Breaking News

AQSh: O'zbekiston majburiy mehnat keng tarqalgan mamlakat


Paxta ko'tarib ketayotgan ayol
Paxta ko'tarib ketayotgan ayol

O`zbekiston, aholisi xorijda ham, yurtda ham majburiy mehnatga keng tortilgan davlat sifatida qolmoqda, deyiladi AQSh hukumatining odam savdosiga oid yillik hisobotida. Qayd etilishicha, erkaklar Rossiya, Qozog`iston, Turkiya kabi davlatlarda qullik sharoitiga tushib qolayotgan holatlar ko'p; ayollar Yaqin Sharq, Yevrosiyo va Osiyo mintaqasida jinsiy zo`rovonlik qurboniga aylanmoqda. Mamlakatdagi paxta yig`im-terimi hamon aholini majburiy mehnatga undovchi asosiy kampaniya bo`lib qolmoqda.

AQSh Davlat departamenti odam savdosiga oid vaziyat tahlil qilingan yillik hisobotini taqdim etdi. Unda O`zbekiston odam savdosiga qarshi kurash bo`yicha jiddiy choralar ko`rmayotgan davlat sifatida qayd etiladi.

Majburiy mehnat ko`rsatkichi hamon paxta kampaniyasiga asoslanganicha qolmoqda. Hisobotda mamlakatda ijobiy qadamlar qo`yilgani e`tirof etiladi, jumladan, paxta yig`im-terimida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorlik yo`lga qo`yilgani, tashkilot mutaxassislariga monitoring o`tkazishga ruxsat berilgani, bolalar mehnatiga chek qo`yilgani tilga olinadi.

AQSh majburiy mehnatga chek qo`yish uchun O`zbekistonga ayrim tavsiyalar beradi. Paxta siyosatini o`zgartirish, terimchilarning ish haqini oshirish, tibbiyot xodimlari, o`qituvchilar, talabalarni ommaviy hasharga chiqarish tajribasidan voz kechish shular jumlasidan.

O`zbekistonning bu hisobotga munosabati noma`lum, ammo 27-iyun kuni Toshkentda Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov AQSh elchisi Pamela Spratlen bilan majburiy mehnat masalasini muhokama qilgan.

Mahalliy matbuotning yozishicha, uchrashuvda Abduhakimov AQSh elchisini O`zbekistonda aholini ijtimoiy himoylash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, qishloq xo`jaligi sohasidagi o`zgarishlar, majburiy mehnatga qarshi ko`rilayotgan choralar bilan tanishtirgan.

Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayevaga ko`ra, hisobot O`zbekistondagi dolzarb muammolarni tilga olgan, ammo mehnat sharoiti bilan bog`liq ayrim holatlar, XMTning ham, hisobotning ham nazaridan chetda qolmoqda.

“Bu ko`proq nafaqat majburiy mehnat, balki turli mutaxassislik darajasida kuzatib kelinayotgan kasbiy kasalliklar, uni keltirib chiqarayotgan og`ir sharoitlarni bartaraf qilishdir. Masalan, biz bilamizki, qamoqdan mahbuslarning akasiyati og`ir mehnat sharoiti tufayli orttirilgan kasalliklar bilan chiqadi. Buni siyosiy mahbuslar misolida ham aytish mumkin. Bunday mehnat sharoitlari esa nafaqat qamoqxonada, balki sanoat, ishlab chiqarish bilan bog`liq ko`plab korxonalarda majvud. Majburiy mehnat hamon paxta kampaniyasi bilan bog`liq qolmoqda. XMTga ruxsat berilgani ma`qul, ammo bu ko`rsatkich huquq faollari ishiga taqiq qo`ymasligi kerak”, - deydi Atayeva.

Yaqinda "Human Rights Watch" va O`zbek- german forumi “Biz paxta terishdan bosh tortolmaymiz: Jahon bankining O`zbekistondagi sarmoyalari majburiy va bolalar mehnatiga bog`langan”, deb atalgan hisobot e`lon qildi.

Unda 2016-yilgi paxta terimiga nafaqat davlat, balki xususiy korxonalar, o`quv yurtlaridan hasharchilar olib chiqilgani, ayrim holatlarda bolalar ham jalb qilingani, terimni mustaqil kuzatgan huquq himoyachilari tahdid ostida qolishgani aytiladi.

“Huquq himoyachilari majburiy mehnatga doir vaziyatni kuzatishdan chetlatiladigan bo`lsa, faqat XMT tomonidan yuritilgan monitoring xolis bahoga olib kelmaydi. O`tgan yilgi mavsum XMT vakillari bilan uchrashadigan hasharchilarning oldindan tayyorlanganini ko`rsatdi”, - deydi Atayeva.

Faollar o`zbekistonliklarning xorijiy davlatlarda jismoniy va jinsiy qullikka tutilayotganini bevosita mamlakatdagi iqtosodiy ahvol natijasi o`laroq ko`rishadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG