Breaking News

O'zbekiston, AQSh vazirlari Pentagonda muloqot qildi


Bugun AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan Pentagonga O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tashrif buyurdi. Harbiylar ishtirokidagi rasmiy kutib olish marosimidan keyin Komilov AQSh muvaqqat Mudofaa vaziri Kris Miller bilan bir soatdan oshiq muloqot qildi.

Pentagonga ko'ra, O'zbekiston - AQShning ishongan strategik sherigi.

Xavfsizlik yuzasidan hamkorlik Vashington va Toshkent uchun birdek yuksak ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Pentagon, 19-noyabr, 2020
Pentagon, 19-noyabr, 2020

Tramp ma'muriyati yaqin kelajakda Afg'onistondagi qo'shinlar sonini yanada kamaytirish harakatida ekan, Miller Komilovga bu mamlakatda tinchlikka erishish yo'lida qo'shayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirgan.

Millerning ta'kidlashicha, Pentagon Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'ymaydi. Amerika bu davlatni rivojlantirish, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiy etishida yordamlashishga bel bog'lagan.

Mudofaa vaziri, shuningdek, Afg'oniston endilikda Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlarda ishtirok etayotganini olqishlagan.

Afg'onistonda barqarorlik barham topishi uchun qurol emas, muzokara ish beradi, degan mazmundagi bayonotlar yangragan.

AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Vashington, 19-noyabr, 2020
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod va O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Vashington, 19-noyabr, 2020

Komilov Vashingtonda AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod bilan ham uchrashgan. O'zbekiston elchixonasida kechgan muloqotda afg'on siyosiy guruhlari orasida ketayotgan muzokaralar qay nuqtada ekani va tinchlik uchun nima qilmoq zarurligi borasida so'z kechgan.

Halilzod deydiki, Afg'onistonda totuvlik bo'lsa, nafaqat bu yurt, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va Pokiston uchun misli ko'rilmagan iqtisodiy imkoniyatlar ochiladi.

AQSh diplomatining bayon qilishicha, O'zbekiston, AQSh, Pokiston va Afg'oniston yaqin orada regional fond tashkil etib, savdo tizimlarini yaratish va taraqqiyot uchun yangi loyihalar boshlaydi.

Pentagon, 19-noyabr, 2020
Pentagon, 19-noyabr, 2020

Komilov va Miller muloqotida muhokama qilingan yana bir mavzu: O'zbekiston mudofaa tizimlarini zamonaviylashtirish. Amerika bu borada ko'maklashishda davom etadi.

Kontrterrorizm, chegara xavfsizligini ta'minlash va harbiy sektorning salohiyatini oshirishda ham ikki davlat hamkorlikni davom ettiradi.

O'zbekiston uchun Afg'oniston bugunga kelib Markaziy Osiyoning bir qismi ekan, Komilov AQShning mintaqadagi rolini yuqori baholagan.

Millerning aytishicha, O'zbekiston suvereniteti va mustaqilligini quvvatlash - AQShning strategik maqsadlaridan biri. 2020-yilning boshida yangilangan strategiyada Markaziy Osiyoning har bir davlatiga nisbatan shunday yondashish belgilangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG