Breaking News

AQSh: O'zbekiston moliyaviy oshkoralik yo'lida, lekin hamon ancha yopiq


Sobiq sovet o'lkalaridan faqat ikkitasida moliyaviy oshkoralik tomon progress bor, deya sarhisob qilmoqda AQSh Davlat departamenti. O'zbekiston va Ukrainada.

Xususan, O'zbekistonda hozir davlat sarf-xarajati bilan bog'liq rejalar ochiq ko'rsatiladi. Daromad manbalari yashirilmaydi. Byudjet hujjatlari ommaga taqdim etiladi, deyiladi Vashingtonda chiqqan yillik tahlilnomada.

141 hukumatning moliyaviy faoliyati o'rganib chiqilgan. 76 tizim minimal talablarga javob beradi. 14 davlatda esa ijobiy o'zgarishlar salmoqli.

O'tgan bir yilda O'zbekistonda byudjet bilan bog'liq jarayon bir maromda kechgan. Reja taqdim etilib, muhokama qilingan. Amalga oshirilgan va yil oxirida hisobot berilib, yana jamoatchilik e'tiboriga qo'yilgan, jumladan, internetga.

O'zbekiston tashqi qarzlarini, davlat egalik qiladigan sanoatlar bilan bog'liq moliyaviy yetishmovchilik va muammolarni ochiq tan olsa-da, detallar har doim ham berilmaydi. Vazirliklarning xarajatlari va tabiiy boyliklardan tushgan daromad hamda davlatning chet eldagi hisoblari xususida ham ma'lumot yo'q.

Byudjet hujjatlarida ijroiya organi xarajatlari ham ko'rsatilmaydi. Shu bois, deyiladi AQSh tahlilnomasida, O'zbekistonda davlat sarfiyati haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lish mumkin emas.

Davlatning eng yuqori audit organi berishi kerak bo'lgan hisobot ham ochiq emas.

Qazilma boyliklarga tenderlar va litsenziyalar berish jarayoni ham oshkoralikdan yiroq. Bu borada qonunlar, nazorat mexanizmlari aniq emasligi uchun tekshirish amri mahol.

Bu muammolarni hisobga olgan holda AQSh Mirziyoyev ma'muriyatiga quyidagilarni tavsiya qilmoqda:

  • qarz haqida ochiq bo'ling, tegishli hujjatlar oshkora etilsin;
  • vazirlikma-vazirlik barcha xarajatlar, shuningdek, davlat tasarrufidagi sanoat va bizneslarning daromadlari ma'lum qilinsin;
  • byudget hujjatlari ishonchli bo'lishi uchun zarur detallar qo'shilsin;
  • byudjet ijrosi yuzasidan audit natijalari va hisobotlar vaqtida chiqsin;
  • tabiiy boyliklarni kim qaziyotgani, litsenziya va shartnomalar qay asos va shartlarga ko'ra kimga tegayotgani qonunan va amalda oshkora bo'lsin;
  • davlat tomonidan kim qanday xizmat uchun yollanayotgani ochiqlansin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG