Xalqaro kuzatuvchilar fikricha, O'zbekistonda 2019-yil 22-dekabr kuni bo'ladigan Parlament saylovlarida fuqarolar uchun haqiqiy tanlov umkoniyati yo'qligi xavotir uyg'otadi. Bu haqda "Human Rights Watch" tashkiloti chiqargan so'nggi bayonotda aytiladi.
Bu yilgi saylovlar Shavkat Mirziyoyev prezident bo'lgandan beri o'tkazilayotgan ilk ommaviy saylovlar hisoblanadi va shu bois hukumat o'tkazayotgan islohotlarning qanchalik amalga oshayotgani ko'rsatkichi hisoblanadi, deyiladi hujjatda.
Saylovlarni kuzatish uchun O'zbekistonga ilk bor to'liq missiyasini jo'natgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti (YXHT) ayni paytda yangi Saylov kodeksi "fundamental huquqlar kafolatining yo'qligi yoki ularga cheklov qo'yilgani" bois kutilgan samarani bermasligi mumkinligidan ogohlantirdi.
Nomzodlar faqat ro'yxatga olingan besh partiyadan ko'rsatilgan. Mustaqil yoki xorijdagi muxolif partiyalar ishtirokiga ruxsat berilmagan.
"O'zbekiston yaqinda muhim islohotlarni taqdim etdi. Bu islohot ruhining marzkur parlament saylovlariga ko'chmagani boy berilgan imkoniyatdir, - dedi "Human Rights Watch"ning Markaziy Osiyo va Yevropa bo'yicha direktori Hyu Uilyamson. - Toshkent kelajakda mustaqil partiya va nomzodlarning bunday saylovlarda qatnashishiga ruxsat berishi kerak".
Tashkilotning "Savol-javoblar" shaklida tayyorlangan bayonotida O'zbekistonda shu oy kutilayotgan saylovga oid umumiy ma'lumotlar, shuningdek, inson huquqlariga oid vaziyat, saylovning matbuotda qanday yoritilayotgani hamda ayol nomzodlar haqidagi mavzularga ham e'tibor berilgan.
Bayonot inson huquqlariga doir vaziyat so'nggi yillarda yaxshilanganini qayd etib, ayni paytda mavjud kamchiliklarni ham tilga oladi.
Facebook Forum