O’zbekiston iqtisodi ochilmoqda, ammo hamon shaffoflik talablariga javob bermaydi. Ayniqsa byudjet, tashqi qarzlar, tabiiy boyliklar, bu zahiraga investorlar qanday shartlar asosida jalb etilayotgani yuzasidan.
Moliyaviy oshkoralik haqida xalqaro hisobot e’lon qilgan AQSh Davlat departamenti O’zbekiston xususida asosan shunday xulosaga kelgan.
Tahlilnoma bilan tanishib chiqqan iqtisodchi ekspert Abdulla Abduqodirov deydiki, AQSh O’zbekistonda shaffoflik masalasiga e’tibor qaratayotgani muhim.
“Bu hisobotga AQSh-O’zbekiston munosabatlari o’rtasidagi ko’rsatkichlardan biri sifatida qarash mumkin. Chunki shaffoflik masalasi haqiqatda muhim, avvalo O’zbekiston hukumatining o’zi, jamoatchilik uchun. Asosiysi, O’zbekiston hukumatida shaffoflik tomon harakat haqiqatda mavjud".
Yaqinda Moliya vazirligi tashabbusida shaffoflikka, xususan O’zbekistonning tashqi qarzlariga bag‘ishlangan videomuloqot shaklidagi xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi.
Ekspert fikricha, bu Toshkentning masalaga jiddiy yondashayotganidan dalolat beradi.
"O’zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo’chqorov boshliq delegatsiya va yirik moliyaviy tashkilotlar qatnashgan bu anjuman O’zbekiston hukumatida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan qiziqishdan darak beradi. Muhim tomoni shundaki, O’zbekiston buni kimgadir yoqish uchun emas, islohotlarni tezlashtirish, xalq, jamoatchilik bilan muloqotni kengaytirish uchun amalga oshirish qarorida", deydi Abduqodirov.
"Qolaversa, AQSh hisobotida O’zbekistonni tashqi qarzi masalasida shaffoflik yetishmasligi haqida gap boradi, lekin Moliya vazirligining rasmiy sahifasida bu borada batafsil tahlil taqdim etilganini ham aytib o’tish kerak. Bunday tahlil O’zbekiston tarixida birinchi bor kuzatilmoqda, ayniqsa avvallari nafaqat davlat byudjeti hatto ayrim korxonlar faoliyati haqida ham ma’lumot olish qiyinligi inobatga olinsa”.
Darhaqiqat Moliya vazirligi rasmiy sahifasida O’zbekistonning davlat qarziga doir o‘tkazilgan xalqaro konferensiya haqidagi material mavjud. 17-iyun kuni o’zgartirilgani ko’rsatilgan bu videolavha hukumat rasmiylarini xalqaro moliyaviy tashkilotlari bilan o’tkazgan muloqoti aks etgan, xususan unda O’zbekistonning tashqi qarzi yuzasidan ham munozaralar borgan.
Davlat departamentining shaffoflik doir hisobotida O’zbekistondagi vaziyat tahliliga doir noxolislik mavjudmi?
“Men bu yerda ikkita tezisga e’tibor berdim, birinchisi O’zbekistonda shaffoflik masalasida ancha qadamlar qo’yilgani va qo’yilayotgani. Bu haqiqat. Chunki mana uch yildirki, davlat byudjetini qabul qilinishi barcha detallari bilan yoritilib borilmoqda. Mablag’ qayerga ishlatilgani, ishlatilishi ko’zda tutilgani ham Moliya vazirligi saytida ko’rsatib o’tilmoqda", - deya mulohaza yuritadi Abdulla Abduqodirov.
"Lekin u yerda boshqa tezis ham bor, ya’ni bu o’zgarishlar AQSh talablariga javob bermasligi haqida. Bu ham to’g’ri. Buni qabul qilishimiz kerak, bizga yoqish yoqmasligidan qat’i nazar. AQSh vazirliklarga ajratilgan mablag’lar amalga to’g’ri kelganmi, yo’qmi shu haqda shaffoflik so’rayapti. Shuningdek, audit masalalaridagi shaffoflik. Audit natijalarini e’lon qilib borish so’ralmoqda. Menimcha, to’g’ri qo’yilgan masala. Yana bir muhim masala davlat tomonidan yollangan kadrlar, mutaxassislar nima maqsadda olingani, ular faoliyati natijalari, samarasi qanday bo’lgani haqida hisobot berish".
Bu masalalar muhimligini barcha tushunib turibdi, deydi tahlilchi. Uningcha, bundan faqat xalq, jamoatchilik yutadi, chunki byudjetdan pul qayerga, nimaga va qanday maqsadlarda sarflanyapti, hamma uchun muhim.
"Bu esa shaffoflikni oshirishni talab etadi, lekin bunga erishish ham oson masala emas”, - deydi Abduqodirov.
Shaffoflik, jumladan moliyaviy shaffoflik ham avval O’zbekiston uchun yopiq masala bo’lib kelgan. Mamlakatda hokimiyat o’zgarishi ortidan hukumat hisobdorligi, xususan shaffoflik masalasiga ham munosabat o’zgara boshladi.
Ammo rahbariyat iqtisodiyotda bir qadar ochiqlik namoyon etayotgan bo’lsa-da, masala byudjetga, yirik shartnomalarga, tenderlarga taqalar ekan, hokimiyatda shaffoflik yo’q. Bu esa turli munozaralarga sabab bo'lib kelmoqda.
Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida ham O’zbekistonda hokimiyat va biznes manfaatlar tutashib ketgan. Iqtisodiy sohalarni tor doirada taqsimlash - davlat siyosati, deya tanqid qiladi, norozi tomonlar.
Facebook Forum