Breaking News

O'zbekistonning AQShdagi elchisi: Vaziyat og'ir, davlat hech narsani yashirmayapti


O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Jorj Vashington Universiteti bilan onlayn muloqotda, 22-iyul, 2020
O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Jorj Vashington Universiteti bilan onlayn muloqotda, 22-iyul, 2020

O'zbekistonda oxirgi bir oy ichida koronavirusni yuqtirish hollari keskin ko'payib, bugungi kunga kelib, 18 mingdan oshdi. Vafot etganlar soni esa 100 nafarga yaqinlashmoqda.

33 million aholisi bilan respublika Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyati. Qo'shni Qozog'istonda 18 million odam yashaydi, biroq infeksiya ko'lami bo'yicha bu yurt hozir mintaqada birinchi. 75 mingdan oshiq kishi virusga chalingan, o'lganlar soni qariyb 600. Olti yarim millionga yaqin aholisi bor Qirg'izistonda virusni yuqtirganlar qariyb 30 ming, undan jon berganlar 1100 nafardan ko'p. To'qqiz million aholiga ega Tojikistonda koronavirus shu kungacha 7000 dan oshiq kishida aniqlangan, o'lganlar 60 nafarga yaqin. Turkmaniston esa Shimoliy Koreya singari eng yopiq jamiyatlardan biri ekan, pandemiya borasida lom-mim demay kelmoqda.

22-iyulga qadar 130 mingga yaqin koronavirus hollari bilan Markaziy Osiyo mintaqasida sog'liqni saqlash tizimlari va boshqaruv keskin tanqid va bosim ostida. Xalq ijtimoiy tarmoqlarda mavjud vaziyatdan, xususan, o'z vaqtida zarur tibbiy xizmat ko'rsatilmayotganidan, texnik va moddiy yetishmovchiliklardan va mas'uliyatsizlikdan shikoyat qilmoqda. O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda hukumatlar pandemiya bilan bog'liq muammo va kamchilklarni tan olib, odamlarni karantin qoidalariga rioya qilishga va o'zini ehtiyot qilishga undamoqda. Kasalligini aniqlay olmay minglab odamlar sarson. Ayrim rasmiylarning e'tirof etishicha, bu yaqin orada hal bo'ladigan muammo emas. Sog'liqni saqlash tizimi qanchalik parokanda ekani haqida Facebook va Telegramda postlarning keti yo'q.

Toshkent, 18-iyul, 2020
Toshkent, 18-iyul, 2020

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Jorj Vashington Universiteti bilan onlayn muloqotda respublikadagi vaziyat haqiqatan og'ir ekaniga urg'u berib, iqtisodiy va ijtimoiy masalalar pandemiya zamonida yanayam murakkab tus olganini ta'kidladi.

Boshqa davlatlar singari O'zbekistonda ham sistema qiynalmoqda, talabni qondirish har doimgidan ham qiyin, deydi elchi.

Vahobovning tushuntirishicha, Amerika bilan hamkorlik joyida va koronavirusga qarshi kurash tomonlarni yanada yaqinlashtirgan.

Onlayn uchrashuvlarda barcha imkoniyatlarni ishga solish xususida fikr almashib, diplomatik say-harakatlar bir zum ham to'xtamagan, deydi elchi.

Vahobovga tushgan birinchi savol O'zbekiston tashqi siyosati, xususan Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga nisbatan munosabat haqida bo'ldi.

"Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqida kuzatuvchisimiz... Biz a'zo sifatida kirishni rejalayotganimiz yo'q. Qayd etish kerak, iqtisodiy jihatdan pragmatik harakat qilayapmiz", - deydi Vahobov.

"Manfaatlardan kelib chiqqan holda qadam tashlayapmiz. Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatidamiz. Jenevada allaqachon uchrashuvlarni boshladik. 300 dan ortiq savollarga javob berishimiz kerak. Ishlayapmiz.."

Vahobovga ko'ra, O'zbekiston va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi a'zolari orasidagi umumiy savdo hajmi yiliga 10 milliard dollarga yaqin.

"Ikki tomonlama aloqalar qatorida bu blok bilan ham yaqindan ishlashni xohlaymiz, chunki manfaatdormiz", - deydi elchi.

O'zbekistonda fuqaro jamiyati qanday rivojlanayapti? Bu boradagi muammolardan noliyotganlar mamlakatda ham, xorijda ham talay. Vashington Toshkentni xalqaro tashkilotlarga eshikni kengroq ochishga undab kelmoqda. Mamlakatda ham o'z tashkilotini ro'yxatdan o'tkazishni so'rab turgan siyosiy va ijtimoiy faollar bor.

Elchi Vahobov 2006-yildan beri bu jarayon "boshog'riq" bo'lib kelganini tan oladi.

Lekin, deydi u, hozirga kelib muhit erkinlashgan, tizim oydinlashgan. Amerika tashkilotlari astalik bilan ro'yxatdan o'ta boshladi, asosan ta'lim va gumanitar sohalarda ishlaydigan nohukumat muassasalar, xususan American Councils va Mercy Corps. Yaqin kelajakda boshqalar ham registratsiya qilinishi kutilmoqda, deydi elchi, chunki ilm-fan, tibbiyot, qishloq xo'jaligi, iqtisodiy va ijtimoiy jabhalarda hamkorlik qilish uchun xohish va intilish kuchli.

Elchidan qo'shni davlatlar, jumladan, Turkmaniston va Afg'oniston haqida ham so'rashdi. Har ikkisi bilan hamkorlik jadal, deydi Vahobov. O'zbekiston ular bilan ko'plab yangi kelishuvlarga ega.

"Ikki tomonlama va xalqaro tashabbus va tashkilotlar doirasida birga ishlaymiz", - deydi diplomat.

Turkmaniston bilan Orol bo'yidagi ekologik-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashdan to'rtib, Afg'onistonda tinchlikka erishish va rishtalarni kengaytirishgacha, hammasi Toshkent uchun o'ta muhim, deydi elchi.

O'zbekistonda karantin cho'zilishi mumkin
O'zbekistonda karantin cho'zilishi mumkin

O'zbekistondagi karantin choralari, ahvol yaxshilanmasa, kuchda qolishi mumkin.

Chet eldan 70 mingdan ziyod fuqaro olib kelindi. Xorijdan kelayotganlar orasida yuqtirganlar katta sonda aniqlansa-da, hukumat charter reyslarni davom ettirmoqda. Jamoatchilik orasida buning ijobiy va salbiy oqibatlari haqida bahs-munozara avjida. Prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirusni chetdan kelgan balo deya atab, uni xorijda yurganlar olib kirganini qayd etib turibdi. Ammo eshik vatandoshlar uchun ochiq turadi, deydi u.

Pandemiyaga nisbatan siyosat vaziyatga qarab belgilanmoqda, favqulodda chora-tadbirlar mart oyidan beri amalda, deydi Vahobov.

"Juda qiyin davr. Nihoyatda murakkab vaziyat. Xalq dardi va shikoyatlarini eshitayapmiz. Odamlar qiynalmoqda, bu aniq. Xalqqa zarur sharoitni yaratib berish - birlamchi vazifa. Tibbiy sharoit va dori-darmondan tortib, ko'rikdan o'tishni osonlashtirishgacha. Hukumat qo'ldan kelgancha harakat qilmoqda".

Davlat muammolarni tan olmoqda, haqiqat hammaga ayon, deydi diplomat.

O'zbekiston xorijdagi fuqarolarini olib kelishda davom etmoqda
O'zbekiston xorijdagi fuqarolarini olib kelishda davom etmoqda

Ilmiy izlanishlar va real vaziyat haqida ishonchli ma'lumotlar talabi ham oshib bormoqda.

"Davlat koronavirus va infeksiya ko'lami haqida aniq va haqqoniy ma'lumotlarga ega bo'lishdan manfaatdor. Xalq bundan manfaatdor. Shunday ekan, ularga ega bo'lish uchun tadqiqotlar va tahlilga katta e'tibor qaratayapmiz. Barcha mamlakatlar singari biz ham bu borada qiynalayapmiz, chunki oson ish emas. Lekin davlat ma'lumotlarni aslo yashirmayapti".

Qamoqxonalardagi vaziyat haqida so'ralganida, elchi deydiki, mahbuslar salomatligi va qamoqxonalardagi sharoit diqqatdan chetda emas. Butun mamlakat ahli salomatligi yuzasidan qilinayotgan qarorlar va ko'rilayotgan chora-tadbirlar panjara ortidagi fuqarolarga ham taalluqli, deydi u.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Jorj Vashington Universiteti bilan onlayn muloqotda, 22-iyul, 2020
O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Jorj Vashington Universiteti bilan onlayn muloqotda, 22-iyul, 2020

AQSh va Markaziy Osiyoning besh respublikasi orasidagi C5+1 dialogi doirasida iqtisodiy hamkorlik va koronavirusga qarshi kurashga e'tibor oshgan. Tijorat, transport, qishloq xo'jaligini rivojlantirish, bojxona tizimini isloh qilish, xususan mol olib o'tish jarayonini osonlashtirish - hammasi muhokamada, deydi Vahobov.

Toshkent va Vashington C5+1 roli va maqsadlari borasida hamfikr. Toshkent va AQSh bu dialog har bir davlat va butun Markaziy Osiyo ravnaqi uchun xizmat qilishiga ishonadi, deydi Vahobov.

"Biz Amerika hukumatidan suverenitetimiz, hududiy yaxlitligimiz va mustaqilligimizni quvvatlab kelayotgani uchun minnatdormiz. Mustaqilligimiz biz uchun birlamchi masala", - deydi Vahobov.

Texnik va moliyaviy yordam borasida ham Amerika madadi salmoqli, deydi diplomat. Hajm, ko'lam va mohiyat ham oshib bormoqda, jumladan, AQSh hukumati hozir Toshkentga moliya va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish uchun maslalatchilar yubormoqda.

AQSh O'zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatlarida yordamlashmoqda.

"Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash yo'lida azaldan birga ishlab kelamiz va bu boradagi hamkorlik ham kuchaymoqda", - deydi Vahobov.

Inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni yaxshilashda, demokratik jamiyat qurishda va siyosiy-ijtimoiy taraqqiyotda ham O'zbekiston Vashington yordamiga tayanadi, deydi elchi.

"Xalqlarimiz madaniy va ilmiy jihatdan ham yaqinlashishda davom etadi. Ta'lim - aloqalarimizda eng ko'p e'tibordagi yo'nalishlardan biri".

Amerika va O'zbekiston orasida bugun birorta tegilmaydigan, "nozik" masala yo'q, deydi Vahobov.

"Barcha dolzarb mavzular muhokamada. Samimiy va ochiq muloqotdamiz."

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG