Breaking News

Xalqaro hamjamiyat: O'zbekistonda islohotlar susaymasin, jadallashsin


23-avgust, 2020: Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolovning xotira marosimida
23-avgust, 2020: Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolovning xotira marosimida

27 yillik rahbar Islom Karimov vafot etib, 2016-yilning kuzida O'zbekistonda boshqaruv 13 yillik bosh vazir Shavkat Mirziyoyev qo'liga o'tar ekan, xalqaro hamjamiyat va mamlakat ahli katta o'zgarishlar kutmagan edi. Prezident Mirziyoyev islohotlar haqida ilk bor so'z ochganida ishonch juda past edi.

2017-yilning o'rtalariga kelib, rahbariyat yirik islohot dasturi xususida xalqaro tashkilotlar va hamkorlar, xususan BMT va AQSh bilan jiddiy muloqotni yo'lga qo'ydi. O'zbekiston o'zgarishni xohlaydi, o'zgarishi kerak va o'zgaradi, dedi Prezident Mirziyoyev. Shunday mazmundagi bayonotlar nafaqat respublika bo'ylab, balki global minbarlarda ham yangray boshladi.

Azaldan yakkahokimlik, korrupsiya va cheklovlar ostida yashab kelgan aholi buni ko'tarinki ruh va hayajon bilan kutib oldi. Dunyo olqishladi. Xalq va xalqaro hamjamiyat buyuk burilishlarga umid bog'ladi. To'rt yildirki, Prezident Mirziyoyev yangi davr, yangicha shartlar, yangicha yondashuv xususida gapirib kelmoqda.

"Prezident Mirziyoyevning eng katta yutug'i - O'zbekistonni dunyoga ochgani."

O'zbekiston bilan ishlab, jarayonlarni yaqindan kuzatib, masalalarni o'rganib kelayotgan diplomat va ekspertlar bugungacha bosib o'tilgan yo'lni qanday sarhisob qilmoqda?

AQShning Toshkentdagi elchisi Daniel Rozenblum deydiki, Prezident Mirziyoyev davlat va xalq orasidagi aloqani o'zgartira boshladi: davlat fuqaroga xizmat qiladi, fuqaro xalqqa emas, degan falsafani tanishtirdi.

"Bu amalda har doim ham o'z aksini topmayapti", - deydi Rozenblum, "lekin bu tushuncha mas'uliyat darajasini belgilab, boshqaruv va aholi orasidagi munosabatlarda me'yorlarni yo'lga qo'ya boshlaydi. Bu esa ijobiy o'zgarishlarga yetaklashi kerak".

Prezident Mirziyoyevning eng katta yutuqlari tashqi siyosatda, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan diplomatlar va ekspertlar
Prezident Mirziyoyevning eng katta yutuqlari tashqi siyosatda, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan diplomatlar va ekspertlar

Biroq islohotlar juda sust deya noliyotganlar ko'p. Rejalar va yo'l xaritalaridan nariga o'ta olmayapmiz; yechim yo'llari bo'lsa-da, muammolar barham topmayapti, degan shikoyat keng. O'zbekiston oldinga bir qadam, orqaga bir necha qadam tashlab, sistema va mentalitet bilan bog'liq illatlar ichidan chiqa olmayapti, deydi tanqidchilar. Kelajak haqida gap ketganda, shu bois "orqaga qaytish" borasida qo'rqinch va xavotir kuchli.

Islohotlarni e'lon qilganida, Mirziyoyev O'zbekiston qonun ustuvorligi va oshkoralikka intiladi va dunyoga ochiladi, deya ta'kidlagan edi.

Tashqi dunyo nazarida bugun respublikada har jabhada ozmi-ko'pmi o'zgarishlar bor, ammo mamlakat hamon azaliy muammolar changalida.

"Islohotlar va o'zgarishlarga qarshilar bor, albatta".

Rozenblum deydiki, "Prezident Mirziyoyevning eng katta yutug'i - O'zbekistonni dunyoga ochgani."

Odamlarning mamlakatga kirib chiqishi osonlashdi; savdo va sarmoya imkoniyatlari kengaydi; respublika texnologiya, innovatsion tashabbuslar, yangicha qarashlar va g'oyalar uchun ochildi va ochilishda davom etmoqda, deya kuzatadi Amerika elchisi.

Rozenblum tahlilicha, Prezident Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlarni ham yangiladi; mintaqaviy hamkorlik uchun shu paytgacha yopiq turgan yo'llarni ochdi; ziddiyatli masalalar o'rnini hamjihatlik va manfaatlarga asoslangan tashabbuslar egalladi.

"Islohotlar va o'zgarishlarga qarshilar bor, albatta", - deydi AQSh diplomati.

"Qotib ketgan odatlardan va fikrlashdan voz kechish qiyin, bu vaqt talab qiladi. Buning ustiga o'z egri manfaatlarini himoya qilayotgan odamlar va tashkilotlar bor. Xalq esa islohotlar samarasini o'z hayoti qanchalik yaxshilanayotganiga qarab baholaydi. Odamlarning sabri qanchaga yetadi?"

Elchi deydiki, bu savol rahbariyat uchun o'ta dolzarb omil.

Mirziyoyev rahbar sifatida shu kungacha yuzlashgan eng katta sinov koronavirus pandemiyasi bo'ldi.

Rozenblum tahlilicha, O'zbekiston hukumati bu masalada dadil va qat'iy harakat qildi. Yoz o'rtasida vaziyat og'irlashdi, deydi elchi, biroq rahbariyat xalqaro hamjamiyat bilan aloqani yanada kuchaytirib, yordam uchun eshikni keng ochib, maslahat va tavsiyalarga quloq tutgan holda ish ko'rdi.

Prezident Mirziyoyev Oliy Majlis a'zolari bilan Toshkent metrosida, 29-avgust, 2020
Prezident Mirziyoyev Oliy Majlis a'zolari bilan Toshkent metrosida, 29-avgust, 2020

Uzoq yillar "Human Rights Watch" inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyodagi bosh eksperti bo'lgan, hozirda Janubiy Kaliforniya universiteti professori Stiv Sverdlov tahliliga ko'ra, tizimdagi progress sayoz.

Islohotlar reallashishi kerak, deydi huquqshunos, ya'ni qabul qilingan dasturlar mamlakat bo'ylab, haqqoniy va samimiy tarzda amalga oshirilishi kerak.

"Prezident Mirziyoyev buni biladimi, nega jim turibdi, deya so'rayapmiz".

"So'z va fikr erkinligi, siyosiy plyuralizm, nohukumat tashkilotlarning ro'yxatdan o'tishi, o'tmishdagi adolatsizliklarni ko'rib chiqish, taraqqiyot loyihalari deb odamlarni majburan ko'chirish, xavfsizlik organlarining roli va vakolatlari - Mirziyoyev rahbariyati bu yo'nalishlarda yetarlicha harakat qilmayapti va aynan huquq ta'minlanishida ko'p hollarda orqaga qadam tashlamoqda", - deydi Sverdlov.

"Prezidentlikka kelganidayoq Prezident Mirziyoyev tizimda mas'uliyat bo'ladi deya va'da qilgan. Internet va axborot maydoni ochiq bo'ladi, deya va'da qilgan. Ammo xavfsizlik organlari eski taktikalarni ishga solib, tanqidiy va mustaqil ovozlarga bosim o'tkazar ekan, Prezident Mirziyoyev buni biladimi, nega jim turibdi, deya so'rayapmiz".

Pandemiya davrida ayrim jurnalistlar korrupsiya hamda COVID-19 bilan kurashdagi muammolarni yoritgani uchun tazyiqqa uchradi, ayrim hollarda hibsga olindi, deya qayd etadi Sverdlov.

"Aslida hozir Prezident Mirziyoyev jurnalistlar bilan anjuman o'tkazib, ularning savollariga bevosita javob berishi kerak bo'lgan payt", - deydi mutaxassis.

O'zbekistonda hali ham muxolif partiya yo'q, hamon buning uchun ruxsat berilmadi, deydi Sverdlov. Siyosiy mahbuslar ozod etilgani tahsinga sazovor, deydi huquqshunos, biroq endi bu insonlar nega qamalgani va ularga nisbatan adolatsizliklar ham muhokamaga chiqishi kerak.

"... gap va va'dalar amalga ko'chib, jamiyat va iqtisodda sezilishi kerak."

BMTning O'zbekistondagi bosh vakili Helena Freyzer nazarida bugun O'zbekiston hukumati xalqaro maydonda har doimgidan ham faol va shijoatli. Davlat oshkoralik tarafdori ekanini eslatib turibdi va xususan BMTning inson huquqlari bo'yicha mexanizmlari bilan hamkorlik kuchaygan, deydi rasmiy.

"Islohotlar dasturi buyuk maqsadlarni ko'zlaydi. Ularga erishish uchun mentalitet va yondashuv o'zgarishi lozim. Bu uzoq muddatli birlamchi talab", - deydi Freyzer.

Ikkinchidan, gap va va'dalar amalga ko'chib, jamiyat va iqtisodda sezilishi kerak. Ayniqsa, eng quyi qatlamda yashayotganlar o'zgarishlarni his qilishi zarur. Bular, deydi BMT diplomati, O'zbekiston oldidagi eng og'ir vazifalar.

"Shunday ish tutish kerakki, islohotlar har bir qadam bilan odamlarni o'ziga tortaversin, samara tobora ko'zga tashlansin. Korrupsiyaga qarshi kurash, xotin-qizlar rolini oshirish, energetik manbalarni xilma-xillashtirish, moliyaviy siyosat yoki bolalar mehnati - biror jabhada yutuqlar boy berilmasin, aksincha ular keyingi o'zgarishlarga zamin yaratsin, jarayonlarni yanayam jadallashtirsin", - deydi Freyzer.

Ijtimoiy tengsizlikka nisbatan choralar, fuqaro jamiyatini quvvatlash, inson huquqlari e'zozlanishi uchun sharoit yaratish - nihoyatda murakkab ishlar, deydi u, lekin O'zbekiston ularni qilishga bel bog'lagan va bu yo'ldan qaytmasligi lozim.

Pandemiyadan tezroq chiqish uchun O'zbekistonda hukumat, ilm ahli, nohukumat tashkilotlar, faollar, jurnalistlar, bizneslar va albatta, parlament birdam bo'lishi zarur, deydi Freyzer, ya'ni ular bir-birini tinglagan, tushungan va quvvatlagan holda harakat qilishi lozim.

Toshkent supermarketlari oldida, 9-aprel, 2020
Toshkent supermarketlari oldida, 9-aprel, 2020

Pittsburg universiteti professori, Boshqaruv va iqtisodiyot markazi direktori, Jennifer Murtazashvili tahlilicha ham Prezident Mirziyoyevning eng katta yutug'i tashqi siyosatda va tijoratda. Konvertatsiya bilan bog'liq o'zgarishlar O'zbekistonni yangi asrga olib kirdi, deya sharhlaydi ekspert.

"O'nlab yillar davomida O'zbekiston Afg'onistonga tahdid o'chog'i deb qaradi. Endilikda uni do'st va qo'shni sifatida ko'rib, imkoniyatlar ochmoqda. Islohotlar davom etaversa, O'zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoda jiddiy mintaqaviy iqtisodiy markazga aylana oladi".

Biroq, deydi Murtazashvili, davlat tizimida islohotlar juda sekin.

"Prezidentning nufuzi baland ekan, islohotlarni paysalga solmay jadal sur'atlarda qilaverish kerak."

"Davlat moliyasi, byudjet, xizmat ko'rsatish kabi masalalar hali ham eskicha tartibda ekani mamlakat ikkinchi bor karatinga kirganida ayniqsa sezildi. Moliyaviy yordamni, naqd pulni mahalla kengashlari orqali tarqatishar ekan, sistematik nuqsonlar yaqqol ko'zga tashlandi", - deydi ekspert.

"Korrupsiyadan noliganlar ko'p bo'ldi. Adolatsizliklardan shikoyatlar. Hukumatga ishonchni pasaytiradigan hollar. Fuqaro bularga qarab, tizim hali ham eski zamondagidek, ko'p narsa o'zgarmagan, deya xulosa qiladi".

Prezident Mirziyoyev hokimlar tayinlanmasin, saylansin, degan. Biroq, deydi Murtazashvili, bunday o'zgarish mas'uliyatni ta'minlash uchun yetmaydi. Chunki hokimlar o'zini fuqaro oldida emas, markaziy hukumat oldida javobgar va hisobdor deb biladi. Fuqaro rolini kuchaytirish kerak. Bu esa erkinlik va qonun ustuvorligi talab qiladi.

"Prezidentning nufuzi baland ekan, islohotlarni paysalga solmay jadal sur'atlarda qilaverish kerak. Vaqt muhim omil. O'zgarish qilish oson emas, har qanday mamlakatda. Eng muhimi, xalqni ishontira olish va uning quvvatloviga ega bo'lish", - deydi olima.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG