O'zbekistondan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya bu hafta Vashingtonda. Turli vazirlik va agentliklarda uchrashuvlar, shuningdek, ikki davlat rasmiylari orasida yillik maslahatlashuv kutilmoqda.
16-noyabr kuni Komilov AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi rahbarining muvaqqat o'rinbosari Jon Barsa bilan muloqot qilgan. Agentlik Markaziy Osiyodagi, xususan O'zbekiston va Tojikistondagi faoliyatini kengaytirmoqda.
Barsaga ko'ra, agentlikning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: iqtisodiy taraqqiyot, qonun ustuvorligi, tabiiy boyliklar boshqaruvi, savdo va biznes hamda energetika bozori bilan bog'liq infrastrukturani rivojlantirishda ko'maklashish.
Rasmiylar deydiki, USAID O'zbekistonda ko'p-yo'nalishli islohotlar samara berishi uchun hissa qo'shishga bel bog'lagan.
Amerikaning mintaqaga nisbatan strategiyasi nafaqat hukumat, balki xususiy sektor va fuqaro jamiyati bilan ishlashni ham nazarda tutadi.
USAID erkinlik va adolat targ'iboti, matbuot erkinligi, ta'lim, salomatlik, inson kapitali, ekologiya, inson savdosiga qarshi kurash, ekstremizmning oldini olish singari yo'nalishlarga mablag' ajratilib, dasturlarga homiylik qilinadi.
O'tgan hafta O'zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va AQSh Tijorat vaziri Uilbur Ross onlayn muloqot qilgan. Unda Tramp ma'muriyati O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishini quvvatlab, jarayonda yordam berishini ta'kidlagan.
Tomonlar savdo va tovar ayirboshlash ko'lamini oshirish istagini muhokama qilgan.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ko'ra, ayni damda respublikada 100 foiz Amerika kapitaliga ishlayotgan 113 biznes bor. AQSh sarmoyasi kitirilgan kompaniyalar soni esa jami 276 ta.
Facebook Forum