Amerikaning Kanzas shtatida gubernatorlikka saylanish uchun minimal yosh belgilanmagan. Bu esa yoshlar ham omadini sinab ko'rishi mumkin degani. “Amerika Ovozi” shtat hokimligiga da’vo qilayotgan olti nafar o’smirning reja va maqsadlari bilan tanishdi.
“Ismim Jek Bergeson. Kanzas shtati gubernatorligiga demokrat nomzodman”, - deydi o'smirlardan biri.
“Jek Bergesonni eshitib, men ham shunga ahd qildim”, - deydi Jozef Tutera.
“Kanzas uchun respublikachi nomzodman”, - deydi Tayler Ruzich.
“Men Iten Rendliz, 18 yoshdaman. Kanzas gubernatori bo’lmoqchiman”, - deydi yana bir nomzod.
“Eng yosh o’smir nomzodlar orasida ikkinchisiman”, - deydi Aaron Kolmen.
“O’ylab-o’ylab oktyabrda nomzodimni qo’yishga qaror qildim”, - deydi Dominik Skavutso.
Kanzas shtati gubernatori bo’lishga nomzodni qo'yish qonuniy va oson jarayon bo'lgani uchun olti nafar o’smir saylov komissiyasiga ariza berib, yosh saylovchilar diqqatini o'ziga qaratmoqchi.
“Shtatimiz yuzlashayotgan eng katta muammolar - bu shaffoflikning yo'qligi, ta'lim tizimining oqsayotgani. Men shu muammolar bilan shug'ullanmoqchiman”,- deydi Dominik Skavuzzo
“Birinchi kundanoq mahalliy qonunchilarimizga dadil ishlang yoki chora ko'ramiz deb aytaman”, - deydi Aaron Kolmen.
“Men hokim bo'lsam, ishlaringizga aralashmayman”, - Iten Randliz.
Har bir saylov kampaniyasida bo'lgani kabi bu nomzodlar ham qator muammolar bilan yuzlashdi. Yoshlik va tajribasizlik ularni jiddiy qabul qilishga halaqit bermoqda.
“Odamlarni ishontirish qiyin bo'lyapti. Nomzodimni qo'yganimda hazillashyapti deb o'ylashdi”, - deydi Jek Bergeson.
“Jek halol yigit, bu ishga jiddiy yondashmoqda. Niyatini bilgan zahot uni qo'llab-quvvatladim”, - deydi bu nomzodning onasi.
“O’zi shuni xohladi. O’g’limning harakatidan faxrlanaman”, - deydi Dominik Skavutsoning onasi.
“Kim ham o’smirga ovoz beradi? Menga boshida ahmoqona tuyulgan” - deydi Aaron Kolmenning buvasi.
Har bir nomzodning maqsadlari turlicha bo’lsa-da, barchasi bir fikrga qo'shiladi: ularning bu harakati yosh avlodni ilhomlantirishga, uyushishga sabab bo'ladi.
“Kelasi 10, 20 yilda tengdoshlarimiz saylovchilarning aksariyatini tashkil etadi. Hozirdan jamiyatni, vaziyatni o’rganib borishimiz, saylovlarda faol bo’lishimiz kerak”, - deydi Jek Bergeson.
“Bizga faol saylovchilar kerak. 18 dan 25 yoshgacha bo'lganlar. Kelajakdagi saylovlarda hokimiyat tepasiga tengqurlarimiz keladi”, - deydi Tayler Ruzich.
Facebook Forum