Breaking News

Fuqarolar jamoat ishlariga majburlansa “jazo qattiq bo’ladi” 


O’zbekistonda inson huquqlari poymol etilayotganining aniq ko’rsatkichlaridan biri bo’lib kelgan majburiy mehnat Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan taqiqlanishi kutilmoqda.

Bunday qarorga turtki bergan omil - kattaqo’rg’onlik o’qituvchi Diana Yenikeyevaning o'limi, aniqrog'i Prezident Shavkat Mirziyoyevning fojia yuzasidan bildirgan achchiq taassufi.

Hokimlar hozircha hayfsan bilan qutulyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:56 0:00

Kattaqo’rg’onda maktab o’qituvchilari ko’cha tozalashga olib chiqilgan paytda 23 yoshli Yenikeyevani yuk mashinasi urib ketgan. Ular Mirziyoyevning Samarqand safariga tayyorgarlik ko’rish munosabati bilan ko’cha tozalashga olib chiqilgan edi.

Fojia prezident tashrifiga tayyorgarlik jarayonida sodir bo’lgani jamoatchilikda keskin munozaralar uyg'otdi. Hatto Mirziyoyev marhumaning oilasiga shaxsan ta’ziya bildirishi haqida gap-so’zlar ham tarqalgan edi.

Ammo prezident 14-mart kuni Samarqandda sodir bo’lgan bu voqea haqida oradan bir oy o’tib, 13-aprel kuni Sirdaryoga qilgan safari davomida to’xtaldi:

“Men samarqandlik o‘qituvchining vafoti haqida eshitdim. Qandaydir rahbar, hokim yoki uni o‘rinbosari qachondir mehmon keladi deb ikki-uch kun oldin aytgan. Lekin mening yuragimda bu xuddiki men tufayli yuz bergandek tuyuldi. Yana bir bora va so'nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda”, - dedi Mirziyoyev.

Uning matbuot kotibi Komil Allamjonov jurnalistlarni maxsus brinfingga ham chaqirdi. U majburiy mehnatga qarshi hukumat darajasida qaror qabul qilinayotgani, prezidentning viloyatlarga safari oldidan mahalliy hokimliklar ko’zbo’yamachilik qilayotgani haqida gapirdi.

17-aprel kuni esa Bosh vazir Abdulla Aripov majburiy mehnatga qarshi selektor yig’ilishini o’tkazdi. Mahalliy hokimliklarni, Xalq ta’limi, Sog’liqni saqlash vazirini jiddiytanqid qilgan Aripov siyosat o’zgargani, “paxtaga haydash”, “odamlarni dalaga ommaviy chiqarish” kabi topshiriqlar zamoni tugaganini eslatdi.

Majlisda o’qituvchilarni, shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilgan qator viloyat hokimlariga hayfsan berilgan, hokimlarning pushaymonligi, majburiy mehnat masalasiga butunlay barham berilishi haqida va’dalar tinglangan.

Hayfsan olgan hokimlar orasida Samarqand viloyati hokimi ham bor. Hokim Turob Jo’rayevning majlisdagi ma’lumotiga ko’ra, Diana Yenikeyevaning o’limi yuzasidan surishtiruv o’tkazilgan, maktab direktori, Xalq ta’limi vazirligini tuman bo’limi boshlig’i ishdan olingan.

Mirziyoyev Sirdaryodagi chiqishida esa ko’cha tozalashga buyruq hokim yoki uning o’rinbosari tomonidan berilganini ehtimol qilgan edi.

Aripov o'tkazgan majlisda majburiy mehnatga bevosita ko’rsatma bergan hokimliklardan biror mas’ul rahbar ishdan ketgani haqida ma’lumot uchramaydi.

O’qituvchilarni, shifokorlarni haqoratlashi bilan tanilgan hokimlar ham navbatdagi hayfsan bilan cheklanishgan xolos. Aholi, jumladan o’qituvchi, shifokor yoki davlat korxonalari xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilinishi ortida bevosita hokimlar turadi.

Matbuotda ko’cha tozalashdan, dalaga chiqishdan bosh tortgan o’qituvchilarni kaltaklayotgan, haqoratlayotgan hokimlar haqida xabarlar ko’p. Bu holatlar yuzasidan prokuratura tekshiruv o‘tkazayotgani haqidagi ma’lumotlar ham chiqqan edi. Ammo hozircha hokimlarga nisbatan biror jazo tayinlangani ma’lum emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG