O'zbekistonda viloyat hokimliklari bu yil o‘qituvchilarni paxta terimiga jalb etmaslik va’dasini berishayotgan bir paytda Xalq ta’limi vaziri majburiy mehnat mavjudligini rad etish bilan band. Maktab o‘qituvchilarining majburiy ishlarga safarbar qilinishi matbuotda ko‘tarilayotgan, ammo hamon yechimini topmayotgan muammo sifatida qolmoqda. Paxta mavsumi boshlanar ekan, mavzu yana dolzarblashgan. O‘tgan hafta Xalq va Oliy ta’lim vazirlari bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘qituvchilarning majburiy mehnatga tortilishi masalasini chetlab o‘tdi.
Buxoro va Surxondaryo viloyati hokimlari Xalqaro press klub tomonidan uyushtirilgan uchrashuvlarda bu yilgi paxta terimiga o‘qituvchilarni jalb etmaslik va’dasini berdi.
“Men viloyat rahbarligiga kelgan kunimoq ushbu masalani ko‘targanmiz. O‘qituvchi va shifokorlarni dala ishlariga, ko‘chada qator bo‘lib obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanishiga to‘liq barham beramiz”, - degan bu borada Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov.
Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev esa paxta terimi mavsumi boshlanayotgani, maktab o‘quvchilari, kollejlar, oliygohlar qatorida bu yildan sog‘liqni saqlash va xalq tizimi ham paxtaga chiqarilmasligini aytgan.
Viloyat hokimlari o‘qituvchilar majburiy mehnatini tan olayotgan bir paytda Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov “Kun.uz” nashridagi intervyusida o‘qituvchilarning mahalliy hokimiyatlar tomonidan majburiy mehnatga tortilayotganini inkor qildi. Bu intervyu o`qituvchilarning majburiy mehnatga tortilishidan Xalq ta’limi vazirligi manfaatdordek taassurot qoldiradi.
Jurnalistning o‘qituvchilar dala ishlariga, ko‘cha tozalashga hokimliklar tomonidan majburlanayotgani yuzasidan savoliga Ulug‘bek Inoyatov shunday javob berdi.
“So‘nggi 5-6 yilning ichida maktablar paxta yig‘im-terimiga umuman jalb etilmagan. Xalqaro tashkilotlar bor, ular buning barchasini kuzatib turishadi. Jamoatchilik, ota-onalar bor. Ular farzandini o‘qishning o‘rniga, paxta dalasiga chiqartirib qo‘ymaydi. Bu qat’iyan man etilgan. Endi ayrim o‘qituvchilarimizning darsdan keyin chiqib, o‘zi uchun mablag‘ ishlashi - marhamat. Uyi dalaning oldida bo‘lsa, buning yomon jihati yo‘q. O‘zbekistonning boyligi uchun chiqib, o‘zining yana pul ishlab olish imkoniyati bor. Lekin majburan hech kim bu ishga jalb etilmaydi. Har bir inson o‘zining huquqi, majburiyati, burchini tushunishi kerak. O‘zining haq-huquqlarini tushunishi lozim. Biz qaysi zamonda yashayapmiz? Bor dalaga, desa, dalaga chopqillab chiqib ketavermaydi-ku. U oliy ma’lumotli, ziyoli o‘qituvchi-ku. O‘zining haqini talab qila oladi”.
Vazirning bu bayonoti viloyat hokimliklari o‘qituvchilarni paxta dalasiga chiqarish tajribasini to‘xtatishga va’da berayotgan bir paytda yangradi.
O‘qituvchilarning ommaviy ravishda, mahalliy hokimiyatlar buyrug‘iga ko‘ra dala ishlaridan tortib, ko‘cha supurishgacha jalb qilinayotgani yuzasidan bir qator nashrlarda tanqidiy maqolalar e’lon qilingani kuzatiladi.
“Sof.uz” nashri Xalqaro press klub yig‘ilishida Oliy va o‘rta ta’lim vaziri Inom Majidovga majburiy mehnat haqida savol berishga uringan jurnalistdan mikrofon olib qo‘yilgani haqida yozdi. O‘qituvchilarning majburiy mehnati yuzasidan bir necha chiqishlar qilgan mazkur axborot sayti avvalroq Xalq ta’limi boshqarmasi xodimining o‘zi o‘qituvchilarni qishloq xo`jaligi ishlariga safarbar qilayotgani yuzasidan audioyozuv tarqatgan edi.
“Qishloq xo`jaligi birinchi masala. Har kuni maktablar to‘rt nafardan, bog‘chalar ikki nafardan odam rayononing (tuman xalq ta’limi bo‘limi) oldiga, har kuni, men o‘zim aytaman kimlar turishini, 2 3 soat ishlayapti… paxta bizga kerak, ertaga shu paxta bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham baribir biz qiynalamiz. Bilib olinglar, fermerga ham, boshqasiga ham hech narsa kerak emas”, - deydi o‘qituvchilarni dala ishlariga safarbar qilayotgan Xalq ta’limi boshqarmasi vakili.
“Sof.uz”dagi boshqa bir maqolada surxondaryolik maktab o‘qituvchisining ta’lim tizimidagi majburiy mehnatga, o‘qituvchilar qanday sharoitlarda ishlayotganiga doir shikoyatlar berilgan.
“Hokimiyat tomonidan belgilangan rejani bajarish kerak. Reja muhim, o‘z ishchisining (o‘qituvchi) sog‘lig‘i, hayoti muhim emas, sizga munosabat qilganda hayvon deyishi ham, ishonganigga bor deyishi ham mumkin. Endi o‘qituvchi degani qul yoki mardikor degani emas, hammamiz oliy ma’lumotli ziyoli insonmiz, shu narsalarga ham e’tibor qilinglar”, - deydi jumladan nashrga shikoyat bilan murojaat qilgan maktab o‘qituvchisi.
Matbuot o‘qituvchilar, ayniqsa, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari O‘zbekistondagi eng xo‘rlangan, ijtimoiy jihatdan mutlaqo himoyasiz qatlamga aylangani haqida yozmoqda, ammo hozircha vaziyatda o‘zgarish kuzatilmaydi.
O‘tgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta ta’lim vazirliklari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda yaqinlashayotgan o‘quv yiliga tayyorgarlik muhokama qilingan.
Bu haqdagi rasmiy xabarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev mazkur uchrashuvda oliy oquv yurtlari professor-o‘qituvchilarini ortiqcha buyruqbozlikdan ozod etishga tavsiya bergan. Prezidentning oddiy o‘qituvchilar himoyasi, muhofazasi uchun biror so‘z aytgani xabar qilinmaydi.
Facebook Forum