10-16 may kunlari Toshkentda muzokaralar olib borgan xalqaro koalitsiya endilikda O'zbekiston hukumatiga o'z tavsiyalari bilan murojaat qilmoqda. Vashingtonda asoslangan "Paxta kampaniyasi" majburiy mehnatga qarshi harakat bo'lib, yuzlab tashkilotlar, bizneslar va faollarni birlashtirgan. 10 yildirki, O'zbekiston paxta dalalari va boshqa joylarda odamlarning zo'rlab ishlatilishiga qarshi chora ko'rishni talab qilib, targ'ibot olib boradi.
Yangilik shuki, bu - "Paxta kampaniyasi"ning O'zbekistonga ilk tashrifi. Uni hukumat taklif qildi. To'rt kishilik delegatsiya bir hafta mobaynida nafaqat davlat idoralarida bo'ldi, balki nohukumat tashkilotlar faoliyati bilan ham tanishdi, faollar bilan muloqot qildi. Shuningdek, dehqonlar, xalqaro organlarning vakillari hamda chet el diplomatlari, xususan elchilari bilan gaplashdi.
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatda majburiy mehnat, bolalar mehnati va ular bilan bog'liq muammolarni tan olib, ularga barham berilayotgani haqida konkret bayonotlar bilan chiqqani tahsinga sazovor va "buni quvvatlaymiz", deya bildiradi koalitsiya.
"Paxta kampaniyasi"ga ko'ra, 2018-yilgi paxta mavsumi har jihatdan sinov. Hukumat hech kim majburan paxta termaydi deya bong urar ekan, oq oltinni yig'ib olish jarayoni qanday kechishini xalqaro hamjamiyat yaqindan kuzatishni va tizimda qanday o'zgarishlar qilingani va qilinayotganini ko'rishni xohlaydi.
Mehnat uchun loyiq haq to'lash, tartib buzilganda chora ko'rish, mas'uliyat va hisobdorlikni ta'minlash, odamlarga o'z huquqlari haqida ma'lumot berish kabi ishlarga e'tibor qaratilmoqda. Hukumat bu borada qattiq ishlayotganini bayon etadi, koalitsiya esa natijalarni sarhisob qilishga shay.
"Paxta kampaniyasi"ga kirgan o'nlab firmalar, ishlab chiqaruvchilar va savdo tizimlari O'zbekiston paxtasini boykot qilib, u ishlatilgan mahsulotlardan voz kechganiga ancha bo'ldi. Ularni bu qaroridan qaytarish uchun O'zbekistonda majburiy mehnatga sistematik ravishda barham berilgani isbotlanishi kerak.
2017-yildagi hisobotida "Paxta kampaniyasi" qator ijobiy hollarni tan olgan, lekin odamlar zo'rlab ishlatilayotgani xususida ham ko'plab dalillar to'plagan.
Azaliy muammoni yengish vaqt va qattiq mehnat talab qilishi tayin, deya bildiradi koalitsiya. Buning uchun O'zbekiston hukumatiga mukammal strategiya, xususan muddat bilan belgilangan chora-tadbirlar dasturi lozim. Samarani o'lchay olaylik, ko'rsatkichlar aniq bo'lsin va eng muhimi, eski odatlarga qaytmaslik ta'minlansin. Tizim doimiy progressda bo'lsin, deyiladi tavsiyanomada.
"Paxta kampaniyasi" vaziyatni o'rganib, o'z tavsiyalarini yangilab borishga bel bog'lagan. Koalitsiya hukumat bilan hamkorlikni yo'lga qo'yayotganidan mamnun.
- Ta'lim va sog'liqni saqlash xodimlarini paxtaga olib chiqish amaliyoti bas qilinsin. Chiqmagani uchun to'lov olinmasin. Huquqiy va siyosiy islohotlar orqali bu tizim bekor qilinsin.
- Odamlar shikoyat qilmoqchi bo'lsa, buning uchun imkoniyat yaratilsin. Oshkoralik va hisobdorlik ta'minlansin. Fuqaro jamiyati monitoring qila olsin, informatsiya to'play olsin.
- Muammoni qadamma-qadam yengish dasturi ishlab chiqilib, mehnat va ishlab chiqarish yuzasidan kvotalar qo'yish to'xtatilsin.
- Chora-tadbirlar haqida internetda va bosma ma'lumotlar chop etilib, jamoatchilik orasida targ'ib qilinsin. Odamlar o'z fikrini bemalol aytishi uchun sharoit yaratilsin. Mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga yo'l ochilsin.
O'zbekiston Bosh vazir o'rinbosari Tanzila Narbayeva ham "Paxta kampaniyasi" delegatsiyasi bilan uchrashgan. Aprel oyida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Narbayeva koalitsiya bilan hamkorlik yo'lga qo'yilayotganini aytib, muloqot konstruktiv bo'ladi, deya umid bildirgan edi.
"Asosli takliflar bo’ladigan bo’lsa, qabul qilamiz va birgalashib amaliyotga joriy qilamiz", - degan edi Narbayeva.
O'zbekiston hukumati Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan yaqindan ishlamoqda. Bu organ hisobotiga ko'ra, o'tgan yili 300 mingdan oshiq majburiy mehnat bilan bog'liq holat qayd etilgan.
Facebook Forum