Breaking News

AQSh: Mirziyoyev demokratik lider bo'la oladimi?


Chapdan, AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Jonatan Henik, Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Din Tompson va Toshkentdagi elchi Daniel Rozenblum O'zbekiston bilan yillik maslahatlashuvda, Vashington, 20-noyabr, 2020
Chapdan, AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Jonatan Henik, Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Din Tompson va Toshkentdagi elchi Daniel Rozenblum O'zbekiston bilan yillik maslahatlashuvda, Vashington, 20-noyabr, 2020

O'zbekiston va AQSh, strategik sheriklar, Vashingtonda yillik maslahatlashuv o'tkazar ekan, "Amerika Ovozi" Vashingtonning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh rasmiysini suhbatga tortdi. Jonatan Henik (Jonathan Henick) Davlat departamentida region bilan aloqalarga, xususan O'zbekiston bilan hamkorlikka bosh-qosh.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Janob Henik, biz bilan muloqot qilayotganingiz uchun tashakkur.

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Taklif uchun sizga rahmat!

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Ikki tomonlama yillik maslahatlashuv - muhim yig'in, lekin nega aynan hozir o'tkazildi?` Tramp ma'muriyatining muddati tugab, Amerika yanvar oyida yangi prezident inauguratsiyasiga hozirlanayotgan bir paytda?

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Aslida bilasizmi, Navbahor, ikki tomonlama yillik maslahatlashuv o'tgan mart oyida o'tishi kerak edi. Ammo pandemiya sabab kechikdi. Pandemiya davom etgani uchun ancha kutdik. Biroq bu aloqalarda muhim rol o'ynaydigan tadbir. Shu bois Vashingtonda shu kunlarda o'tkazishga qaror qildik. Mamnunmiz.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Rahbariyat yangilanayotganida odatda o'zgarish va davomiylik tushunchalariga e'tibor oshadi. O'zbekistonga nisbatan, masalan, nima o'zgarishi mumkin? Xalqaro hamjamiyat va xususan O'zbekiston xalqi Amerikada ma'muriyat o'zgarishidan qanday burilishlar kutishi mumkin? Nima o'zidek qoladi, nima yangilanadi?

"... men ishonib ayta olamanki, ma'muriyat o'zgarishi bilan O'zbekistonga va umuman Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuv o'zgarmaydi".

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Men albatta hozir sizga, Navbahor, yangi ma'muriyat uni yoki buni qiladi deb aniq aytolmayman. Lekin Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyamiz uzoq muddatni ko'zlovchi, ancha yillardan beri ham demokratlar, ham respublikachi rahbariyatlar tomonidan mustahkamlangan siyosatni aks ettiradi. U davomiylikka asoslangan. Kongress a'zolari bilan birgalikda, har ikki partiya a'zolari quvvatlagan holda qabul qilingan strategiya bu. Shuning uchun, men ishonib ayta olamanki, ma'muriyat o'zgarishi bilan O'zbekistonga va umuman Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuv o'zgarmaydi. Aniq maqsadlarimiz yo'lida davom etaveramiz.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Ikki tomonlama yillik maslahatlashuv qanday kechadi odatda? Muxlislarimizga tasvirlab bering. Ular yo'lga qo'yilganiga 10 yildan oshdi. Bu bir kunlik tadbir, shundaymi? Kimlar qatnashadi, aynan qay sohalar muhokama qilinadi?

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Ha, ikki tomonlama yillik maslahatlashuv bir kun vaqt oladi. Bir necha qismdan iborat. Siyosiy hamkorlik muhokama qilinadi. Yana bir sessiyada esa iqtisodiy hamkorlik. Yana birida xavfsizlik va boshqasida inson manfaatlari bilan bog'liq masalalalar. Ikki davlat orasidagi barcha yo'nalishlar birma-bir ko'rib chiqiladi. Har ikki davlatdan yuqori darajali rasmiylar, xususan vazirlar va ma'muriyat a'zolari qatnashadi. Bu yil, bilasiz, O'zbekistondan Tashqi ishlar vaziri [Abdulaziz] Komilov boshchiligida delegatsiya keldi. Biz tomondan esa maslahatlashuvga Janubiy va Markaziy Osiyo byurosi rahbari Din Tompson yetakchilik qildi. Va albatta, hukumatimizning boshqa yuqori lavozimli a'zolari ishtirok etdi.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Nohukumat tashkilotlar va xususiy sektordan ham vakillar qatnashadimi? Ularga ham joy bormi bu muloqotda?

"Fuqaro jamiyati bilan gaplashamiz. Turli sohalarning vakillari bilan suhbatlashamiz. Chunki bunday muloqotlar aloqalarimizni mustahkamlash uchun nihoyatda muhim".

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Juda o'rinli savol. Ikki tomonlama yillik maslahatlashuv odatda hukumatlararo majlis. Lekin biz Toshkentga borganimizda yo O'zbekiston tomon Vashingtonga kelganida, maslahatlashuv bahona boshqa tegishli taraflar bilan muloqot qilamiz. Tashqi ishlar vaziri Komilov va u bilan kelgan mehmonlar Kongress, vazirliklarimiz va Amerika kompaniyalarida uchrashuvlar o'tkazdi. Kun tartibi juda qizg'in. Doim shunday. Biz ham Markaziy Osiyoga borganimizda, shunday. Fuqaro jamiyati bilan gaplashamiz. Turli sohalarning vakillari bilan suhbatlashamiz. Chunki bunday muloqotlar aloqalarimizni mustahkamlash uchun nihoyatda muhim.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

O'zbekiston tomonning bizga aytishicha, ular uchun muhokamadagi har bir masala dolzarb. Ular sizning strategiya va prioritetlar bilan tanish, albatta. Lekin hozir Afg'oniston birlamchi mavzu, shunday emasmi? Afg'oniston yuzasidan hamkorlik va yaqin kelajakda u yerda nima bo'lishi.

"Markaziy Osiyodagi manfaatlarimiz birlamchi. Va ular faqat Afg'oniston bilan bog'liq emas".

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Afg'onistondagi vaziyat, shubhasiz, dolzarb. Lekin dolzarblikda yagona emas. Biz mintaqaga nisbatan strategiyamizda ham aniq belgilaganmiz, Markaziy Osiyodagi manfaatlarimiz birlamchi. Va ular faqat Afg'oniston bilan bog'liq emas. Afg'onistonda nima bo'lishi O'zbekiston va qo'shni davlatlarga bevosita ta'sir qiladi. Afg'onistonda tinchlikka erisha olsak, bu mamlakat barqarorlashsa, Markaziy Osiyo va Afg'onistonning o'zi ulkan foyda ko'radi. Iqtisodiy imkoniyatlar ochiladi. Shunday ekan, bu masalalar muhokamada. Biz tinchlik zarurati yuzasidan hamfikrmiz. Tinchlik muzokaralari borasida yakdilmiz. Farovon kelajak uchun Markaziy Osiyo o'zaro bog'lanishi kerakligini birdek tushunamiz va tan olamiz.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Yaqinda Atlantika kengashida O'zbekiston senatori Sodiq Safoyev bilan davra suhbatida, ikkalangiz ko'p jihatdan o'xshash xulosada ekaningizga guvoh bo'ldik. O'zbekistonda Mirziyoyev ma'muriyati o'z yutuqlarini qanday sarhisob qilayotgan bo'lsa, siz ham bu xulosalarga qo'shildingiz. Yo orada biror farq bormi? O'zbekiston hukumati o'z ishlarini qanday baholayotgani va siz ularga qanday qarashingiz orasida? Nimani boshqacha ko'rasiz?

"... bizning nazarimizda hali qilinishi kerak bo'lgan ishlar juda ko'p. Buni O'zbekiston hukumati tan oladi va bizning xulosalarimizga qo'shiladi. Nimaga qancha vaqt ichida erishish mumkinligi yuzasidan farqli fikrda bo'lishimiz mumkin".

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Katta farq yo'q deb o'ylayman. Biz O'zbekistonda o'tgan yillarda muhim yangiliklar yuz berdi deb hisoblaymiz. Xususan, siyosiy mahbuslarning ozod etilishi, diniy tashkilotlarning registratsiya qilinishi, jumladan cherkovlarning, shuningdek, e'tiqod bilan bog'liq qonunlar qayta ko'rib chiqilishi, majburiy mehnatga qarshi kurash. Axborot maydonida va matbuot erkinligi bilan bog'liq ijobiy o'zgarishlarni ham kuzatdik. Shu bilan birga, bizning nazarimizda hali qilinishi kerak bo'lgan ishlar juda ko'p. Buni O'zbekiston hukumati tan oladi va bizning xulosalarimizga qo'shiladi. Nimaga qancha vaqt ichida erishish mumkinligi yuzasidan farqli fikrda bo'lishimiz mumkin. O'zbekiston qay sohada dadilroq qadam tashlashi mumkinligi va nimalarni yuqori o'ringa qo'yishi lozimligi borasida, masalan. Biroq, umuman olganda, nima qilmoq zarurligi va hozirgacha nimaga erishilgani xususida xulosalarimiz bir-biriga yaqin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

O'zbekiston rasmiylari eng ko'p aytadigan gaplardan biri: "Bizga vaqt kerak". "Hozirgidan tezroq harakat qila olmaymiz", deyishadi, islohotlar sur'ati tanqid qilinganida yoki jarayon sust deya baholanganida. Vashingtonda oldin "strategik toqat" haqida tez-tez eshitib turar edik, xususan Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekistondagi jarayonlarga nisbatan, Amerika qanchalik sabr bilan yondasha olishi mumkinligi haqida gap ketganida. Hukumatda hali ham shu tushuncha bormi? "Strategik toqat". Biror masala yechimi, biror yo'nalishda progress bo'lishi uchun vaqt berasizmi? Masalan, huquq bilan bog'liq muammolarda?

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Men o'zim bu jumlani qo'llamayman. Lekin, masalan, iqtisodiy islohotlarga qarasak, O'zbekiston xorijiy sarmoyani jalb qilishni o'zi uchun eng muhim vazifalardan biri deb belgilagan. Biz buni olqishlaymiz, ammo buning uchun qattiq ishlash zarur. Intellektual mulk himoyasi, mustaqil adliya, sarmoyadorlarning huquqlari himoyasi, biznes va qo'shma korxonalar ochishni yengillashtirish... Muhitni yaxshilash vaqt olishi aniq. Buni tushunamiz, biroq harakatni bo'shashtirmaslikka undaymiz.

"O'zbekiston fuqarolari erkinlik istaydi. Fikr erkinligi, so'z erkinligi, siyosiy rahbarlarni tanlash erkinligi... Tizim shunga qarab harakat qilishini xohlaydi".

Inson huquqlari va siyosiy islohotlarga kelganda ham shu. Biz O'zbekiston hukumatiga, hamkorlarimizga tushuntirganmiz: bu islohotlar O'zbekiston siyosiy barqarorligi uchun zarur. Ham jadal, ham effektiv harakat qilmoq lozim. Prioritetlar yuzasidan fikrimiz turlicha bo'lishi mumkin. Islohotlar sur'ati yuzasidan turlicha qarashdadirmiz, ammo bir narsa aniq: O'zbekiston fuqarolari erkinlik istaydi. Fikr erkinligi, so'z erkinligi, siyosiy rahbarlarni tanlash erkinligi, hukumat xalq oldida javobgar bo'lishini istaydi, mas'uliyatli rahbarlarni istaydi. Fuqaro buni hozir istaydi, uzoq kutishni xohlamaydi. Tizim shunga qarab harakat qilishini xohlaydi.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Biz AQSh-O'zbekiston aloqalarini yoritar ekanmiz, janob Henik, muxlislarimiz o'z fikrlarini bildirishadi. O'zbekistondan yoziladigan mulohazalarda ayniqsa odamlar rasmiy uchrashuv va muloqotlarga umid bilan qaramaydi. Amerika bizning real hayotimiz, biz yuzlashayotgan muammolar haqida nima ham bilar edi, deyishadi. Masalan, hozir qahraton qish va O'zbekistonning katta qismi elektr toki va tabiiy gazsiz yashamoqda. Bu tizimlar eski, hali isloh qilinmagan. Xalq esa ayni damda juda qiynalmoqda. Shunday ekan, biz bu maslahatlashuv va dialoglar haqida xabar berganimizda, jamoatchilikning ko'p jihatdan ensasi qotadi. Ijtimoiy tarmoqlarda, masalan, so'rashyapti: "Amerikaga bizning turmushimiz, real O'zbekiston qanchalik muhim"? Amerika biladimi asl holat haqida?

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Sizga ochig'ini aytaman, Navbahor, O'zbekiston Amerika Qo'shma Shtatlari ahli nazarida olisdagi bir yurt. Aksariyat amerikaliklar bu davlat haqida juda oz biladi. Lekin o'tgan ikki o'n yillikda ko'proq taniy boshladi. O'zbekiston mustaqil respublika sifatida rivojlanar ekan, hamyurtlarimiz uni o'rgana boshlashdi.

Qadim ipak yo'llaridagi shaharlari, ajoyib madaniyati, milliy taomlari, madaniy merosi, turistik potensiali... O'zbekiston haqida ko'proq bilishni istagan, unga qiziqqan amerikaliklarni har kuni uchrataman. O'zbekistonga borib kelganlar ko'paygan yoki u yerga oshiqayotgan amerikaliklar.

Pirovardida bu masalalar yechimi O'zbekiston xalqi va O'zbekiston hukumati zimmasida. Biz O'zbekistonga kuchli sherik va hamkor bo'la olamiz.

Biroq, siz so'rayotganingizdek, O'zbekiston ahlining kundalik muammolari naqadar og'ir ekanini to'liq bilamiz va tushunamiz, deyolmayman. Ikki davlat orasidagi hamkorlik bu mashaqqatlarga barham beradi, deya va'da ham bermaymiz.

Pirovardida bu masalalar yechimi O'zbekiston xalqi va O'zbekiston hukumati zimmasida. Biz O'zbekistonga kuchli sherik va hamkor bo'la olamiz. Masalan, koronavirus pandemiyasi davrida qo'ldan kelgancha yordam berdik. Insonparvarlik ko'magi ko'rsatdik. Taraqqiyot yo'lida ko'proq mablag' ajratayapmiz. Sog'liqni saqlash tizimi uchun o'tgan 20 yil bilan qiyoslaganda, yordamni ikki karra oshirdik. Bilamizki, Amerika xalqi singari bu virusdan O'zbekistonda ham odamlar qiynalmoqda.

Oramizdagi rishtalar O'zbekistondagi tub muammolarni bevosita yengadi, deb hech qachon da'vo qilmaymiz. Lekin uzoq muddatda, AQSh bilan hamkorlik chuqurlashib, kengaygani sari O'zbekistonning iqtisodiy va siyosiy ravnaqi uchun hissa qo'shishimizga, unga madad ko'rsatishimizga ishonamiz.

AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh rasmiysi Jonatan Henik "Amerika Ovozi" bilan suhbatda
AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh rasmiysi Jonatan Henik "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Rahmat, janob Henik. Yana bir savol... O'tgan yillar ichida Prezident Mirziyoyevga nisbatan berilgan ta'riflarga qarasak, Vashington, masalan, uni islohotlarga moyil lider deganini eshitdik. Shuningdek, Amerika Mirziyoyevni islohotchi rahbar deb ataganiga guvoh bo'ldik. Siz yaqinda Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi dinamikani yangilashda "instrumental", ya'ni hal qiluvchi rol o'ynagan prezident, dedingiz. Ammo shu kungacha hech kim uni ta'riflashda "demokratiya" so'zi ishlatmadi. Mirziyoyev demokratik yoki demokratiyaga moyil prezident deya baholanishi uchun nima qilmog'i zarur?

"O'zbekiston haqiqatdan ham demokratik yo'lga tushgani va qaytmoqchi emasligiga ishonch hosil qilish uchun parlament kuchayishi zarur... Siyosiy partiyalar taraqqiy etishi kerak".

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Prezident Mirziyoyev ayniqsa o'tgan ikki yil mobaynida qilingan islohotlar uchun yuksak e'tirofga munosib. Yuqorida qayd etganimdek, qator jabhalarda ulkan progressga guvoh bo'ldik. Lekin hali yana ko'p qadamlar tashlanishi kerak. Bizning nazarimizda, O'zbekiston haqiqatan demokratik yo'lga tushgani va qaytmoqchi emasligiga ishonch hosil qilish uchun parlament, qonunchilik organi, kuchayishi zarur. Bu organ qudratli nazorat tizimi bo'lishi kerak. Siyosiy partiyalar taraqqiy etishi kerak. Ularning ro'yxatga olinishi, erkin faoliyat yuritishi uchun zamin hozirlanishi kerak. Siyosatga kiraman degan fuqarolar uchun yo'l ochilishi kerak. Ularning qarash va yondashuvlari Prezident Mirziyoyevnikiga o'xshamasligi mumkin. O'zbekiston fuqarolari saylovga chiqqanida, davlatni kimga topshirishni tanlay olishlari kerak. Amerika va boshqa demokratik jamiyatlarning a'zolari singari ular ham bu erkinlikdan bahramand bo'lishi lozim. Bunga bir pasda erishilmaydi. Tan olamiz va tushunamiz. O'zbekistonga bu borada yordamlashamiz va mana shunday progress sari quvvatlayveramiz.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Va siz bu masalalarni O'zbekiston bilan muhokama qilayapsiz?

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Albatta.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Katta rahmat suhbat uchun!

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Bajonidil.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Vaqtingiz uchun rahmat, janob Henik.

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Sizga rahmat, Navbahor. Ajoyib faoliyatingiz uchun. Iltimos, davom eting. AQShdagi va O'zbekistondagi muhim jarayonlarni yoritishda rolingiz nihoyatda muhim.

Navbahor Imamova, 'Amerika Ovozi":

Qo'ldan kelgancha harakatdamiz, rahmat!

Jonatan Henik, AQSh Davlat departamenti:

Sog' bo'ling!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG