Breaking News

Paxta terimini kuzatgan jurnalist Dmitriy Tixonov bezorilikda ayblanmoqda


Dmitriy Tixonovning ishi bilan uning advokati shug'ullanmoqda. Sud yaqin kunlarda o'tishi kutilyapti. Qonunchilikda “mayda bezorilik” uchun jarima yoki 15 sutkalik qamoq jazosi belgilangan
Dmitriy Tixonovning ishi bilan uning advokati shug'ullanmoqda. Sud yaqin kunlarda o'tishi kutilyapti. Qonunchilikda “mayda bezorilik” uchun jarima yoki 15 sutkalik qamoq jazosi belgilangan

O'zbekistonda majburiy mehnat bilan bog'liq vaziyatni o'rganib kelayotgan huquq himoyachilaridan biri Dmitriy Tixonov bezorilikda ayblanib, unga qarshi ma'muriy ish ochilgan.

Paxta terimini kuzatgan jurnalist Dmitriy Tixonov bezorilikda ayblanmoqda - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:10 0:00

Angrendagi mahalla qo'mitasi faollari arizasiga ko'ra, qo'zg'atilgan ish paxta kampaniyasi monitoringi bilan bog'liq.

Tixonovga Ichki ishlar boshqarmasidan telefon qilishib, ma'muriy ish tafsilotlari bilan tanishishni, 20-oktabr kuni ish yuzasidan sud bo'lib o'tishini aytishgan.

“Advokatim u yerga borishimni maslahat bermadi, uning o'zi borib ish bilan tanishib keldi. Ammo ish materiallaridan nusxa ko'chirmoqchi bo'lganida unga ruxsat berishmabdi. U aniqlagan narsa shuki, ish ma'muriy, 183-modda - “mayda bezorilik”. Menga nisbatan uchta ayol ariza yozgan, ulardan ikkitasi mahalla qo'mitasining raislari. Xullas, advokatim ish tafsilotlari bilan tanishgani yana boradi, qolgani shundan so'ng ma'lum bo'ladi”, - deydi Tixonov.

Huquq himoyachisi militsiyaga murojaat qilgan arizachi ayollarni sentabr oyida Angrenda paxta terimini kuzatayotganda uchratgan.

“Angren hokimiyati terimga hasharchilarni safarbar qilayotgan edi. Byudjetdagilar bir kunga, mahalladagilar esa 20 kunga jo'natilayotgan edi. Men kolonna yig'ilgan paytda ular orasidan o'tib, savol-javob qildim, kim qayerga necha kunga ketayapti. Sekin suratga, tasvirga oldim. Endi ketaman deb turganimda mahalla qo'mitasi raislaridan biri kelib, nega suratga olayotganimni so'ray boshladi. Bir pasda atrofimga bir necha kishi to'planib, menga baqira boshlashdi - “paxta bizning boyligimiz”, “suratga olgancha borib paxta ter, bularni kimga ko'rsatmoqchisan” qabilidagi gaplar bilan. Men biror qarshilik ko'rsatish befoydaligini bilib, tezgina jo'nab ketdim. Keyingi kun esa hokimiyat ikkinchi kolonnani jo'natdi, men u yerga ham bordim. Shu kuni meni militsiya olib ketdi, 4-5 soatlar ushlab o'tirishdi, kaltaklashga ham ulgurishdi. Ma'lum bo'lishicha, hokimiyat o'sha ayollar vositasida mening ustimdan militsiyaga shikoyat bilan murojaat qilgan ekan”, - deydi Tixonov.

Dmitriy Tixonovning ishi bilan uning advokati shug'ullanmoqda. Sud yaqin kunlarda o'tishi kutilyapti. Qonunchilikda “mayda bezorilik” uchun jarima yoki 15 sutkalik qamoq jazosi belgilangan.

Tixonov ma'muriy ishni paxta kampaniyasi, xususan, huquq himoyachilari majburiy mehnat keng qo'llanilganini fosh etishayotgani bilan bog'liq deb hisoblaydi.

Avvalroq majburiy mehnatga doir vaziyatni o'rgangan huquq himoyachilari Yelena Urlayeva va Malohat Eshonqulovlar ham siquvga olingan. Paxta dalasidan Ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilib so'roq qilingan, qo'pol ravishda tintuvdan o'tkazilgan edi.

O'zbekiston hukumati mamlakatda majburiy mehnat mavjudligini rad etib keladi, paxta yig'im-terimiga chiqarilayotgan minglab odamlar ko'ngilli hasharchilar sifatida taqdim etiladi.

Huquq himoyachilari esa milliondan oshiq hasharchilar hokimiyat tomonidan ishidan, o'qishidan haydalish tahdidi ostida majburan dalaga olib chiqilayotgani haqida xabar berishadi.

Yaqinda hukumat paxta rejasi bajarilgani haqida bayonot berdi. Ammo hasharchilar hamon dalada, terim to'xtamagan, paxta kampaniyasi yakunlangani haqidagi hukumat buyrug'i kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG