Breaking News

Tojikiston Suriyadan fuqarolarini vatanga qaytaradi


Suriyada "Islomiy davlat"ga a'zo bo'lgan xorijliklarning yaqinlari saqlanayotgan lager
Suriyada "Islomiy davlat"ga a'zo bo'lgan xorijliklarning yaqinlari saqlanayotgan lager

Tojikiston hukumati Suriya lagerlarida saqlanayotgan 500 nafar fuqarolarini vatanga qaytarishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu haqda 18-fevral kuni mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin maʼlum qilgan.

“Tojikiston Suriyadagi fuqarolarini vatanga qaytaradi. Bizning maʼlumotlarga koʻra, Suriya lagerlarida 500 nafar Tojikiston fuqarolari saqlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Tojikistonga qaytish istagida boʻlganlar orasida 212 nafar ayollar va bolalar ham bor“, - dedi diplomat.

Vazirning aytishicha, bu masalada Tojikiston rahbariyati bir xulosaga kelgan va vatandoshlarni qaytarishga qaror qilgan. Ayni damda xorijliklar saqlanayotgan lagerlarni nazorat qilayotgan Suriya hukumati va Suriyadagi demokratik kuchlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

“Bizning Quvaytdagi elchixonamiz masʼullari Suriya tomoni bilan muloqot olib bormoqda. Shuningdek, UNICEF va Qizil Xoch qoʻmitasi bilan ham hamkorlik qilmoqdamiz. Ular Tojikiston fuqarolarini repatriatsiya va reabilitatsiya qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi“, - deya qoʻshimcha qildi Sirojiddin Muhriddin.

Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin
Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin

Tojikistonning Suriyada vaqtinchalik diplomatik korpusini ochish masalasi, vazirning aytishicha, oʻrganilyapti, biroq yakuniy xulosa qilingan emas.

Vatandoshlarni Tojikistonga qaytarish bo’yicha masʼuliyatni mamlakatning Quvaytdagi elchisi Zubaydullo Zubaydov oʻz zimmasiga olgan.

Oʻtgan yili Iroqda qamalgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlarini vatanga qaytarishda ham Tojikistonning Quvaytdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Zubaydullo Zubaydov muzokaralar olib borgan edi.

“43 nafar ayollardan 15 nafari bolalarini Tojikistonga yuborishga rozi boʻlmadi. Ular Tojikistonga qaytgan bilan qarindosh-urugʻlar qabul qilishmaydi. Hatto gaplashishni istashmaydi. Shuning uchun bolalarimizni vatanga joʻnatmaymiz, deyishdi. Biz ularga farzandlari vatanda xor boʻlmasligiga, agar yaqinlari qabul qilmasa, davlat oʻz qaramogʻiga olishiga vaʼda berdik. Bu prezidentning topshirigʻi. Agar qarindosh-urugʻi boʻlmasa yoki ular qabul qilmasa, davlat bor. Davlat ularni parvarish qiladi. Davlat rahbari bolalarda hech bir gunoh yoʻq, deya taʼkidladi“, - deya vaziyatni tushuntirgan edi Zubaydov avvalroq.

2019-yilning sentabr oyida BMTning Suriya boʻyicha tadqiqot komissiyasi Al-Hol lagerida 70 ming odam saqlanayotganligini, ularning aksariyati ayollar va 12 yoshgacha boʻlgan bolalardan iborat ekanligini maʼlum qilgan edi.

Al-Hol lagerida saqlanayotgan 28 yoshli tojik ayoli Zarnisor Tursunova bir necha kun avval matbuot orqali bayonot berdi.

“Bizga qiyin, tinimsiz yogʻingarchiliklardan soʻng chodirlarimiz nam yaroqsiz bo’lib qoladi. Bolalar kasal, shifokor va dori yoʻq. Ovqat juda ham qimmat. Oʻzlarni va bolalarni boqish uchun yurtdoshlarimiz kir yuvish va rus ayollarining chodirlarini tozalashga majbur boʻlmoqda. Kuchli boʻron tufayli bir necha chodir qulab tushdi. Bu yer juda sovuq, vaziyat juda ham fojiali”, — deydi Zarnisor.

Asli Tojikiston shimolidagi Isfara tumanidan boʻlgan bu ayolning besh nafar yosh bolasi bor. Uning aytishicha, 2016-yilda eri uni Suriyaga olib borgan. Erining oʻlimidan soʻng u kurd otryadlari qoʻliga asirga tushib qolgan. “Bizning bitta-yu bitta orzumiz – tezroq vatanga qaytish”, — deydi u.

Tojikiston davlat Milliy xavfsizlik qoʻmitasi eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, 2014-yildan buyon 1900 nafar tojikistonlik Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” safiga qoʻshilgan.

BMTning Suriya boʻyicha tadqiqot komissiyasi aʼzolaridan biri Paulo Pineyr koʻplab tashkilotga aʼzo davlatlarning aksariyati oʻz fuqarolarini, ayniqsa, 12–18 yosh oraligʻida boʻlgan bolalarni vataniga qaytarishni istamasligini aytgan. Bu ularning ekstremistik mafkurasi bilan bogʻliq ekaniga urg’u bergan.

Siyosatshunos olim Begali Sattorovga ko’ra, Suriyadagi fuqarolarni Tojikistonga olib kelish toʻgʻri qaror. Ammo masalaning nozik tomonlari ham bor.

“Tojikiston 90-yillarda fuqarolar urushi ortidan Afgʻonistonga qochib oʻtgan millionlab fuqarolarini ham vatanga qaytargan edi. Bu ishning boshida shaxsan mamlakat Prezidenti Emomali Rahmon turgan edi. Oʻsha paytda prezident “agar ularni hozir vatanga qaytarmasak, kelajakda ularning farzandlari ekstremist va terrorist boʻlib qaytib keladi“ degan edi. Bu amalidan keyin prezidentning obroʻ-eʼtibori mamlakat ichida ham, xalqaro maydonda ham ancha koʻtarilgan edi. Ammo Suriyadagi fuqarolarni qaytarishning nozik tomonlari koʻp. Ayniqsa, ulgʻayib kelayotgan bolalarning mafkurasiga yot gʻoyalar oʻrnashtirilgan boʻlishi mumkin. Shuning uchun ular maxsus eʼtibor talab qiladi. Ularni vatanga qaytarayotgan hukumat va xalqaro tashkilotlar bu ishni oxiriga yetkazishi, yaʼni ularga mamlakat ichkarisida yetarli sharoit yaratib berishi kerak. Ularni oʻz holiga tashlab qoʻymaslik, jamiyatga singib ketishi uchun barcha kerakli choralarni koʻrish kerak“, - deydi Sattorov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG