin oldi. Yagona Sotsial-demokratik partiyadan biror bir nomzod parlamentga vakil boʻlib kira olmadi.
Besh yil oldingi parlament saylovlaridan keyin Islom uygʻonish partiyasi faoliyati Oliy sud tomonidan taqiqlanib, Tojikiston siyosiy fazosidan chiqib ketganidan soʻng Sotsial-demokratik partiya murosasiz muxolif sifatida koʻrib kelinayotgan edi. Saylov oldidan partiya raisi Rahmatillo Zoyirov “Amerika ovozi“ bilan suhbat paytida sotsial-demokratlar joriy saylovda ilk bor parlamentga yoʻl olishi, hatto fraksiya tashkil qilishga harakat qilishini aytgan edi. 2-mart kuni Markaziy saylov va referendum komissiyasi raisi Baxtiyor Xudoyorzoda natijalarni eʼlon qilar ekan, Rahmatillo Zoyirov yigʻilish oʻrtasida zalni namoyishkorona tark etdi.
Sotsial-demokratik partiya raisining birinchi oʻrinbosari Shokirjon Hakimov yigʻilishdan soʻng saylov natijalaridan norozi ekanligini bayon etdi.
“Kommunistik partiyaning ikki vakili siyosiy rahbariyat bilan kelishgan holda bir mandatli saylov okruglaridan saylandi. Agrar va Iqtisodiy islohotlar partiyalaridan toʻrt kishidan partiya hisobidan oʻtdi. Bu ikki partiyaga fraksiya tashkil qilishi uchun bir yoki ikki kishidan bir mandatli saylov okruglaridan nomzod oʻtkazishiga imkon berildi. Afsuski, bizni oʻtkazishmadi. Turkmaniston va Belorusiya tajribasini takrorladilar. Ammo Oʻzbekistonning yetakchi tajribasini qoʻllamadilar. Bu tahlil qilish qobiliyati va siyosiy madaniyatu farosatning pastligidan dalolat beradi“ dedi Hakimov.
Huquqshunos professor Shokirjon Hakimovning aytishicha, eʼlon qilingan saylov natijalari haqiqatga mos kelmaydi.
“Biz Badaxshon viloyati va Xatlon viloyatining Koʻlob mintaqasi yetti-sakkiz tumani, Dushanbe atrofi shahar va tumanlari, Tursunzoda, Shahrinav, Hisor va Roʻdakiydan olgan maʼlumotlarimizga koʻra, ikkinchi oʻrinda edik va aqalli ikki-uch nafar vakillik oʻrniga yetarli zamina paydo boʻlgan edi. Ammo butun Tojikiston va xorijdan boʻlib bor-yoʻgʻi 13 ming nafar Sotsial-demokratik partiyasiga ovoz berganligi na voqeiy va na ilmiy asosga ega emas. Shuning uchun eʼtiroz bildiramiz“, deydi Hakimov.
Sotsial-demokratik partiya raisining birinchi oʻrinbosari Shokirjon Hakimov ham partiya raisi Rahmatillo Zoyirovning zaldan chiqib ketishi norozilik bayon etish boʻlganligini tasdiqladi. Ammo Sotsial-demokratik partiyasi saylov natijalari yuzasidan rasman eʼtiroz yozish-yozmasligini aniq ayta olmadi. Bu partiya yigʻilishida hal boʻlishini taʼkidladi.
Facebook Forum