Janubiy Karolinadagi Furman universiteti talabasi Iyn Martensning aytishicha, Prezident Donald Trump iqtisodiyotni rivojlantirish uchun juda katta ishlarni amalga oshirib, fuqarolarning qurol saqlash huquqini himoya qilmoqda.
"Eng muhimi, u abortga qarshi eng yaxshi prezidentdir", - deydi Martens "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusida. Unga ko’ra, abort bu “o’lim va hayot masalasidir”.
2020-yilgi saylovlarga yoshlar ovozi sezilarli darajada ta'sir qilishi kutilmoqda. Martens kabi yosh oq tanli erkaklar saylov natijasini belgilashda katta rol o'ynashi mumkin.
Massachusets shtati Medford shahridagi Tafts universiteti qoshidagi tadqiqot markazi (CIRCLE) xabariga ko'ra, oq tanli yosh erkaklar Amerika elektoratining salmoqli va ba'zan nomutanosib qismini tashkil etadi.
Yosh oq erkaklar 2016-yilgi prezidentlik saylovida o’z kuchini ko’rsatdi. O’shanda bir milliondan ko'proq oq tanli erkaklar ovoz berib, aksariyati Trumpni demokrat nomzod Hillari Klintondan afzal ko'rdi. Shuningdek, saylovga chiqishda yosh oq tanli erkaklar yosh oq tanli ayollardan ko’ra faolroq.
2018-yilgi oraliq saylovlarda 18 yoshdan 29 yoshgacha bo’lganlarning 60 foizi o’zini demokrat deb hisoblasa-da, ovoz bergan oq tanli yosh erkaklarning 40 foizdan ortig’i Trampni yoqlashini aytgan.
Oraliq saylovlarda, shuningdek, oq tanlilar ispanzabon va qora tanlilarga qaraganda ko'proq ovoz berishga chiqishi aniqlangan.
Asosiy masalalar
CIRCLE ma'lumotiga ko'ra, yosh oq tanli saylovchilar orasida "Amerikani yana buyuk qilish va qurolga egalish qilish" g’oyalari muhim o'rin tutadi.
"Men Prezident Trumpni qo'llab-quvvatlayman, chunki u o'nlab yillar davomida karyera siyosatchilari e'tiborsiz qoldirgan masalalarini ko'tarib chiqdi. Ishchi erkak va ayollar, fermerlar muammolariga e’tibor qaratishdan tortib, chet elda milliy manfaatlarni himoya qilishgacha", - deydi Florida Atlantika universitetidagi talaba respublikachilar guruhi a’zosi Kodi Stid.
"Men uning ushbu mamlakat rivojlanishi va muvaffaqiyati uchun chin dildan qayg'urayotganini his qilyapman", - deya qo’shimcha qiladi u.
Qurol saqlash huquqi ko'plab yosh saylovchilar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Garvard universiteti Kennedi maktabi Siyosat institutiga ko'ra, 2018-yilda amerikalik yosh saylovchilarning 77 foizi qurol huquqi ularning ovozini belgilashda muhim masala ekanini aytgan.
Abortga qarshi harakat ham ko’plab oq tanli yosh saylovchilar uchun muhim. 2019-yilda o'tkazilgan “Gallup” so'roviga ko'ra, erkaklarning 46 foizi abortga qarshi.
"Hayot haqidagi munozaralar men uchun muhim siyosiy masala, chunki bu to'g'ridan-to'g'ri hayot va o'lim o'rtasidagi bahsdir, - deydi Martens. - Har bir abort - bu hayotning tugashi, shuning uchun men bu narsaga juda jiddiy qarayman, chaqaloqlarning bebaho hayotini tugatish tarafdori emasman".
Taqqoslash uchun, xuddi shu so'rovda ayollarning 43 foizi abort qilish huquqini qo'llab-quvvatlagan. Ularning 62 foizi 18 yoshdan 29 yoshgacha bo’lganlar. Bu ayollarning 46 foizi o’zini ispanzabon yoki oq bo’lmagan irq vakili deb belgilagan.
Yosh oq tanli erkaklar siyosatdan norozi, o'rta yoshdagi, ishchilar sinfiga mansub qatlam sifatida ko’riladi.
23-iyun kuni Feniks shahrida bo'lib o'tgan mitingda Tramp yoshlar bilan sahnaga chiqdi.
"Feniksdagi @TrumpStudents konferensiyasida bir kun", - deb yozdi “Twitter” foydalanuvchisi @realRyanShear.
Yoshlardagi ishonch
CIRCLE tomonidan o'tkazilgan 2018-yilgi tadqiqotning ko’rsatishicha, oq tanli yosh erkaklarning o’ziga bo’lgan ishonchi ancha yuqori. Ularning 39 foizi siyosatga aralashish uchun "yetarli darajada malakaga ega" ekanligiga ishonadi. Bu oq tanli yosh ayollar yoki boshqa irqdagi yigit-qizlarnikiga qaraganda ancha yuqori.
Shunga qaramay, yoshlarning aksariyati, ya’ni 60 foizi siyosatchilar ularga quloq solmasligini aytadi.
Ayni paytda yoshlarning talab va xohishlari katta avlod istaklari bilan bir xil emas.
Garvard universiteti Kennedi maktabining Siyosat instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotga ko’ra, ko'plab yosh amerikaliklar prezidentlik saylovida elektorat tizimidan va xususiy tibbiy sug'urtalardan voz kechish tarafdori. Bundan tashqari, so'ralganlarning aksariyati hujum qurollarini sotishda xaridorlarning qattiqtoq tekshirilishini istaydi.
"Men, shuningdek, Trump toza havo va suvni himoya qilish qonunchiligini olg’a surishini, infratuzilmaga investitsiyani oshirishini va aholining kam ta'minlangan qatlamlarini hozirgi yordam dasturlaridan farqli ravishda qo’llab-quvvatlashini istayman" - deydi Stid.
Virjiniya shtatida ulg’aygan Martens Trump uchun kampaniya olib bormagan, ammo do'stlari bilan siyosat haqida gaplashishni yaxshi ko'radi.
"Odamlar mening qarashlarimni ham ko’rishini istayman va men buni mehr-muruvvat bilan tushuntirib bera olaman", deydi u.
Martensning so'zlariga ko'ra, AQSh an'anaviy diniy qadriyatlariga qaytishi kerak.
"Ko'p konservativ qadriyatlar din va diniy qarashlarga asoslangan. Odamlar dindan uzoqlashar ekan, biz dinning jamiyatimizni birlashtiradigan muhim jihatlarini boy beryapmiz", - deydi u.
Trampga qarshi konservativ yoshlar
2018-yilgi oraliq saylovlardan beri prezident turli masalalarda, jumladan, AQSh siyosatiga tashqi kuchlarning aralashuvi, yaqinda yuz bergan koronavirus pandemiyasi va irqiy nizolar sabab yuzaga kelgan noroziliklar bo’yicha keskin tanqidlarga duch kelmoqda.
Tanqidchilar orasida avvalgi saylovda Trampga ovoz bergan konservativ qarashdagi oq tanli erkaklar ham bor. Bugun ular o’z noroziliklarini oshkora qilmoqda.
"Men har bir ayoldan, musulmondan, bir jinslilar hamjamiyatidan, ozchilik guruh vakillari va jinsiy zo'ravonlik qurbonlaridan uzr so'rayman", - deb yozdi Shimoliy Karolinadan Zak ismli fuqaro.
U 2016-yilda Trumpga ovoz berganini aytadi.
"Siz ijtimoiy muammolar va shaxsiy erkinlik bo'yicha bizni orqaga tortuvchi qonunlarni qabul qiladigan odamdan ko'ra ko'proq narsaga loyiqsiz", - dedi u.
Texaslik 18 yoshli Trey diniy va konservativ qarashlarni himoya qiluvchi respublikachi nomzodga ovoz berayotganidan dastlab xursand bo’lganini yashirmaydi. Ammo unga ko’ra, Trampning xatti-harakati u da’vo qilayotgan nasroniy qadriyatlarni aks ettirmaydi.
Trey fe'l-atvor, yetakchilik va siyosiy maydonning ikkala tomoni bilan murosa qila olish bo’yicha namuna bo’la oladigan odamga ovoz berishini aytadi va unga ko’ra, bu odam Donald Trump emas.
Facebook Forum