AQSh Mehnat vazirligi yillik xalqaro hisobotida "O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishni sezilarli ravishda qisqartirdi", deya xulosa qildi.
Vazirlik O'zbekistonni o'z "qora ro'yxatidan" qisman chiqargan. Unda 76 mamlakatda 148 mahsulot bolalar mehnati yoki majburiy mehnat mahsuli sifatida tasvirlanadi. O'zbekiston hamon shu qatorda, ya'ni mamlakat paxtasi hamon kattalarni majburiy mehnatga jalb etish orqali yetishtiriladi.
Vashington respublikaga bu muammoni bartaraf etish uchun qator tavsiyalar beradi, jumladan kvota tizimidan voz kechish, mehnat uchun munosib haq to'lash hamda mexanizatsiyani takomillashtirish. O'zbekiston rasmiylari bu borada harakatlar jadal ekanini aytadi.
AQSh hukumati nazarida ham respublikada majburiy mehnatga qarshi kurash avjida. Mamlakatni rag'batlantirish bilan Vashington O‘zbekistonni hozirgi sa'y-harakatlarni susaytirmaslikka, oldinga intilaverishga undamoqda.
Lekin huquq himoyachilari va faollardan iborat uyushmalar, xususan o'nlab biznes va nohukumat tashkilotlarni birlashtirgan "Paxta kampaniyasi" ta'biricha, Amerika hukumati O'zbekistondagi vaziyatga shoshqaloqlik bilan yondashmoqda, ya'ni majburiy mehnatga chek qo'yildi deyishga hali erta.
Qilinmagan ish, erishilmagan yutuq uchun mukofot berish kerak emas, deydi norozi taraf. Paxta dalalarida yurganlarning ko'pi hali ham majburan chiqadi, aks holda korxonasi ishdan bo'shatadi yoki bosimga oladi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti masala yuzasidan AQSh hukumati bilan hamfikr. Mustaqil ekspertlar, xususan Londonda asoslangan Korrupsiya va inson huquqlari bo'yicha tashkilot bu organni ham noxolislikda va noto'g'ri ma'lumot berayotganlikda ayblaydi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti barcha xulosalari o'zi olib borgan monitoring natijalariga asoslanganini bildirib, mamlakat bo'ylab majburiy mehnatga qarshi targ'ibot ishlari va treninglar olib borayotganini qayd etmoqda.
Facebook Forum