Breaking News

Talabalar noroziligi fonida Samarqandda yoshlar veb-forumi o’tdi


Samarqandda yoshlar huquqlariga bag’ishlangan xalqaro forum ishtirokchilarini qutlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiya davrida ayniqsa yoshlar ovoziga quloq tutish o’ta muhimligini ta’kidlamoqda.

Prezidentning forum ishtirokchilariga yo’llayotgan bu murojaati mamlakatdagi yoshlar, xususan, pandemiya bois qiyin vaziyatda qolgan talabalarni chetlab o’tayotgandek.

Prezident qutlovi, shuningdek, Samarqandda BMT hamkorligida 12-13 avgust kunlari o’tgan “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusidagi xalqaro veb-forum ham O’zbekistonda talabalar tomonidan boshlangan norozilik aksiyasi manzarasida kuzatiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda turli guruhlarda yig’ilayotgan talabalar o’qish uchun shartnoma pulini kamaytirishni talab qilmoqda. Bu borada Oliy ta’lim vazirining iste’fosini so’rayotganlar ham bor.

Telegram tarmog’ida tashkil topgan “Talabalar harakati” guruhi o’z noroziligini shunday ifodalaydi: “Haq olinur, berilmas. Talab - onlayn ta’lim bo’lgani uchun shartnoma puli arzonlashtirilsin”.

“O’zbekistonda qariyb 30 yil davomida tan olinmay kelinayotgan masofaviy ta’lim shakliga o’tilishi ta’lim muassasalariga va bu shaklda tajribaga ega bo’lmagan pedagog-kadrlarga kuchli bosim tug’dirdi. Islohotlarga qaramay o’zini o’nglashi qiyin bo’layotgan ta’lim tizimini esa bu yanada abgor holatda qoldirdi. Onlayn darslar xo’jako’rsinga o’tkazildi, xolos. Shartnoma pullari miqdorining an’anaviy ta’lim shaklidagi miqdorida qoldirilishi esa hech qaysi qonun hujjatlarida asoslantirilmagan. Bu esa talabalar jamiyatida kuchli norozilik kayfiyatini uyg’otmoqda”, - deb ifodalaydi guruh o’z noroziligini.

Hozircha hukumat, jumladan, Oliy ta’lim vazirligi ham ijtimoiy tarmoqlarda davom etayotgan bu norozilikka biror munosabat bildirmagan. Avvalroq Oliy ta’lim vaziri Inomjon Majidov oliy o’quv yurtlarida ta’limning masofaviy shaklga o’tishi shartnoma puliga ta’sir qilmasligini ma’lum qilgan edi.

O’zbekiston yoshlari, xususan, talabalar duch kelayotgan bu muammolar Samarqandda yoshlar huquqini muhokama qilgan xalqaro veb-forumda ko’tarilgani haqida ma’lumot yo’q.

Inson huquqlari bo’yicha milliy markaz mazkur forumda mamlakatdagi 30 dan oshiq yoshlar tashkiloti ishtirok etishini ma’lum qilgan.

Markaz rahbari Akmal Saidovning matbuotdagi intervyusiga ko’ra, forum o’tkazilishi O’zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzi oshishiga xizmat qiladi, “O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining natijalarini dunyo hamjamiyatiga ko‘rsatadi”.

Forum Prezident Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yoshlar huquqi bo’yicha xalqaro konvensiya imzolashni taklif etgan edi. Forumda ishtirok etayotgan ekspertlar konvensiya loyihasini ham muhokama qilishgan.

Bu tashabbus doirasidagi dastlabki konferensiya ham o’tgan yili Samarqandda “Inson huquqlari bo’yicha Osiyo forumi” nomi ostida o’tgan edi. Mazkur xalqaro forum uchun ta’sis etilgan veb sahifadagi ma’lumotlarga ko’ra, forumda BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT), Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) kabi qator xalqaro tashkilotlar rahbariyati, shuningdek, O’zbekiston tomonidan bir qator rasmiylar so’zga chiqqan.

Inson huquqlari bo’yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov forumdagi chiqishida asosiy maqsad yoshlar huquqi va erkinliklarini, konvensiya loyihasini muhokama qilish ekanligini ta’kidlar ekan, onlayn tarzda o’tgan forumda O’zbekistonning turli burchaklaridan yuzlab talabalar qatnashayotganini eslatib o’tish bilan cheklandi.

Forumning rasmiy sahifasidagi ma’lumotlar inson huquqlarini muhokama etayotgan konferensiya ishiga O’zbekistondagi mustaqil huquq himoyachilari taklif etilmaganini ko’rsatadi.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan huquq himoyachilari bu forumda qatnashish uchun taklif olishmagan.

Mamlakatda rasman ro’yxatdan o’tkazilgan “Huquqiy tayanch” faollarining aytishicha, hozircha karantin choralari sabab inson huquq himoyachilari faoliyatida ham ma’lum cheklovlar mavjud.

Yoshlar, xususan, talabalarning ijtimoiy tarmoqlarda davom etayotgan norozilik chiqishlarida ta’kidlanishicha, mamlakat yoshlari to’qnashayotgan asosiy muammolar bu ta’lim tizimidagi korrupsiya, O’zbekiston oliy o’quv yurtlarida o’qish uchun shartnoma bahosining o’ta qimmat belgilangani, shuningdek, mamlakat bo’ylab ta’lim sifati keskin tushib ketgani bilan bog’liq.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG