O'zbekistonning AQSh va Kanadadagi elchixonasi respublika mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan virtual tadbir o'tkazib, amerikaliklar va vatandoshlarni taklif qildi. Marosim ijtimoiy tarmoqlarda jonli tomosha qilindi.
Mustaqillik tantanalari har yili elchixonaning o'zida yoki Vashingtonning biror yirik dargohida o'tar edi. Elchi Javlon Vahobovning aytishicha, koronavirus davrida bunday tadbirlar o'tkazish qiyin ekan, elchixona virtual imkoniyatlarni ishga solib, bayramni hamma onlayn o'tkazishga qaror qildi. Rasmiylar, ishbilarmonlar, harbiylar va qonunchilar ketidan san'atkorlarga ham mikrofon berildi, jumladan, Sevara Nazarxon kuyladi.
AQSh va O'zbekiston madhiyasidan keyin so'z olgan elchi ikki davlat orasidagi aloqalar har doimgidak mustahkam, diplomatik, iqtisodiy va harbiy rishtalar tobora jadal, deya qayd etdi.
"Amerikaning yirik kompaniyalari O'zbekistonga sarmoya qilmoqda va qilishga intilmoqda. Mamlakatimiz biznes uchun ochiq", - dedi elchi.
Vahobovga ko'ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning mayida Vashingtonga kelib ketganidan beri hamkorlik tamoman yangi bosqichga kirib, xavfsizlik, mintaqaviy masalalar, iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan va ta'lim, madaniyat va san'at bobida tomonlar yanada yaqindan ishlay boshladi.
O'zbekistonning AQShdagi elchisi respublikaning Kanadadagi bosh diplomati hamdir.
"Dunyoning bu tarafida biz uchun yana bir muhim davlat Kanadadir va davlatimiz u bilan ham hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda", - deydi Vahobov.
Kanada bizneslari O'zbekistonda investitsiya qilishga jalb qilinmoqda, xususan, konchilik, qishloq xo'jaligi va texnologiya sohalariga. Elchiga ko'ra, yaqin kelajakda bu borada dadil qadamlar qo'yiladi.
Mustaqillik tadbirida, har doimgidek, e'tibor ijobiy o'zgarishlarda bo'ldi. Bunday tadbirlarda, odatda, muammolar muhokama qilinmaydi.
Biroq Amerika va Kanada tomondan kim so'zlamasin, o'z tabrigida O'zbekistondagi islohotlardan umidvor ekani va quvvatlov aynan shunga asoslanganiga urg'u berdi.
Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyo byurosining yangi rahbari Din Tompson (Dean Thompson) deydiki, Toshkent va Vashington bir-birini deyarli 30 yildan beri biladi, o'ziga xos tajriba va tarixga ega.
"O'zbekiston pandemiya davrida nafaqat o'zi uchun kurashdi, balki qo'shnilarga ham yordam qo'lini cho'zdi, xususan, Afg'onistonga", - deydi Tompson.
C5+1 formatidagi hamkorlik doirasida Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSh mintaqaviy masalalar yuzasidan birdam bo'lishni xohlaydi, deydi AQSh rasmiysi. O'tgan bir yil ichida tashqi ishlar vazirlari uch marta yig'ilib, o'z tashabbuslarini olg'a surdi va har bir davlat muammolarga qanday yechimlari borligini tushuntirdi. Vashington nazarida, mana shunday muntazam muloqot orqali nafaqat hukumatlar, balki xalqlar ham yaqinlashishi kerak.
Amerika uchun hamkorlik rasmiyatchilikdan iborat emas, deydi diplomatlar, davlatlarni odamlar bog'laydi. Shunday ekan, xalqlar bir-birini taniy olishi, o'rganishi uchun imkoniyatlar ochilishi kerak. Shu bois ham Vashington almashinuv dasturlarini moliyalaydi.
Bugun Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi ham O'zbekistonni mustaqillik bilan qutlab, tvit orqali respublika qurolli kuchlariga o'z tabrigini izhor etdi.
"Markaziy Osiyo barqarorligi va farovonligi yo'lida mintaqada yetakchilik qilishayotganini va davlalatlarimiz orasidagi aloqalarni qadrlaymiz", - deyiladi unda.
AQSh Vakillar palatasining respublikachi a'zosi Trent Kelli O'zbekistonga mehri va qiziqishi baland ekanini aytar ekan, "davlatimiz sizni quvvatlashda davom etadi", dedi.
"Mirziyoyev islohotlar qilib, o'z davlatini yangi bir davrga olib kirdi va qiyinchiliklarga qaramay faqat oldinga initlmoqda", - deydi Mississippi shtatidan saylangan qonunchi.
Kongressdagi O'zbekiston kengashining yana bir a'zosi Don Bekon fikricha, 29 yil oldin SSSR barham topib, O'zbekiston singari o'lkalar mustaqillikka erishgani dunyo uchun tarixiy g'alaba va yutuq bo'lgan.
Suveren, mustaqil va erkin davlatlarga aylanish uchun O'zbekiston murakkab va mardona yo'lni tanlagan, deydi Bekon. Respublikachining aytishicha, Amerika hamisha O'zbekiston suverenitetini quvvatlaydi.
"Islohotlar boshlab to'g'ril qildingiz va bu yo'lda davom etishingiz nihoyatda muhim", - deydi Bekon.
AQSh general-mayori Jenson Boylz O'zbekiston bilan harbiy hamkor Mississippi shtatidan turib gapirar ekan, 2018-yilda strategik sheriklik yangilangani aloqani yanada jonlantirib, treninglar va o'zaro mashg'ulotlar jadallashdi, dedi.
Vashington meri Muriyel Bauzer nomidan gapirgan rasmiy Kimberli Bassett deydiki, 1-sentabr bugundan boshlab, AQSh poytaxtida O'zbekiston kuni deb belgilandi. Shahar O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor, deydi Bassett.
Buxoro bilan birodar Santa-Fe shahrida bu yilgi san'at va hunarmandchilik yarmarkalari bekor qilindi. Amerikaning bu qismidagi madaniy hamkorlar Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolov koronavirusdan olamdan o'tgani yuzasidan O'zbekiston xalqiga hamdardlik bildirdi.
Amerika-O'zbekiston Tijorat palatasi raisi Karolin Lamm deydiki, AQSh xususiy sektorida respublikaga qiziqish yuqori va koronavirus sarmoya sari harakatlarni to'xtatmadi.
"Prezident Mirziyoyevning pandemiyaga nisbatan qarorlarini, xususan, bizneslar ravnaqi uchun ko'rilgan choralarni olqishlaymiz', - deydi Lamm.
Hozirgidek sinovlar bizneslarni yangicha o'ylashga, yangicha tadbirkorlikka undaydi, Amerika ishbilarmonlari shu yo'ldan bormoqda, dedi palata raisi.
"Amerika-O'zbekiston Tijorat palatasi O'zbekistonning abadiy do'sti va hamkori", - dedi Lamm.
"Silverleafe Capital Partners" sarmoya menejmenti kompaniyasi rahbari Den Patterson O'zbekistondan so'zlar ekan, xalq murakkab davrlarni boshdan kechirib kelmoqda va muammolarga qaramasdan oldinga intilmoqda, deya e'tirof etdi.
Patterson deydiki, may oyida Sirdaryoda o'pirilgan Sardoba to'g'oni uning kompaniyasi Jizzaxda olib borayotgan loyihalardan uzoq emas. Amerikalik tadbirkor mamlakatdagi vaziyatni yaxshi tushunishini, O'zbekiston ahli u singari xorijlik ishbilarmonlarni olqishlashini aytdi.
Kanada hukumati va xalqi nomidan so'zlagan Rob Olifant o'tgan yillarda Toshkent va Ottava o'rtasida yuqori darajada muloqot yo'lga qo'yilganini aytdi.
Oradagi savdo katta emas, lekin ikki marotaba kengaydi, deydi Olifant. Elchi Javlon Vahobovning roli beqiyos, deydi Kanada rasmiysi.
"Kanada kompaniyalari O'zbekistondagi islohotlarga qiziqish bilan qaraydi, kuzatmoqda va imkoniyatlarni o'rganmoqda."
"O'zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va demokratik islohotlar samara berishini xohlaymiz. Biz respublikaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirishini quvvatlaymiz va yordam beramiz", - dedi Olifant.
Koronavirus pandemiyasidan chiqishda ham tomonlar hamkorlik qiladi, deydi rasmiy.
Kanada parlamenti a'zosi, bu organda O'zbekiston do'stlik kengashi raisi Ziad Abultaif fikricha, respublika Markaziy Osiyoning markazidir. Abultaif o'lkaning ko'hna tarixi va boy madaniyatiga mahliyo siyosatchi, 2019-yilda parlament saylovlarini kuzatgan. Uningcha, O'zbekistonda islohotlar jiddiy va ulkan o'zgarishlar qilish uchun potensial mavjud. O'zbekiston yanayam ochiq, yanayam zamonaviy davlat bo'la oladi, deydi Kanada qonunchisi.
Tabriklar va murojaatlar ketidan elchi Vahobov mustaqilik ayyomi arafasida Prezident Mirziyoyev mukofotlagan amerikaliklarga yorliqlarni topshirdi.
Bu yil berilgan "Do'stlik" ordeni sovrindorlaridan biri Elis Uells, AQSh Davlat departamentning sobiq rasmiysi, minnatdorchilik bildirar ekan, O'zbekiston - bugun Amerika bilan haqiqiy serqirra hamkorlikka ega davlat, dedi.
"Xalqlarimiz orasidagi yaqinlikdan tortib, harbiy va siyosiy hamjihatlikkacha, shu kungacha qilingan ishlar va olib borilgan harakatlarni vijdonan baholasak, ikki mamlakat real sherikdir", - dedi Uells.
Abdulla Qodiriyning "O'tgan kunlar" romanini ingliz tiliga tarjima qilgan Mark Ris deydiki, unga berilgan "Do'stlik" ordeni aslida O'zbekiston xalqiga berilgan mukofot.
"Men Arizona shtatidan O'zbekistonga ilk bor borganimdayoq bu mamlakat va uning ahlini sevib qolganman. Uni yaqindan o'rgana boshlaganimda, Tinchlik korpusidan ko'ngilli mutaxassis sifatida ishlagan paytimda, O'zbekiston atigi uch yoshli davlat edi", - deydi Ris.
"O'zbekiston xalqi murakkab davrlarni bosib o'tdi va bugunga yetdi. Siz endi sobiq sovet mamlakati emassiz, siz O'zbekiston Respublikasisiz. Abdulla Qodiriy mana shunday erkin diyorni orzu qilgan", - deydi Ris.
Facebook Forum