Breaking News
Din

AQSh: Rossiya va Markaziy Osiyoda dinga nisbatan siyosat hamon repressiv


Moskva masjidlarida
Moskva masjidlarida

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining virtual yig'inida so'zlagan ekspertlar deydiki, Rossiya va Markaziy Osiyoda e'tiqod bilan bog'liq qonunlar va siyosat deyarli bir xil. Davlat nazoratidan tashqaridagi va hukumat ma'qullamagan har qanday diniy faoliyat noqonuniy hisoblanadi. Diniy yetakchilar va diniy tashkilotlarning rahbarlari fuqaro bo'lishi shart. Boshqa shartlar va talablar ham kommunizm davridagi siyosatni eslatadi. Bu esa nafaqat xalqaro qonunlarga, balki davlatning bosh qomusiga ham ziddir, deydi mutaxassislar.

Komissiya tahlilicha, dinga nisbatan bunday siyosat fuqaro huquqlari va erkinliklarini buzadi. Rossiya va Tojikistonda, masalan, terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan fuqaroni ezish, e'tiqodi uchun jazolash amaliyoti keng tarqalgan.

Rossiya 2014-yildan beri Ukraina hududidagi diniy faoliyatni ham bosim ostiga olib kelmoqda, federatsiya bosib olgan hududlarda repressiv choralar amalda, deya bildirmoqda kommissiya, Qrimdagi rus boshqaruvini qoralar ekan.

Janubiy Karolina shtatidan respublikachi kongressmen Jo Uilson, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik bo'yicha Xelsinki komissiyasi a'zosi, Kremlni dindan siyosiy qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblaydi.

Qrimda masjidlarga bostirib kirish, taqvodorlarga dindorligi va jamoatchilikdagi nufuzi uchun tazyiq o'tkazish, namozxonlarni soxta ayblar bilan sudlash, hozirgacha kamida 65 holatda tatar musulmonlarning huquqlarini qo'pol tarzda poymol qilgan holda sudlash - Amerika bunga ko'z yummasligi kerak, deydi Uilson.

"Amerika dunyo bo'ylab e'tiqod erkinligini targ'ib qilishda davom etishi, uni buzadigan hukumatlar bilan hamkorlikni cheklashi lozim", - deydi kongressmen.

Komissiyaning maqsadi jahonda aynan bu huquq bilan bog'liq holatni o'rganish, tahlil qilish va yillik hisobotlar chiqarib, Amerika siyosiy tizimlariga, xususan Oq uy, Davlat departamenti va Kongressga maslahat berishdir. Toki, deydi komissiya a'zolari, Vashington har bir davlat bilan aloqani tebratishda bu mamlakatdagi diniy erkinlik darajasini hisobga olsin, huquqbuzar tuzumlar bilan sheriklik qilmasin.

Amerika hukumati komissiya tavsiyalariga jiddiy qarashini qayd etib keladi, lekin tavsiyalarni inobatga olish-olmaslik ma'muriyatga havola. Donald Tramp prezidentligi va Mayk Pompeo davlat kotibligi davrida diniy erkinlik targ'ibotiga kuchli urg'u berildi. Davlat departamentiga ko'ra, bu huquq AQShning bugungi diplomatiyasi uchun asosiy omillardan biri.

Umuman olganda, AQShdagi diniy erkinlik humoyachilari Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini e'tiqod erkinligini sistematik va muntazam ravishda buzuvchi tuzumlar deb hisoblaydi.

O'zbekistonda o'tgan uch yil ichida ancha ijobiy qadamlar tashlandi, deya tahlil qiladi komissiya o'zining 2020-yilgi hisobotida. Lekin qarorlar va qonunlar amalda o'z aksini topishi lozim. O'tgan oylarda respublikada bir necha diniy tashkilot, xususan nasroniy muassasalar ro'yxatdan o'tgan.

2000-yillarda O'zbekiston va Ukrainada elchilik qilgan Jon Herbst fikricha ham Mirziyoyev ma'muriyati diniy erkinlik uchun yo'l ocha boshlagan.

"Lekin ko'p narsa kutmang, - deydi iste'fodagi diplomat. "Bu konservativ elita boshqaruvidagi tizim".

Herbst O'zbekiston hukumati AQSh umid qilganichalik erkinlikka yo'l berishiga ishonmaydi.

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining 16-sentabrdagi virtual yig'inida e'tibor Rossiya va Markaziy Osiyoga qaratildi
AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining 16-sentabrdagi virtual yig'inida e'tibor Rossiya va Markaziy Osiyoga qaratildi

Musulmonlar soni tezlikda oshib borayotgan Rossiyada cherkov qudrati tobora baland. Cherkovning siyosiy rolini past baholab bo'lmaydi, deydi Herbst.

Pravoslav tizimi manfaatlari ustuvor va ozchilikdagi diniy guruhlarga e'tibor va hurmat ham shunga yarasha. Dinni targ'ib qilish, ayniqsa turli nasroniy oqimlarning faolligi hukumatni bezovta qiladi va aksariyat hollarda bunga yo'l qo'yilmaydi.

Markaziy Osiyo bo'ylab ham azaldan shunday yondashuv hukmron. Diniy propagandaga toqat qilinmaydi. Rasman tan olinmagan diniy manba ishonchsiz va egri sanaladi.

Hukumatlar diniy faoliyatni internetda ham qattiq nazorat qiladi va bunda ular ilg'or texnologiyaga tayanadi, xususan Xitoynikiga.

Komissiya a'zosi Nuri Turkel deydiki, Rossiya va Markaziy Osiyo, umuman Yevrosiyoda Pekin tajribasiga tayaniladi va hukumatlar undan saboq olib kelmoqda.

Xitoy musulmon uyg'urlarni ezishda davom etar ekan, deydi Turkel, shu kabi usullarni uning atrofidagi boshqaruvlar ham o'rganmoqda. Tanqidiy fikrlovchi odamlarning bedarak ketishi, diniy yetakchilarning xavfsizlik organlari tomonidan o'g'irlanishi, noqonuniy kuzatuvlar, ulamolarni yo'q qilish singari holatlar dunyoning bu qismida oldin ham ko'p bo'lgan va bugun ham tinmagan.

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi hisobotlariga va uning ekspertlari beradigan baholarga tanqid ostidagi hukumatlarning munosabati salbiy. Ularga ko'ra, Vashington davlatlarning o'ziga xosligini, mentalitet va madaniyatini, tarixi va xavfsizligi bilan bog'liq omillarni tushunmaydi. Bilsa ham tan olmaydi, deydi rasmiylar.

Komissiyaga nasroniylarning targ'ibotchisi va himoyachisi deb qarovchilar ham ko'p. Organ rais o'rinbosari Nadin Maenza "Amerika Ovozi" bilan muloqotda bunga shunday javob qilgan: "Bizning komissiyamiz e'tibor qarayotgan mamlakatlarda asosan musulmonlar zulm va bosim ostida".

Mutasaddilarning ta'kidlashicha, G'arb cheklov deb hisoblaydigan holatlar va repressiv siyosat deb qaraydigan choralar aslida tinchlikni ta'minlab kelmoqda. Barqarorlikni ushlab turish uchun ekstremizm va radikalizmdan ogoh turish, uning oldini olish lozim, deydi ular.

Rossiya va Markaziy Osiyoda diniy faoliyatni nazorat qiluvchi organlarga ko'ra, dunyoviy tuzumlarni himoya qilish mutaassiblikka nisbatan keskin yechimlar talab qiladi. E'tiqod qonunga asoslanadi va tabiiyki, diniy tashkilotlar ruxsatsiz ishlamaydi, deydi rasmiylar.

Sobiq elchi Herbst nazarida erkinlik va xavfsizlik orasidagi nozik muvozanatni ta'minlay olish uchun bu davlatlarga hali uzoq vaqt kerak.

Komissiyaning virtual majlisida so'zlagan mutaxassislar fikricha ham har bir jamiyat muayyan jarayonlarni bosib o'tib, qonun ustuvorligini haqiqatda qadrlashga o'rganmas ekan, boshqa erkinliklar singari diniy huquqlar ham oyoq osti bo'laveradi.

Huquqbuzarlikni butkul to'xtatish mumkin emas, deydi ekspertlar, ammo odamlar adolat izlay olishi kerak, xususan e'tiqodi bilan bog'liq cheklovlarga uchraganida adliya tizimi ularning shikoyatlarini xolis tarzda ko'rib chiqishi lozim.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG