AQShning 13 kompaniyasi, yirik bizneslar vakillari mamlakat Tijorat vazirligi delegatsiyasi tarkibida Toshkentda bo'lib, O'zbekistondagi biznes va sarmoya muhiti bilan tanishmoqda.
Mehmonlar davlat korxonalari va xususiy sektorni ko'zdan kechirmoqda.
Oʻtgan yili kuzda AQSh Tijorat vaziri Uilbur Ross Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan va hamkorlikni oshirishga kelishib olgan edi.
Amerika elchixonasiga ko'ra, “GE”, “Bechtel”, “Procter & Gamble”, va “John Deere” kabi kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiya oʻzi uchun savdo va investitsiya imkoniyatlari ochilishiga umid qilmoqda.
Ikki davlat orasidagi savdo hajmi 2017-yilda qariyb 150 million dollar, 2018-yilda esa 300 million dollardan ortgan.
Yaqinda ish boshlagan elchi Daniel Rozenblum bugun Toshkentda biznes forumda shunday dedi:
“Oʻzbekiston hukumatining jiddiy saʼy-harakatlari natijasida Oʻzbekistonning iqtisodiy qiyofasi tez oʻzgarib bormoqda. Tobora koʻproq amerikalik kompaniyalar oʻzbek bozori imkoniyatlari bilan tanishmoqda. Biz AQSh va Oʻzbekiston xususiy sektorlari oʻrtasida yanada chuqurroq va kengroq munosabatlar oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlaymiz”.
“Mamlakat oʻz iqtisodini diversifikatsiyalash va Markaziy Osiyo yuragidagi strategik geografik oʻrnidan foydalanishga intilar ekan, koʻplab biznes sektor vakillaridan iborat AQSh savdo delegatsiyasining ishtiroki Oʻzbekistondagi savdo va investitsiya imkoniyatlari oʻsib borayotganidan dalolat bermoqda”, - dedi Rozenblum.
Forumda O'zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ham qatnashdi.
Energetika, Transport va Sogʻliqni saqlash vazirlari ham ishtirok etdi.
“Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston Respublikasining strategik hamkoridir. Mamlakatlarimiz oʻrtasida ikki tomonlama oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, ilmiy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirish aloqalarimizni mustahkamlashdagi muhim qirralardan biridir. Ishonchim komilki, bunday tadbirlar mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi munosabat va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilib, hamkorlikning yangi sohalarini topishga yordam beradi,”- dedi Umurzoqov.
Facebook Forum