Qariyb 30 yildirki AQShning har bir prezidenti, ya'ni uning ma'muriyati dunyoning boshqa mintaqalariga nisbatan bo'lgani singari Markaziy Osiyoga ham o'z siyosiy strategiyasini tanishtiradi. Jorj Bush, Bill Klinton, Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp. Davlat departamenti prezident muddatida kamida bir bor Markaziy Osiyodagi maqsadlar va vazifalar xususida katta bayonot chiqarib, prioritetlarni tushuntiradi.
1990-yillarning oxirida Davlat kotibi bo'lgan Madlen Olbrayt aytganidek, AQSh tashqi siyosatida strategiya aslida hech o'zgarmaydi. Yangilanadigan narsa - taktika, siyosiy maqsadlarga yetish yo'llari, yondashuvlar va umumiy munosabatlar.
Tramp ma'muriyati o'zining birinchi uch yilida mintaqaga nisbatan Obama davridagi yondashuv bilan ishlab keldi. O'zaro manfaatlarga asoslangan, har ikki tomonga birdek ma'qul sohalarda hamkorlik; muntazam diplomatik maslahatlashuvlar; ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalar.
2020-yilning boshida esa Markaziy Osiyoga nisbatan strategiya rasman yangilandi. Bu - hukumatning barcha tegishli idoralari orasida kamida bir yillik muhokama mahsuli.
Oq uy va Davlat departamenti uni tushuntirar ekan, amalda sezilarli o'zgarishlar bo'lmasligi oydinlashdi. Tramp strategiyasi va yondashuvining oldingi prezidentlarnikidan deyarli farqi yo'q.
Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish, terrorga qarshi kurash, Afg'oniston bo'yicha hamkorlik, mintaqaviy hamkorlikni rivonlantirish, islohotlar va inson huquqlari quvvatlovi va targ'iboti, AQShdan sarmoya jalb etish va taraqqiyotda ko'maklashish.
Prezident Trampning mintaqa bo'yicha maslahatchisi Liza Kurtis deydiki:
"O'tgan yillar mobaynida Markaziy Osiyoda yuz bergan muhim o'zgarishlar bizni strategiyani zamonga moslashga undadi. Bu hujjat 2020-2025 yillarni qoplaydi".
Davlat departamentiga ko'ra ham barcha sohalardagi rishtalar bu mamlakatlarning mustaqilligini mustahkamlash, suverenitetini saqlash va hududiy yaxlitligini ta'minlashdek ustuvor maqsadlar asosida olib boriladi.
Rasmiylar izohicha, Vashington mintaqa Xitoy va Rossiya ta'siri va bosimi ostida qolib ketmasligi, uning oldida boshqa variantlar va imkoniyatlar bo'lishi uchun harakat qilmoqda. Sheriklar buni yaxshi tushunadi, deydi diplomatlar.
Davlat kotibi Mayk Pompeo O'zbekiston va Qozog'istonga bordi. 2020-yil boshida Nursulton va Toshkentda prezidentlar bilan muloqotida u Amerika maqsadlariga urg'u berdi.
Shuningdek, Pompeo respublikalarning rahbarlariga sistemik islohotlar borasidagi va'dalarini eslatib, AQSh bog'lagan umidlarni tilga oldi - demokratiya tomon intilish, ochilish va shu tariqa G'arbga yaqinlashish.
Pompeo Toshkentda "C5+1" formatidagi diplomatik yig'inda Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari bilan gaplashib, AQSh mintaqaviy birdamlikka undayveradi va bu boradagi tashabbuslarni quvvatlaydi, deya ta'kidladi.
O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkentda Pompeo bilan yonma-yon o'tirib, jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, "Biz rivojlanish, farovonlik va hamkorlik tarafdorimiz. Mintaqamizda yirik davlatlarning raqobati tufayli qaltis siyosiy holatlar yuzaga kelishini xohlamaymiz", - dedi.
O'zbekistonga ko'ra, mintaqadagi har bir davlat o'z tashqi siyosatini o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi va mushtarak manfaatlar doirasida, tabiiyki, birdam yo'l tutishi lozim.
Xalqaro tinchlik uchun Karnegi fondi, Vashingtondagi aql markazi eksperti Pol Stronski nazarida Tramp davrida Markaziy Osiyoga nisbatan sezilarli o'zgarish bo'lmadi.
"Eng muhimi hech narsa buzilmadi, aloqalarga zarar yetmadi", - deydi Stronski.
Lekin unincha, Tramp ma'muriyati vaqtdan va imkoniyatlardan unumli foydalanmadi.
Xitoyga qarshilikni oshirar ekan, Vashington bu davlatning Markaziy Osiyoga naqadar yaqinligi, Pekin savdo va sarmoya bobida yetakchi ekani, AQShning o'zi geografik jihatdan qanchalik uzoqligi va iqtisodiy aloqalarda tenglasha olmasligini to'liq hisobga olmadi, deya kuzatadi Stronski.
Pompeo mintaqaga borib, Xitoyning adolatsiz siyosatiga munosib javob berish kerak, deya undadi, ammo real vaziyatni tushunishga urinmadi, deydi ekspert.
AQSh strategiyasi markazida Afg'oniston turibdi, deya qayd etadi Stronski. Qolgan maqsadlar haqida diplomatlar qanchalik bong urmasin, ular yuqori o'rinda emas. Buning ustiga 2020-yilda pandemiya sabab almashinuvlar sustlashdi.
Stronski fikricha, Vashington uchun mintaqada o'tgan to'rt yildagi eng katta yutuq O'zbekiston bilan aloqalarning yangilanganidir, xususan Toshkent bilan til topishilgani.
"Bu asosan Prezident Shavkat Mirziyoyev va u boshlagan islohotlar bilan bog'liq. AQSh uchun O'zbekiston bilan ishlash osonlashdi", - deydi ekspert.
Amerikaning umidi, yuqorida ta'kidlanganidek, O'zbekiston ochilishda davom etadi, islohotlar jadallashadi va buning hisobiga rishtalar ham.
"O'zbekiston tashqi siyosatida AQSh hozir o'ta muhim omil. Bu Toshkentga kuch beradi, ayniqsa boshqa yirik davlatlar bilan aloqalarda", - deydi Stronski.
Davlat departamenti O'zbekiston bilan hamkorlik kengayib borayotganidan mamnun. Rasmiylar deydiki, respublika diplomatik jihatdan faollashgan, hukumat bilan muloqot yengillashgan va tizimda bu jihatdan salmoqli o'zgarishlar qilingan.
Ekstremizmga qarshi kurash va chegara xavfsizligi bilan bog'liq maqsadlar uchun AQSh Markaziy Osiyoda o'tgan 29 yildan beri 90 million dollar sarflagan. 200 dan ortiq malaka oshirish kurslari va seminarlar o'tkazib, qariyb 2600 zobitni treningdan o'tkazgan.
Nafaqat harbiy hamkorlik, balki noharbiy dasturlar ham xavfsizlikni ta'minlashda muhim ekani bot-bot tilga olinadi. Markaziy Osiyodan Iroq va Suriyaga borib, terror guruhlari safida jang qilganlar va ularning oilalarini vatanga qaytarishda ham mintaqa davlatlari AQSh Mudofaa vazirligiga tayanmoqda.
Amerika kuchlari Afg'onstonni tark etar ekan, u yerda barqarorlikka erishishda mintaqaning har bir respublikasi hissa qo'shishi kerak, deydi rasmiylar. Vashington ta'biricha, Afg'oniston shimoldagi qo'shnilari bilan iqtisodiy-siyosiy hamkorlikni kengaytirishi tinchlik yo'lida ulkan madad bo'ladi.
Tolibon va markaziy hukumat orasida murosa hamda mintaqaviy bog'lanish, AQSh nazarida, afg'on zaminini ancha osudalashtirishi kerak. U yerdagi tinchlikdan har bir qo'shni manfaatdor ekan, shuningdek, yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochilishi ayon ekan, hukumatlar harakat qilaveradi, deydi diplomatlar.
Davlat departamentiga ko'ra, qonun ustuvorligi, demokratik islohotlar va inson huquqlari targ'iboti hamisha yuqori o'rinda qoladi. Plyuralizm, oshkoralik, adolat va mustaqil adliya - barqarorlik ortidagi omillardir, deya qayd etiladi strategiyada.
"Human Rights Watch" (HRW) huquq tashkilotining mintaqa bo'yicha rahbari Hyu Uillamson deydiki, ayrim masalalarda AQSh faollik ko'rsatib, fuqaro jamiyati va matbuot erkinligini quvvatlayotgani tahsinga sazovor.
Ammo, uning tahlilicha, Prezident Tramp Amerikaning erkinlik va adolat lideri degan nomini bulg'adi. Avtokrat rahbarlar bilan apoq-chapoq bo'lib, matbuot va jurnalistlarni qoralab, qolaversa BMT Inson huquqlari kengashidek yirik mexanizmlardan davlatini olib chiqib ketib, AQShga ishonchni yemirdi, deydi Uilliamson.
"Tramp ma'muriyati turli maqsadlar ketidan quvib, bir nimalar qilishga urindi. Lekin aynan huquq bobida Mirziyoyevning O'zbekistoni va rahbari o'zgargan Qozog'istonga nisbatan prinsipial pozitsiyada harakat qilmadi", - deydi HRW vakili.
AQSh rasmiylari bu tanqidga elchixonalar fuqaro jamiyati, jurnalistlar va blogerlarni quvvatlovchi dasturlar yuritadi, erkinlik himoyasi bobida diplomatik ogohlik hamisha yuqori, deya javob qiladi.
Taraqqiyot uchun AQSh o'tgan qariyb 30 yilda mintaqa uchun 9 milliard dollardan oshiq mablag' ajratgan.
Amerika xususiy sektori bu davrda Markaziy Osiyoga 31 milliard dollarga teng sarmoya olib kirgan, ammo kapital juda tor doirada, masalan tabiiy resurslar bilan bog'liq sanoatlarda. Tahlilchilar shu bois uning ta'sirini past baholaydi. Bizneslar esa imkoniyat qayerda bo'lsa, o'sha tomonga borishini eslatadi.
Xalqaro moliya insitutlari orqali ham Amerika mintaqa rivojiga 1991-yildan beri 50 milliard dollar hissa qo'shgan
AQSh Xalqaro Taraqqyot Agentligiga ko'ra, Vashington 2020-yilda Markaziy Osiyoga yordam berish maqsadida jami 128 million dollar sarflagan.
O'zbekiston va Tojikistondagi dasturlar uchun birdek 31,4 million dollar ishlatilgan. Mablag'ning uchdan biri sog'liqni saqlash sohasiga ketgan.
Qozog'istondagi xarajatlar 26,7 million dollar va uning deyarli yarmi yadroviy va biologik xavfsizlik dasturlariga ajratilgan.
Qirg'izistonda 35,3 million dollar, asosan, xususiy sektor va fuqaro jamiyati rivoji uchun sarflangan.
Mintaqaning eng yopiq davlati Turkmaniston taraqqiyoti uchun AQSh 3,3 million xarajat qilgan.
Vashington aslida biznes sarmoya eng muhim yordam ekanini ta'kidlaydi. Buning uchun sharoitni moslash davlatlar qo'lida. Hukumatlarga ko'ra, muhit yildan-yilga yengillashib bormoqda.
Ko'plab investorlar va ehtimoliy sarmoyadorlarga ko'ra esa qonun va qaror chiqarish bilan vaziyat yaxshilanib qolmaydi. Markaziy va mahalliy tizimlar oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligi tomon amalda harakat qilishi kerak.
O'zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhanov yuqoridagi maqsadlar yo'lida Amerika bilan hamkorlikdan umidvor.
Prezident Mirziyoyev jamiyatda "halollik vaksinasi"ni yoyishga chaqirgan.
"Xabaringiz bor, O‘zbekistonda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar startegiyasi qabul qilingan. AQSh mazkur strategiyada belgilangan qator dolzarb vazifalar va islohotlarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashib kelmoqda", - deydi Burhanov "Amerika Ovozi"ga.
Korrupsiyaga qarshi kurash endi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, deydi rasmiy.
Burhanov boshqaruvidagi agentlik bu yil tuzildi. Toshkent Vashington yordamiga tayanmoqda.
"AQShning qator agentliklari va institutlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlikni ta’minlash, jarayonlarga fuqarolik jamiyati institutlarini faol jalb qilish, AQSh Davlat departamentining Narkotiklar va huquqni qo‘llash ustidan nazorat qilish byurosi (INL) ko‘magida esa davlat fuqarolik xizmatida "halollik vaksinasi"ni joriy etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik boshlangan", - deydi Burhanov.
"Shuningdek, davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlari to‘qnashuvini deklaratsiya qilish, normativ-huquqiy hujjatlarni antikorrupsion ekspertizadan o‘tkazish, davlat xaridlarining amalga oshirilishida ochiqlikning ta’minlashini kabi yo‘nalishlarda AQSh tajribasi va ekspertlarining ko‘magi zarur".
Burhanov AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum bilan muloqotda. Ikki davlat birgalikda korrupsiyaga qarshi samarali loyihalarni amalga oshirishga bel bog'lagan, deydi agentlik direktori.
"Amerika Ovozi" O'zbekiston hukumatida kim bilan gaplashmasin, AQSh bilan ishlashga, undan texnik va professional yordam olishga, hamkorlikni kengaytirishga moyil ekanini aytadi.
Vashingtondagi arboblarning javobi shuki, O'zbekistonda islohotlar jadallashsa, madad ham shunga yarasha bo'ladi.
Va umuman, deya eslatadi ular, mintaqaning har bir mamlakati bilan hamkorlik narigi tomonning irodasi va maqsadlariga ham bog'liq.
Facebook Forum