O’zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining matbuotga bosimi ortida Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig’i turgani haqidagi qarashlar yuzaga chiqmoqda.
Mustaqil jurnalistlarning hokimiyat doirasiga yaqin manbalardan olgan bu ma’lumotiga tayanilsa, hukumat energetik inqiroz bilan bog’liq vaziyat, aholidagi noroziliklar, ijtimoiy tarmoqlardagi keskin tanqidlardan jiddiy xavotirga tushgan. Bu xavotirlar esa muammo sababchilarini emas, muammo haqida gapirganlarni jazolashga aylangan.
AOKA tomonidan OAVga huquqiy oqibatlar haqida ogohlantirish berilishi jamoatchilikda jiddiy aks-sado berdi, mamlakatdagi diplomatik korpuslar ham bu vaziyatdan chetda qolishgani yo’q.
28-noyabr kuni AQSh elchisi Daniel Rozenblyum AOKAning islohotlarga zid bo’lgan bu qarori hafsalani pir qilgani haqida yozdi. O'tgan hafta Germaniya va Britaniya elchilari hamda BMT vakili ham so’z va matbuot erkinligi haqida yozib, mamlakatdagi hozirgi vaziyatni salbiy baholab chiqishgan edi.
Xorijdagi o’zbek jurnalistlaridan biri Ulug’bek Ashurga ko’ra, AOKAning matbuotga nisbatan ogohlantirishlari prezident Mirziyoyevning ko’rsatmasiga muvofiq qabul qilingani haqida ma’lumotlar bor.
Jurnalist nazarida bu gumonlarga barham berish uchun Mirziyoyevning o’zi bayonot berishi, AOKA rahbari Asadjon Xo'jayev esa lavozimdan olinishi kerak.
Oktabr va noyabr oylarida qator saytlar va OAVlarga yuborilgan ogohlantirish xatlari jamoatchilikda jiddiy munozara qo’shg’ashi ortidan AOKA rasmiy izoh berdi.
Agentlikka ko'ra, bu organ axborot siyosatini ishlab chiqish, shuningdek, matbuotda qonun talablariga rioya etmaslik holatlari yuzasidan ogohlantirish berish vakolatiga ega.
Agentlik jurnalistlar va davlat idoralari o’rtasida ochiq muloqot tashkil etishga tayyor, mamlakatda so’z erkinligi va ommaviy axborot vositalari rivojlanishini kafolatlaydi, deyiladi bayonotda.
Facebook Forum