Breaking News

CPJ O’zbekistonga: Yolg’on xabar tarqatish jinoyat deb ko’rilmasligi kerak


Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) O’zbekistonda matbuotda yolg’on xabar tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik saqlab qolinganidan xavotir bildirmoqda.

“O’zbekiston hukumati matbuotda yolg’on xabar tarqatish ehtimolini jinoyat sifatida tasniflash amaliyotini to’xtatishi va jurnalistlarga biror hadiksiz, emin-erkin faoliyat yuritishga imkoniyat yaratib berishi kerak”, deyiladi qo’mita tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Ushbu bayonot O’zbekistonda matbuotda yolg’on xabar tarqatganlik, zo’ravonlikni targ’ib qilish uchun belgilangan qamoq jazosini jarima va axloq tuzatish ishlariga o’zgartirishga doir qonun ma’qullanishi ortidan kuzatilmoqda.

Qonun loyihasi 19-dekabr kuni Oliy Majlis tasdig’idan o’tgan, prezident tomonidan imzolanishi ortidan kuchga kiradi.

Yangi qonunda matbuot orqali tuhmat qilish, shaxs qadrini kamsituvchi, obro’sizlantiruvchi materiallarni tarqatish uchun javobgarlik yumshatilgan, amaldagi besh yilgacha bo’lgan qamoq jazosi uch yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etishga doir ma’muriy javobgarlik bilan o’zgartirilgan.

Ammo tasdiqlangan qonun loyihasiga ko’ra, matbuotda yolg’on xabarlar tarqatish takroran sodir etilgan taqdirda, aybdorga nisbatan 2 yilgacha qamoq jazosi belgilanishi mumkin.

Matbuotdagi yolg’on axborot orqali yetkazilgan zarar miqyosi yirik hisoblangan taqdirda qamoq muddati 3 yilgacha, yolg’on axborot tarqatish ommaviy tadbirlar, favqulodda vaziyatlarda kuzatilgan taqdirda 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Qonunchilikda matbuot orqali zo‘ravonlik, shafqatsizlik targ’ib etilishiga nisbatan jazo chorasi kuchaytirilgan, amaldagi jarima miqdori bir necha barobar oshirilgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi O’zbekistonda matbuotda yolg’on xabarlar tarqatish uchun jazo yumshatilishini olqishlab chiqqan, ammo buning jinoiy javobgarlik sifatida tasniflanishi so’z erkinligiga ham, bu boradagi islohotlar bilan tanilayotgan O’zbekiston nufuziga ham xizmat qilmasligini ta’kidlaydi.

“Agar O’zbekiston xalqaro hamjamiyatni demokratik davlatga aylanayotganiga ishontirmoqchi bo’lsa, matbuotda yolg’on xabar tarqatishga doir taklif etilayotgan qonunchilik o’zgarishlari bu holatda tasdiqlanmasligi kerak”, - deydi qo’mitaning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha muvofiqlashtiruvchisi Gulnoza Said.

O’zbekistondagi so’z erkinligiga doir vaziyat bungacha ham xalqaro darajadagi xavotirlar bilan kuzatilgan edi. Bu xavotirlarga hukumat mamlakatdagi o’nlab nashrlarni noto’g’ri, tekshirilmagan ma’lumotlar tarqatishda ayblashi, ularni jiddiy huquqiy oqibatlar bilan ogohlantirishi sabab bo’lgan edi.

Yaqinda O’zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) mamlakatdagi energetik muammolarni yoritgan, koronavirus ko’rsatkichlariga oid rasmiy raqamlarni shubha ostiga olgan nashrlarni aholiga noto’g’ri, yolg’on axborot tarqatishda ayblab chiqdi.

Mamlakatdagi nashrlar buni matbuotga bosim o’tkazish sifatida baholashgan. O’zbekistondagi bir qator elchixonalar, jumladan AQSh elchisi ham mamlakatda so’z erkinligi bosimga olinayotganidan xavotir bildirgan edi.

Bu ogohlantirishlar ortidan O’zbkistondagi bir qator vazirliklar, shuningdek, AOKA, diplomatik korpus vakillari ishtirokida so’z erkinligiga bag’ishlangan konferensiya o’tkazilgan edi.

Dekabr boshida o’tgan bu anjumanda muhokama qilinayotgan mazkur qonun loyihasi mamlakatda so’z erkinligini ta’minlashdagi navbatdagi islohotlardan biri sifatida taqdim qilingan.

So’z erkinligi bo’yicha xalqaro tashkilotlar bildirayotgan xavotirlardan kelib chiqilsa, bunday emas, qonunning bu tariqa kuchga kiritilishi, xususan ehtimoliy yolg’on xabarlar tarqashi uchun jurnalistlarni jinoiy javobgarlikdan xoli etmaslik ularning faoliyatini, so’z erkinligi taqdirini ham xavotirli qiladi.

O’zbekistonda jurnalistlarni, blogerlarni yolg’on, asossiz, tasdiqlanmagan xabarlar tarqatishda ayblash, buning asosida ularni ma’muriy javobgarlikka tortish ayniqsa pandemiya bois karantin choralari joriy etilgan davrda ko’p kuzatildi.

Keyinchalik karantin holatida yolg’on xabarlar tarqatganlik, aholi o’rtasida vahima qo’zg’atish, epidemiya nazorati bilan bog’liq tartib-qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik keskin kuchaytirilgan qonun kuchga kirgan edi.

O’zbekistonda so’z erkinligi bilan bog’liq so’nggi vaziyat “eski O’zbekiston” qiyosini yuzaga chiqarayotgani kuzatiladi. Bu ibora AOKA o’nlab nashrlarga yo’llagan ogohlantirishlari ortidan paydo bo’ldi.

Ko’pchilik bu ogohlantirishlarda o’z vazifasini matbuotni nazorat qilish deb bilgan, hamon Karimov davriga xos tushunchalar bilan ishlashda davom etayotgan sgentlik rahbarini ayblab chiqdi.

Ammo mustaqil jurnalist Ulug’bek Ashur matbuotdagi nisbiy uyg’onishlarni, ijtimoiy muammolarni yoritishda ilg’orlik ko’rsatayotgan nashrlarni bir qadar bosib qo’yish tashabbusi bevosita mamlakat rahbariyati darajasida qabul qilinganini taxmin qiladi.

Unga ko’ra, mamlakat ijtimoiy hayotida muammolar jiddiy keskinlashishi matbuot ustidan nazoratni kuchaytirish qarori bilan kuzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG