Breaking News

O'zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasida nima haqda so'zladi?


BMT Bosh Assambleyasiga Toshkentdan murojaat, 23-sentabr, 2020
BMT Bosh Assambleyasiga Toshkentdan murojaat, 23-sentabr, 2020

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasiga Toshkentdan virtual tarzda murojaat qilar ekan, milliy prioritetlar va mamlakatdagi bugungi jarayonlarga urg'u berdi. Tashkilotning 75-yillik sessiyasi Nyu-Yorkda o'tmoqda.

Bu Prezident Mirziyoyevning BMTda ikkinchi bor so'zlashi. Ilk marotaba u 2017-yilning 19-sentabrida nutq qilgan edi. Shundan beri O'zbekistonda islohotlar kengaydi, deydi prezident. Lekin nima o'zgardi, nima o'zgarmadi? Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT Bosh kotibiyati va agentliklari uchun mana shu masalalar qiziq.

Koronavirus pandemiyasi bois bu yilgi yig'inlarda a'zo davlatlar masofadan aloqada. BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohi odatdagidek gavjum emas, faqat doimiy vakillar va diplomatlar bu yerda zalda o'tiribdi.

BMTda O'zbekiston rahbari ilk bor o'zbek tilida so'zladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:17:33 0:00

BMT, Nyu-Yorkdagi qarorgoh hovlisi
BMT, Nyu-Yorkdagi qarorgoh hovlisi

O'zbekiston BMT bilan hamkorlikni kengaytirishga shay

Prezident Mirziyoyev deydiki, o'tgan yillarda O'zbekiston yangi davrga qadam qo'ydi va qanchalik qiyin bo'lmasin, "radikal islohotlar yo'lidan qaytish yo'q". U hukumat olib borayotgan ishlarni quyidagicha sanab o'tdi: fuqaro jamiyati uchun yo'l ochish, siyosiy institutlarni taraqqiy ettirish, uzviy huquqlar ta'minoti, qonun ustuvorligi tomon harakatlar, korrupsiyaga qarshi kurash, iqtisodiyotni kengaytirish, qashshoqlik darajasini tushirish, O'zbekistonni shu paytgacha orqaga surib kelgan muammolar, xususan, majburiy mehnat va huquqbuzarlik hollariga qarshi keskin choralar ko'rish.

O'zbekiston prezidenti ham BMTga murojaatni koronavirus pandemiyasi va oqibatlari haqidagi xulosalari bilan boshladi. Respublika bu baloga qarshi xalqaro hamjamiyat bilan maslahatlashgan holda, hamkorlikda ish ko'radi va harakatlar samara berishiga ishonadi, dedi Prezident Mirziyoyev.

"Biz xohlagan kelajak, bizga zarur BMT: muammolarni birgalikda hal etamiz, COVID-19 pandemiyasini ham", degan shior ostida o'tayotgan bu yilgi sessiyada so'z olgan har bir rahbar avvalo BMT rolini e'tirof etib, uning vazifalarini eslatmoqda. Hech bir davlat hech bir muammoni yakka holda yecha olmaydi. Masala borki, global va uning hal etilishi uchun hamjihatlik suv va havodek zarur, degan mazmundagi bayonotlar ketma-ket yangramoqda.

Bu chaqiriqlar va ta'kidlar Prezident Mirziyoyevning murojaatida ham aks etdi.

"Afg'onistonga biz Markaziy Osiyoning integral qismi deb qaraymiz", - deydi u, Toshkentning qoshni davlatda tinchlikka erishish uchun qo'shayotgan hissasini tushuntirar ekan.

AQSh va Markaziy Osiyoning boshqa rahbarlari singari Mirziyoyev fikricha ham Afg'oniston taqdirini afg'onlarning o'zi belgilashi kerak.

Toshkentga ko'ra, BMTda Afg'oniston bo'yicha komissiya tashkil etish va bu davlatdagi nozik jarayonlarga aynan jahon tashkiloti bosh-qosh bo'lishi lozim.

Prezident Mirziyoyev Orolbo'yi mintaqasiga ham e'tibor qaratdi. Dengiz qurishi natijasida vujudga kelgan halokatli vaziyatdan chiqish uchun respublika qo'ldan kelgan choralarni ko'rmoqda, dedi prezident, lekin xalqaro hamjamiyatning amaliy ko'magisiz uzoqqa bora olmaydi. Bu masalani O'zbekistonda BMTda bu tashkilotga kirganidan beri ko'tarib keladi. Hozirda tashkilotning bir necha agentligi Orolbo'yi bo'yicha dasturlar yuritadi.

Qashshoqlikka qarshi kurash ham, Mirziyoyev nazarida, yuqori o'ringa chiqishi kerak. O'zbekiston bu borada global sammit o'tkazishni taklif qilmoqda.

O'zbekiston Bosh Assambleyani dunyoning bu qismiga ekologik innovatsiyalar maydoni sifatida qarab, yordamni oshirishga chaqirmoqda.

Pandemiyadan keyingi dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat umuman boshqacha bo'ladi, deydi Mirziyoyev. Xalqaro hamjamiyat ham boshqacha ishlashga majbur, ya'ni yangicha yondashuvlar bilan chiqish kerak.

O'zbekiston BMT organlari bilan yaqindan hamkorlikka tayyor, deydi davlat rahbari.

Respublikadagi vaziyatni tashqaridan kuzatayotgan mutaxassislarga ko'ra, Mirziyoyev o'z ma'ruzasida nafaqat maqsadlar, balki hozirgacha erishilgan yutuqlar va erishishga qiynalayotgan masalalar haqida ham so'zlashi xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Qo'shni Turkmaniston, Tojikiston va Qirg'iziston rahbarlari o'z murojaatlarida asosan pandemiya oqibatlari, iqtisodiy zarar hamda ekologik muammolarga e'tibor qaratdi.

Turkmaniston va Qirg'iziston prezidentlari rus tilida, Qozog'iston prezidenti ingliz tilida, Tojikiston prezidenti esa tojik tilida so'zladi.

Nyu-Yorkda "Mahalla USA" a'zolari Prezident Mirziyoyev nutqini birga tomosha qildi
Nyu-Yorkda "Mahalla USA" a'zolari Prezident Mirziyoyev nutqini birga tomosha qildi

Vatandoshlar hayajonda

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'zbekistonliklar nazarida davlat rahbarining BMT minbarida ilk bor o'zbek tilida gapirgani - yangilik. Ko'plarga ko'ra, bu normal holat bo'lishi kerak, chunki O'zbekiston rahbari avvalo davlat tilida so'zlashi lozim.

Biroq odamlar uchun bu nutq bilan bog'liq eng muhim omil - unda qanday masalalar ko'tarilgani, mamlakat rahbari xalqaro hamjamiyatga bugungi O'zbekistonni qanday tushuntirgani va respublika dolzarb muammolarni yechishda dunyodan qanday hamkorlik va yordam istayotganidir.

"Bizga bu murojaatdan nima naf?" deya so'rayotganlar Prezident Mirziyoyev ma'ruzasidan nima oldi? Mana shu savolga javob xalq munosabatini belgilashi aniq.

Ba'zilar deydiki, nutqda nima deyilgani emas, u qanday qilingani yodda qoladi, ya'ni til baribir siyosiy qadr-qimmatga ega. Ingliz, xitoy, arab, ispan, fransuz va rus tilida faoliyat yurituvchi BMTda turkiy tillar yangrayotgani bu xalqlarning ko'nglini ko'taradi, garchi ular xalqaro tashkilotlarga yuqori ishonch bilan qaramasa ham.

Xorijdagi o'zbeklar, ayniqsa keksa vatandoshlar uchun Mirziyoyevning o'zbek tilidagi murojaati tarixiy ahamiyatga ega.

"Eshitib xursand bo'ldik. Jahon sahnalarida, xalqaro yig'inlarda rahbar o'zbek tilida gapirishi mustaqillikdan darak beradi".

Minglab o'zbeklar yashovchi Nyu-Jersi shtatidan Turkiston-Amerika uyushmasi rahbari Abdulla Xo'ja deydiki, o'zbeklar dunyo bo'ylab shunday kunlarni orzu qilgan.

"Eshitib xursand bo'ldik. Jahon sahnalarida, xalqaro yig'inlarda rahbar o'zbek tilida gapirishi mustaqillikdan darak beradi", - deydi vatandoshlar yetakchisi.

Abdulla Xo'ja singari o'zini turkistonlik deb tanishtiradigan o'zbeklar fikricha, global auditoriya oldida ona tilda nutq qilish rahbarning va u boshqarayotgan davlatning o'ziga nisbatan ishonchini anglatadi.

"Prezident Mirziyoyev 2018-yilda Oq uyda Prezident Tramp bilan ko'rishganida ruscha gaplashishgan. Bundan ko'p vatandoshlar norozi bo'lgan edi. Nega o'zbekcha gapirmadi, deb... Bugungi nutq shuning uchun ham ahamiyatli", - deydi Abdulla Xo'ja.

"O'zbekistonda kirildan lotin alifbosiga o'tilgan. Endi buni rivojlantirish kerak. Bu alifboni bilish ingliz tilini o'rganishda ham yordam beradi. Ingliz tilisiz esa dunyoga chiqish qiyin... O'zbekiston o'zini tanitishi uchun ham yosh avlod ingliz tilini bilishi nihoyatda muhim."

'Hammamizning vazifamiz o'z ona tilimiz va madaniyatimizni asrab-avaylash va taraqqiy ettirish", - deydi Turkiston-Amerika uyushmasi rahbari.

Prezident Mirziyoyev 2018-yilda AQShga safar qilganida muzokaralarda ruscha gapirgani vatandoshlarda salbiy taassurot qoldirgan
Prezident Mirziyoyev 2018-yilda AQShga safar qilganida muzokaralarda ruscha gapirgani vatandoshlarda salbiy taassurot qoldirgan

Chikagodan O'zbek-Amerika uyushmasi rahbari Olim Sharipov ham Prezident Mirziyoyev BMTda o'zbek tilida so'zlaganidan juda mamnun.

"Biz, vatandoshlar, juda xursandmiz. Prezidentning ushbu chiqishlarini olqishlaymiz".

"Tilga e'tibor, elga e'tibor", - deydi u.

Vatandosh bu borada Alisher Navoiy, jadidlar va til-adabiyot uchun qayg'urgan boshqa arboblarning o'git va hikmatli so'zlarini tilga olib, Chikagodagi uyushmaning maqsadlaridan biri ham Amerikada o'sayotgan avlodlar o'zbek tilini bilishi va unutmasligi uchun harakat qilish ekanini aytadi. AQShning bu qismida minglab o'zbeklar istiqomat qiladi.

"Biz vatandoshlar juda xursandmiz. Prezidentning ushbu chiqishlarini olqishlaymiz", - deydi Olimjon Sharipov.

O'zbeklar eng ko'p va zich yashaydigan Nyu-Yorkda yaqinda faoliyatini boshlagan "Mahalla USA" tashkilotining o'nlab a'zolari Mirziyoyev nutqini birgalikda tomosha qilishdi.

Maqsuda Mahmudova ismli vatandosh fikricha, Prezident Mirziyoyev tilga olgan mavzular bugun haqiqatan dolzarb va "keng jamoatchilik bilan hal qilinishi kerak". Mintaqaviy vaziyatni O'zbekiston rahbari yaxshi izohlab berdi, deydi Mahmudova, va buni ona tilida aytishi hamda O'zbekiston dunyoga ochilishda davom etadi deya qayd etishi tahsinga sazovor.

Amerikadagi vatandoshlar orasida O'zbekiston rahbarini "prezidentimiz" deya tilga oladiganlar ko'p
Amerikadagi vatandoshlar orasida O'zbekiston rahbarini "prezidentimiz" deya tilga oladiganlar ko'p

"Mahalla USA" asoschilaridan biri Dilshod Zokirov nazarida Prezident Mirziyoyevning BMTdagi bu safargi nutqi aynan o'zbek tilida bo'lgani bilan farqli. Zokirov deydiki, davlat rahbari xorijiy minbarlarda o'z tilida gapirmay kelgani jamoatchilikda har doim salbiy taassurot qoldirgan. 30 yildan oshibdiki, o'zbek tili davlat tili maqomiga ega, lekin rahbarlarning o'zlari bunga amal qilmay kelar edi. Kelayotgan oktabr oyida bu sana nishonlanadi va shunday kun oldidan prezident BMTda o'zbekcha so'zlagani chet eldagi o'zbekistonliklarni ayniqsa xursand qildi, deydi Zokirov.

Murojaat mazmuni ham chuqur edi, deydi vatandosh, xususan Prezident Mirziyoyevning Orol bo'yidagi ahvolga diqqat qaratgani hamda Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash zaruratini qayta-qayta ta'kidlagani.

"Odam o'z ichidagi dardini o'z ona tilida bemalolroq va yaxshiroq ayta oladi".

"Chunki Afg'onistonda tinchlik bo'lmas ekan, bu Markaziy Osiyo barqarorligi uchun doimiy tahdid", - deydi Zokirov.

Qo'shni davlarda hayot izga tushishi O'zbekiston uchun savdo yo'llarini ochadi va yangidan-yangi imkoniyatlar paydo bo'lishi shubhasiz, deydi Nyu-Yorkdagi o'zbek faoli.

O'zini Sulton Saidahmedov deb tanishtirgan yana bir vatandosh ham Mirziyoyev nutqini ijobiy baholaydi. O'zbekiston yuqori darajaga ko'tarilishi uchun amaliy o'zgarishlar bo'lishi zarur, deydi u. Saidahmedov fikricha, nutqda shu istak sezildi.

"Odam ichidagi dardini o'z ona tilida bemalolroq va yaxshiroq ayta oladi, shu bois O'zbekiston rahbari bu safar o'zbekcha gapirganini quvvatlayman", - deydi u.

BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston rahbarini tinglamoqda, Nyu-York, 23-sentabr, 2020
BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston rahbarini tinglamoqda, Nyu-York, 23-sentabr, 2020

"BMT insoniyatni barcha balolardan qutqara olmas, lekin..."

AQSh rahbari Donald Tramp BMTga samarasiz, qog'ozboz va puch va'dalar berib, xalqi haqqini havoga sovurib kelayotgan davlatlar jamlanmasi deb qarab, uni tub o'zgarishlarga chaqirar ekan, BMTga nisbatan ishonch o'tgan o'n yillikda yanada tushib ketgan. Tashkilot Bosh kotibi Antonio Guterrish ham shu yil boshida Xavfsizlik kengashida so'zlar ekan, BMT xartiyasi va asosiy maqsadlari chetda qolib ketayotganidan noligan edi.

BMT borasida jahon bo'ylab umidsizlik bilan tilga olinadigan fikrlardan biri shuki, uning yig'inlari insonlar hayotiga biror ijobiy o'zgarish olib kelmaydi. O'zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham deyishadiki, BMT xuddi hukumatlar kabi va'daboz va lo'ttiboz.

1945-yilda, Ikkinchi jahon urushidan vayron bo'lgan dunyoni tiklash, uning tinchligini saqlash, inson erkin va farovon yashashini ta'minlash va adolatni targ'ib qilish singari vazifalarni o'z zimmasiga olgan tashkilotga bugun 193 davlat a'zo. O'zbekiston unga 1992-yilda kirgan.

O'tgan yili shu paytda "Amerika Ovozi" Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida tashkilotning O'zbekistondagi bosh vakili Helena Freyzer bilan suhbatlashganida, undan yuqoridagi salbiy fikrlarga shunday javob olgan edi:

"Mana shunday umidsizlikni eshitganimda, odamlar ishonch bildirmaganida, farzandlarim haqida o'ylayman. Ular sog'lom, sababi BMT dunyo bo'ylab a'zo mamlakatlarning sog'liqni saqlash vazirliklari bilan yaqindan ishlab, tibbiy xizmat va salomatlikni ta'minlash uchun jonbozlik ko'rsatib kelmoqda. Bugun bolalar o'limi, onalar o'limi kamaygan. Bu borada ulkan yutuqlarga erishdik."

Millionlab insonlarning hayoti asrab qolindi. Freyzerga ko'ra, BMT va uning organlarisiz buni hech bir davlat eplay olmagan bo'lardi. Kasalliklar, epidemiyalar chegara tanlamaydi. Shunday paytda BMT ish beradi. Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi bobida ham shunday. Ekologiya himoyasida ham shu.

"BMT yetakchilik qilib, davlatlarni siyosatni inson manfaatlariga moslab belgilashga undab kelayotgani hammamiz uchun ijobiy samara emasmi?"- deydi diplomat.

"BMT insoniyatni barcha balolardan qutqara olmas, lekin uning hayoti yaxshilanishi, inson qadri, yashash uchun imkoniyatlari kengayishi uchun xizmat qiladi. Tinchlik, adolat, farovonlik sari qadam tashlashi uchun xizmatda."

Freyzer xonim yaqinda "Amerika Ovozi" bilan Mirziyoyev prezidentligining to'rt yilligi xususida gaplashganida dediki, bugun O'zbekiston hukumati xalqaro maydonda har doimgidan ham faol va shijoatli. Davlat oshkoralik tarafdori ekanini eslatib turibdi, deydi u, va xususan BMTning inson huquqlari bo'yicha mexanizmlari bilan hamkorlik kuchaygan.

BMT rasmiysi tavsiyasi shuki, pandemiyadan tezroq chiqish uchun O'zbekistonda hukumat, ilm ahli, nohukumat tashkilotlar, faollar, jurnalistlar, xususiy sektor va parlament bir yoqadan bosh chiqarishi kerak.

"Islohotlar dasturi buyuk maqsadlarni ko'zlaydi. Ularga erishish uchun mentalitet va yondashuv o'zgarishi lozim. Bu uzoq muddatli birlamchi talab", - deydi Freyzer.

"Islohotlar dasturi buyuk maqsadlarni ko'zlaydi. Ularga erishish uchun mentalitet va yondashuv o'zgarishi lozim".


Gap va va'dalar amalda, ya'ni jamiyat va iqtisodda sezilishi kerak. Ayniqsa, eng quyi qatlamda yashayotganlar o'zgarishlarni his qilishi zarur, deydi BMT diplomati. Uningcha, fuqaro jamiyatini quvvatlash va inson huquqlari e'zozlanishi uchun sharoit yaratish ham O'zbekiston hukumati oldidagi eng og'ir vazifalardir.

"Shunday ish tutish kerakki, islohotlar har bir qadam bilan odamlarni o'ziga tortaversin, samara tobora ko'zga tashlansin. Korrupsiyaga qarshi kurash, xotin-qizlar rolini oshirish, energetik manbalarni xilma-xillashtirish, moliyaviy siyosat yoki bolalar mehnati - biror jabhada yutuqlar boy berilmasin, aksincha ular keyingi o'zgarishlarga zamin yaratsin, jarayonlarni yanayam jadallashtirsin", - deydi Freyzer.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG