Breaking News

Hukumat: O'zbekistonda hech kim majburan paxta termaydi


Bosh vazir Abdulla Aripov
Bosh vazir Abdulla Aripov

O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatdan butkul voz kechish qaroriga Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan qilgan nutqi va AQShdagi muzokaralar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

O'zbekiston: Paxta terimi qanday kechmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:35 0:00

Huquq himoyachilari hukumatning talaba, o‘qituvchi va shifokorlarni paxta terimidan qaytarish qarorini olqish bilan kutib olishgan. Bosh vazir ishtirokidagi majlisda e’lon qilingan bu qaror paxtani aholi va fidoyi yoshlar yordamida terib olishni maqsad qiladi. Hukumat paxta terimiga chiqqan yoshlarga imtiyozlar va’da qilmoqda.

Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishi 21- sentabrda tunda, Mirziyoyevning AQSh safaridan O‘zbekistonga qaytishi ortidan o‘tkazilgan.

Huquq himoyachilari mamlakatda paxta kampaniyasi avjida bo‘lgan bir paytda majburiy mehnatdan voz kechish, daladagi talabalar, o‘qituvchilar, shifokorlarni ortga qaytarish ko‘rsatmasi berilgan bu majlis qarorini tarixiy deya baholashmoqda.

Davlat muassasalari xodimlari majburiy mehnatidan voz kechish ko‘rsatmasi Bosh vazirga tegishli bo‘lsa-da, qaror AQShda muzokaralar o‘tkazib qaytgan Mirziyoyevning tashabbusi ekanligi shubhasiz ko‘rilmoqda.

18 -20 sentabr kuni AQSh safarida bo‘lgan Mirziyoyev BMT minbaridan qilgan chiqishida O‘zbekiston Xalqaro Mehnat Tashkoti bilan muzokaralar yuritgani, bolalar va majburiy mehnatdan voz kechish uchun amaliy qarorlar qabul qilgani haqida gapirdi.

Ammo, huquq himoyachilariga ko‘ra, prezident BMT minbaridan majburiy mehnatga barham berilgani haqida gapirayotgan bir paytda O‘zbekistonda talabalar, o‘qituvchilar, shifokorlar ham ommaviy ravishda paxta terimiga safarbar qilingan edi.

Paxta terimi yuzasidan monitoring o‘tkazib kelayotgan huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaga 21 -sentabr kuni ham o‘qituvchilar, shifokorlar, talabalar dalada bo‘lishgan.

“Hukumatning bu qarori olqishli, bu bir tomondan majburiy mehnat mavjudligini isbotlasa, ikkinchi tomondan hukumatning majburiy mehnat yuzasidan pozitsiyasida o‘zgarishlar bo‘layotganini anglatadi. Hozirgacha hukumat xalqaro tashkilotlarni majburiy mehnat yo‘qligiga ishontirish bilan band bo‘lib kelayotgan edi. Bu qaror esa hozirgi kungacha, ya’ni sentyabrning shu sanasigacha haqiqatda majburiy mehnat mavjud ekanligini ko‘rsatdi. Hukumat bu narsani tan oldi, shu bilan birga shifokorlarni, o‘qituvchilarni, talabalarni paxtadan o‘z joylariga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qildi, bu albatta yutuq”, - deydi Eshonqulova.

Faollarga ko‘ra, sentabr oyining boshidan, sentabrning 22-siga qadar davom etgan bu ommaviy safarbarlikka prezidentning AQShdan O‘zbekistonga qaytishidan so‘ng, favqulodda o‘tkazilgan majlisda barham berilgan.

O‘zbekistonda majburiy mehnat masalasi Mirziyoyevning AQShdagi uchrashuvida, jumladan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tizimiga katta miqdorda sarmoyalar kiritishni rejalayotgan Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan o‘tkazgan muzokarasida ham ko‘tarilgan.

Bu uchrashuvda O‘zbekistonda bolalar mehnatiga chek qo‘yilganini e’tirof etgan Jahon banki rahbari majburiy mehnat masalasida ham ijobiy natijalar bo‘lishiga umid bildirgan.

Huquq himoyachilari hukumatni o‘qituvchi, shifokor va talabalarni paxtadan qaytarish qaroridan keyin ham majburiy mehnatdan voz kechilgani haqida tugal gapirishga hali erta ekanligini aytishadi.

“Hozir paxta ko‘ngilli yoshlar yordamida terib olinishi aytilmoqda. Ammo bu yoshlar kim, talabalarmi, yoki ishsiz yurgan yoshlarmi? Har holda ishsiz yurgan yoshlarni ixtiyoriy jalb qilinishi ehtimoldan uzoq ko‘rinadi, ularning aksariyati tirikchilik maqsadida har tomonga tarqab ketishgan. Qolaversa, kuni kecha menga shifoxonada qorovul bo‘lib ishlaydigan bir kishi telefon qilib, yordam so‘radi. Uning aytishiga qaraganda, shifoxona rahbari paxta terimiga chiqishiga topshiriq bergan. Bunday holatlar hali mavjud ”, - deydi Eshonqulova.

Bu yilgi paxta kampaniyasiga doir o‘tgan yig‘ilish qaroridan ayon bo‘lishicha, hukumat paxta terimga to‘lanadigan haqni ko‘tarish bilan aholini terimga jalb etish niyatida. 1- oktabrdan bir kilo paxta uchun 500 so‘mgacha to‘lanishi e’lon qilingan. Shuningdek, paxta terimiga ko‘ngilli ravishda chiqqan fidoyi yoshlarga turli imtiyozlar va’da qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG