Breaking News

AQShda yosh saylovchilar faollashmoqda


Kuzatuvchilar fikricha, Amerika yoshlari bugun har qachongidan ham siyosiy faol. Yaqinda Minneapolis politsiyasi qo’lida afro-amerikalik Jorj Floydning o'lim topishi ortidan boshlangan ijtimoiy tartibsizliklar ham, asosan, yoshlar ishtirokida o’tmoqda.

Yosh amerikaliklarning 2020-yilgi saylovlarda katta rol o'ynashi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Respublikachi Prezident Donald Trump va uning Demokratik partiyadan raqibi Jo Bayden o'rtasidagi poyga natijalarini, shuningdek, Kongress uchun saylovlar taqdirini aynan ular hal qilishi mumkin.

“Saylov taqdirini yoshlar hal qilishi mumkin va ularning ishtiroki bizning siyosatimizda muhim o'rin tutadi. Saylovchilar qamrovini kengaytirish va yoshlarning ovoz berishidagi tengsizlikka barham berish demokratiyani mustahkamlash uchun muhim”, - deyiladi Tafts universiteti tadqiqot markazi e’lon qilgan bayonotda.

Yoshlar, odatda, saylovlarda sust ishtirok etadi, ammo 2018-yilgi oraliq saylovlarda ularning faollashgani kuzatildi.

Yoshlarning saylovdagi ishtiroki

Vashingtondagi Pyu tadqiqot markazi demografi Richard Frayga ko'ra, yoshlarning ovoz berishi 2014 va 2018-yillar orasida deyarli ikki baravar ko'paydi: 22 foizdan 42 foizgacha. Ovoz berish huquqiga ega yoshlarning o'ttiz foizi hayotlarining birinchi oraliq saylovlarida qatnashdi.

"2020-yilgi saylovlar sikli juda qiziq, chunki deyarli 25 yil ichida birinchi marta biz yoshlar ishtiroki keskin oshgan oraliq saylovlardan keyingi bosqichga o’tyapmiz", - deydi tadqiqotchi Abbi Kiesa.

"Hozirda 18-29 yoshgacha bo'lgan 47 million odam 2020-yilgi saylovlarda ovoz berish huquqiga ega va ularning 15 millioni o'tgan prezident saylovlaridan beri 18 yoshga to'lgan", - deya qo’shimcha qiladi Kiesa.

1985-1995-yillarda tug'ilganlar va 1996-yildan keyin tug'ilganlar, odatda, bir xil toifa sifatida tasniflansa-da, tadqiqotlar buning aksini ko’rsatmoqda.

2018-yilgi oraliq saylovlarda 18-29 yoshdagi saylovchilarning uchdan ikki qismi Kongress uchun demokrat nomzodni qo'llab-quvvatlagan. Bu oxirgi 25 yilda partiyalar orasidagi eng katta tafovut ekani aytilmoqda.

2020-yilgi saylovlarda ulkan demografik siljish kuzatiladi, deydi “Yosh yengilmaslar” guruhi vakili Jessi Barba.

Brukings instituti ma'lumotlariga ko'ra, AQSh aholisi 2045-yilga kelib ko'pchilik oqdan ko'pchilik ozchilikka yoki asosiy qismi oq bo'lmagan saylovchilarga o’zgaradi.

"Oq bo’lmaganlar tarixda birinchi marta eng katta saylovchilar guruhini tashkil qiladi”, - deydi Barba.

Yosh saylovchilar nimani xohlaydi?

Kollejdagi qarzlarning bekor qilinishi, tibbiy xizmatlarning arzon bo’lishi, saylovchilar huquqlarining kengayishi, qurol zo'ravonligiga chek qo’yish, immigratsiya, iqlim o'zgarishi va iqtisodiyot yoshlar uchun eng muhim mavzular, deydi Barba.

"Menimcha, sog'liqni saqlash sohasidagi inqiroz yoshlar uchun eng muhim muammoga aylandi va bu iqtisodiy va ruhiy salomatlik bilan bog’liq", - deydi Barba.

Bu bilan u koronavirus pandemiyasi va restoran kabi bizneslarning yopilishi ortidan kelib chiqqan rekord ishsizlikka ishora qiladi. Yoshlar, odatda, restoran, bar, savdo do’konlari kabi joylarda ishlaydi.

"Bu yoshlar nafaqat ish joylarini yo'qotyapti, balki ish joyidan berilgan tibbiy sug’urtadan ham mahrum bo’lishdi. O’zlari mustaqil ravishda tibbiy sug’urta ham ololmaydi”, - deydi Barba.

Sog'liqni saqlash xarajatlari va o’qish qarzi uchun to’lovlar ish haqidan ushlab qolinadi. Qolgan summa esa yashash uchun yetmaydi, deydi yoshlar.

Katta qarz bilan o’qishni bitirganlarning ish topishi ham oson emas.

Sobiq oshpaz va yozuvchi Alechia Dou shu hafta talabalar qarzi yuzasidan o’z xavotirlarini izhor qildi

"Kun kelib yorqin ranglarga bo’yalgan devorlarga ega va katta oshxonasi bor uyim bo’lishini orzu qilaman, - deb yozdi u “Twitter”da. - Ammo o’qishdan orttirgan qarzimning o’zi deyarli bitta uyning narxi ekanini ko’rib, bu orzuim hech qachon ushalmasligini bilaman".

Yosh oq erkaklar

Statistik ma'lumotlarga ko’ra, yosh oq tanli erkak saylovchilar qora tanli yoki boshqa ozchilik irq vakillariga qaraganda siyosiy faolroq. Ularning aksariyati 2016-yilgi saylovda Hillari Klintonga emas, balki Donald Trampga ovoz bergan.

Oq tanli bo’lmagan yigit-qizlar esa, asosan, Klintonni afzal ko’rgan.

Saylovda muhim o’rin tutuvchi ba’zi shtatlarda - Ayova, Ogayo va Nyu-Gempshirda yosh oq tanlilar boshqa joylarga nisbatan aholining ko'proq qismini tashkil qiladi.

AQShda bo'lib o'tadigan navbatdagi prezidentlik sayloviga besh oy vaqt qoldi. Mamlakatda pandemiya davom etmoqda, ishsizlik yuqori darajada saqlanib qolmoqda va ko'plab yoshlar, ayniqsa, ozchilik irq vakillari Jorj Floyd o’limidan keyin va Amerika jamiyatidagi boshqa noxush hodisalar va tengsizliklardan so'ng irqiy va ijtimoiy adolat talabi bilan chiqmoqda.

Kiesa fikriga ko'ra, bu voqealar boshqa yoshlarni ham saylov uchastkalarida faollashishga undashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG