Breaking News

Tadqiqot: O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga ishonch yo'q


O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnat hamon to'xtamagan
O'zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnat hamon to'xtamagan

O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi "Paxta kampaniyasi" nomli xalqaro koalitsiya respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasini qoralamoqda.

Andre Mrost olib borgan tadqiqot natijalari shuni ko'rsatganki, o'zini O'zbekiston ishchi-mehnatkashlari tashkiloti deb tanishtiradigan ittifoq aslida hukumatning propaganda vositasidir.

Federatsiya hech bir jihatdan mustaqil emas, deya xulosa qiladi 29-noyabr kuni e'lon qilingan tahlilnoma. Ingliz tilida chop etilgan hisobot 195 betdan iborat. Unda O'zbekistonda mehnat bilan bog'liq qonun va tartib, kasaba uyushmalariga tegishli qonunchilik, ularning faoliyati va muayyan holatlar o'rganilgan.

O'zbekiston uzoq yillardan beri BMT, uning qoshidagi Xalqaro Mehnat Tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi singari organlar bilan ishlab, ulardan yordam olib, mehnat bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash niyatida ekanini bayon etib keladi, biroq amalda samara juda oz, deyiladi hisobotda.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga jiddiy sherik sifatida qaraydi. 2003-yildan beri u bilan muntazam ravishda paxta terimini kuzatib keladi va hamkorlikda xulosa chiqaradi. Bu xulosa esa haqiqatdan yiroq, deya yozadi Andre Mrost o'z izlanishlaridan kelib chiqqan holda.

Mamlakatda hamon yuz minglab odam har yili majburan paxta terimiga olib chiqiladi. Bolalar mehnati cheklangan bo'lsa-da, katta yoshdagilar hali ham doimiy ishini tashlab, paxta terishga jalb etiladi. Mehnat sharoiti og'ir. Ishchilarning huquqlari sistematik tarzda buziladi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi esa g'ing demaydi, deyiladi "Paxta kampaniyasi" tahlilnomasida.

Birinchidan, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mustaqil emas. U a'zolari emas, hukumat uchun xizmat qiladi. Rahbariyatni davlat tayinlaydi. Boshqaruvdagi odamlar hokimiyat a'zolari, qonunchilar va tadbirkorlardan iborat. Vaholanki, ular davlat organlari va xususiy sektor bilan muzokara qiladigan, ishchi-mehnatkashlar manfaatlarini himoya qiladigan mustaqil taraf bo'lishi lozim. Federatsiya O'zbekiston rahbariyatiga sodiq ekanini qayd etib keladi. Tashkilot avtoritar ko'rinishga ega, o'zini rasmiy buyruq va qarorlarni bajaruvchi deb biladi.

Ikkinchidan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi ijtimoiy muloqot olib bormaydi. Vaholanki, ijtimoiy muloqot Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan kasaba uyushmalarining asosiy tamoyillaridan biri deb belgilangan. Federatsiya hukumat va amaldagi siyosatni biror marta tanqid qilib chiqmagan, muammolarga nisbatan chora ko'rishni taklif qilmagan va ishchi-mehnatkashlar manfaatini himoya qilib targ'ibot ishlari olib bormagan. Aksincha, deyiladi hisobotda, kasaba uyushmalari federatsiyasi hukumat tomonda turib, uning propagandasini olib boradi.

Tashkilot paxta terimida majburiy mehnatni oqlagan, uni asoslashga uringan hollar Andre Mrost tomonidan tahlil qilinib, xalqaro me'yor va talablarni buzganlikda ayblanadi. Xalqaro Mehnat Tashkilotiga bu organ bilan hamkorlik qilish sharmandali hol, deya baholanadi.

"Paxta kampaniyasi"ga ko'ra, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi xalqaro miqyosda tan olinmasligi kerak, chunki faoliyatidagi biror hol uning haqiqatdan ham kasaba uyushmalari federatsiyasi ekanini isbotlamaydi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi hali bu hisobotga munosabat bildirmagan. Lekin O'zbekiston pozitsiyasi shuki, majburiy mehnatga nisbatan chora ko'rilmoqda va bugunga kelib, vaziyat ancha yaxshilangan; islohotlar davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG