Breaking News

Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti: O'zbekistonda islohotlar qanday ketmoqda?


Texnik tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimidagi islohotlarga ba'gishlangan majlis, Toshkent, 28-sentabr, 2020.
Texnik tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimidagi islohotlarga ba'gishlangan majlis, Toshkent, 28-sentabr, 2020.

23-sentabr kuni O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilar ekan, respublika islohotlar yo'lida qat'iy va ortga qaytmaydi, deya qayd etdi. Bu bayonot prezident nutqining G'arb ommasi tomonidan ijobiy qabul qilingan eng muhim qismi. Chunki O'zbekistonning xalqaro maydondagi va davlat hayoti bilan bog'liq barcha tashabbus va takliflari, va'da va kelishuvlari bu tizim va u boshqarayotgan mamlakat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan qanchalik o'zgarayotgani va o'zgarishni istashiga borib taqaladi.

O'zbekistonda, ichkari va tashqaridagi kuzatuvchilarga ko'ra, islohotlarga nisbatan ishonch, hayajon va bu boradagi faollik 2018-2019 yillarga qaraganda hozir ancha pasaygan.

Vashingtonda asoslangan Markaziy Osiyo-Kavkaz institutining virtual forumida Toshkentdan so'zlagan mutaxassis Aziza Umarova deydiki, hozirgi charchoq va sustlik balki pandemiya va uning oqibatlari bilan bog'liq.

Boshqa ko'plab ekspertlar va jurnalistlar nazarida, islohotlarga nisbatan umid aslida o'tgan ikki yilda so'na boshladi. Asosiy sabab - boshqaruv hamon bir kishi - Prezident Mirziyoyevning mutlaq iznida ekanida. Mamlakatda nimaiki muhim qadam tashlansa, davlat rahbari talabi va irodasidan kelib chiqiladi, ya'ni, o'zgarishlar prezident buyurganida va do'q qilganida bo'lmoqda. Bu esa tizim tabiati o'zmaganini anglatadi.

Mahalliy hokimiyatlar bugun oldingiga qaraganda xalq bilan ko'proq hisoblashadi, uning dardi va qarashlarga ko'z yuma olmaydi, lekin jamoatchilik bilan muloqot ham Toshkentdan keladigan undov va bosim bois yo'lga qo'yiladi. Sistematik mas'uliyat qo'rquvga asoslangan; prezident bot-bot eslatib keladigan, xalq hukumatga emas, hukumat xalqqa xizmat qiladi, degan chaqiriqqa emas.

Toshkent, 28-sentabr, 2020
Toshkent, 28-sentabr, 2020

Amerika hukumati, shuningdek, AQShdagi tadqiqot va aql markazlari hamda xalqaro tashkilotlar O'zbekistondagi jarayonlarga jiddiy e'tibor berib, Prezident Mirziyoyev 2017-yildan boshlab yo'lga qo'ygan islohotlar dasturi samara berishi kerak, deya umidni boy bermay keladi. Ular jarayon murakkab ekanini tushunadi; tahlil qilib, hukumatga tavsiyalar beradi hamda texnik yordamga tayyor. Bunday ko'mak allaqachon ko'rsatila boshlagan ham. Lekin, ularga ko'ra, har qanday o'zgarish qilish O'zbekiston ahlining o'z qo'lida; uning rahbarlari nimaga qodir va qodir emasligi bilan bog'liq.

Islohotlarni amalga oshirish uchun O'zbekiston o'z inson kapitalidan samarali foydalana olishi kerak. "Aqlli boshqaruv" degan tushunchani targ'ib qilib, bu sohada maslahat beruvchi SMARTGOV.consulting rahbari Aziza Umarovaga ko'ra, respublikada davlat sektorida xizmat qilish tizimi hamon yangilanmagan. Odamlar haliyam 1950-yillarga Sovet hukumati tanishtirgan "obyektivka" asosida ishga olinadi.

Bu muammoni boshqa ekspertlar ham ko'p tilga oladi. Nomzodning yoshi, jinsi, etnik kelib chiqishi, oila va yaqinlari tekshiriladi. Xalqaro me'yorlarga mutlaqo zid talablar. Yosh, jins, elat va oilasiga qarab ishga yollash - umumbashariy diskriminatsiya sanaladi.

O'tgan yili O'zbekistonda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ish boshlagan. Uning birlamchi vazifasi - davlat sektorida mehnat qilish tizimini tamoman yangilash va zamonaviy standartlar bo'yicha joriy etish. Prezidentning bu boradagi farmon va qarorlari hozircha salmoqli aks etmayapti.

O'zbekistonning tashqi dunyoga ochilgani, savdo kengaygani, chegaralar ochilgani, respublika global sahnada faollashgani, hukumat dolzarb masalalar yuzasidan xalqaro hamjamiyat bilan muntazam muloqotda ekani, xususan, so'z va matbuot erkinigi borasida ham kamchiliklarni tan olib, o'zgarishlarga ochiqmiz, deya bong urib kelayotgani olqishlanadi. Biroq bu olqishlar va quvvatlov aslida yanayam o'zgaring va jadallashing, degan undovdir. Ya'ni, sizga nisbatan ishonchni samara va natija belgilaydi. E'tibor va vaqtdan to'g'ri foydalaning.

O'zbekiston qo'shni davlatlar bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni oshiraverishi kerak, deydi ekspertlar
O'zbekiston qo'shni davlatlar bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni oshiraverishi kerak, deydi ekspertlar

Xalqaro Valyuta fondining O'zbekistondagi rahbari Ron van Vuden soliq va bojxona tizimidagi yangiliklarni sanab o'tadi. Uning tahlilicha, tizim uchun islohotlar hamon eng ustuvor vazifa. Pandemiya bu davlatga ham qimmatga tushdi. Qarz oshdi, ishlab chiqarish pasaydi, savdo kamomadi o'sdi. Ishsizlar ko'paydi.

"O'zbekiston makro-iqtisodiy islohotlarga ko'proq ahamiyat qaratishi zarur", - deydi Xalqaro valyuta fondi vakili.

Sarmoya kerakligini qayd etar ekan, Ron van Vuden ham inson kapitali sifatini oshirishga, korrupsiyaga qarshi keskinroq kurashga, xalqqa xizmat qilishni effektivlashtirishga undaydi hamda qo'shni davlatlar bilan hamkorlikni oshiravering, deydi. O'zbekiston faqat tranzit uchun qo'llanilmasin, deydi mutaxassis. Respublika o'z mahsulotlarini sota olishi, ish o'rinlarini ko'paytira olishi va albatta, sarmoya jalb eta olishi kerak.

Iqtisodiyotda davlat roli va qo'li hamon baland. Xususiylashtirish juda sust. Aziza Umarova O'zbekistonda yalpi milliy ishlab chiqarishning deyarli yarmidan ko'pi, 45 foizi, davlat egalik qiluvchi bizneslar qo'lida ekaniga urg'u berib, soliq daromadining 47 foizi aynan shu kompaniyalarga to'g'ri kelishini eslatadi. Biroq mamlakatda mehnatga yaroqli aholining atigi 6 foizi bu sektorda ishlaydi.

"Xususiylashtirishda oshkoralik nihoyatda zarur", - deydi Umarova, Rossiya va Qozog'istonda bu borada qilingan xatolarga ishora qilar ekan.

Ma'muriy islohotlar birinchi ikki yilda jadalroq edi, deya kuzatadi mutaxassis, hozirga kelib hukumat kengaydi, biroq vazirliklar, qo'mita va agentliklar ko'paygani samaradan darak bermaydi.

Broad Street Capital Group direktori Aleksandr Gordin O'zbekistondagi hozirgi vaziyatni, umuman olganda, ijobiy baholaydi. Pandemiya ta'siri kuchli, deydi u. Lekin mamlakatni yaqinda kezgan Gordin nazarida, respublika koronavirusga qarshi ko'plab boshqa davlatlarga qaraganda yaxshiroq kurashmoqda. Bizneslar qayta ochilmoqda, hayot qayta izga tusha boshlagan, qurilishlar ham jonlanyapti, deydi ishbilarmon.

Gordinning kompaniyasi import-ekport loyihalarga sarmoya qiladi. Uning tahlilicha, hozirda mamlakatda biznes qilish ancha osonlashgan, sarmoya muhiti yaxshilangan. Iqtisodda va bozorda hukumat roli pasayib, xususiy sektor taraqqiy etishi uchun kattaroq qadamlar tashlanaverishi kerak, deydi u.

"Hozirgi yo'ldan chalg'imay, islohotlarni amalga oshiravering", - deydi Gordin, Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti forumida so'zlar ekan.

"Ichkarida ham, tashqarida ham O'zbekistonda sarmoya qilish uchun kapital bor. Ko'p narsa uni so'rayotgan tomonning salohiyati, iqtidori va zamonaviylashishga qanchalik moyil ekanida... Audit, shaffoflik, korporatsion boshqaruv va madaniyat borasida rivojlanish kerak. Bular O'zbekistonda hali ancha boshlang'ich shaklda", - deydi Gordin.

Biznes egalari bilan ishlash kerak, deydi tadbirkor, ularga xalqaro me'yor va yondashuvlar xususida saboq berish kerak.

Xalqaro Valyuta fondining Toshkentdagi boshlig'i Ron van Vuden deydiki, O'zbekiston aslo ortga chekinmasligi va qiyinchiliklarga qaramay, imkon qadar o'ziga ishonchni oshiraverishi zarur. Xalqaro moliya institutlari Toshkent bilan yaqindan muloqotda, deydi u, va hukumatga yo'l-yo'riq berib kelmoqda.

Aziza Umarova fikricha esa real o'zgarishlar raqobat maydonini kengaytirishni, monopoliyaga qarshi keskin kurashni talab qiladi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG