Amerikada o'zbekistonliklar so'nggi yillarda nafaqat madaniy tadbirlar, balki sport musobaqalari tashkil etishni ham yo'lga qo'ydi. Masalan, ikki yildan beri Nyu-York shahrida futbol turniri o'tkazilmoqda. "Mustaqillik kubogi" deb nomlangan ushbu musobaqaning bu yilgi mavsumida sakkiz shtatdan 10 jamoa ishtirok etdi. O'yinni "Amerika Ovozi" ham yaqindan kuzatdi.
Tadbirda O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi vitse-konsuli Ulug‘bek Asqarov, Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi vakillari, shahardagi o'zbek jamiyati yetakchilari, homiylar hamda oddiy tomoshabinlar qatnashdi.
Turnir tashkilotchilaridan biri San'at Sharipovning aytishicha, musobaqani kelasi yillarda boshqa shtatlarda o'tkazish ham rejalanmoqda.
"Maqsadimiz Amerika Qo'shma Shtatlarida yashaydigan o'zbekistonliklarni "Mustaqillik" bayrami arafasida mana shu futbol bahonasida bir joyga yig'ish. Mana ikkinchi marta Nyu-Yorkda bo'lyapti. Keyinchalik turnir tashkilotchilarining maqsadi - bu narsani, bu musobaqani nafaqat Nyu-York shahrida, balki qos'hni shtatlarda, kerak bo'lsa, Kaliforniyada ham o'tkazish, Xudo xohlasa", - dedi Sharipov.
Musobaqa davomida o‘nta jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashdi. Dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar pley-off yo'llanmasini qo'lga kiritdi. O'yinchilar orasida nafaqat havaskorlar, balki professional futbolchilar ham bor. Tohir Usmonov ulardan biri.
"Boca Juniors"da o'ynayman, Argentinada. Uch yildan beri "Boca Juniors"da o'ynab yuribman. Hozir Bruklindamiz, Nyu-Yorkda. "Pitsburg" jamoasida o'ynayapman. Hamma shu yerda, o'zbeklar, hammamiz birga o'ynayapmiz", - deydi yosh futbolchi.
Turnirda Nyu-York shtatining o'zidan 4 jamoa qatnashdi. Illinoys, Kanzas kabi olis shtatlardan ham futbolchilar tashrif buyurdi.
"Bugungi shtatlararo o'zbeklar orasidagi futbol musobaqasida Illinoys shtati Chikago shahrining sharafini himoya qilyapmiz. Chikagodagi O'zbek-Amerika assotsiatsiyasining jamoasi hisoblanamiz. Juda chiroyli tadbir bo'lyapti. Chiroyli tashkillashtirilgan. O'tgan yili ham kelamiz, degandik, lekin kela olmagan edik", - deydi Anvarjon Musayev ismli turnir qatnashchisi.
“Mustaqillik kubogi - 2017” turniri doirasida tomoshabinlar va turnir ishtirokchilari uchun turli ko'ngilochar dasturlar ham tashkil etildi. Bolalar uchun o'yinlar, kuy va qo'shiqlar kun bo'yi davom etdi.
Ertalab nonushtaga suyuq ovqat tortilgan bo'lsa, tushlik uchun katta doshqozonda “to‘y oshi” pishirildi.
Tashkilotchilarning aytishicha, bu yilgi turnirda jamoalar va tomoshabinlar soni avvalgisiga qaraganda ko'proq. Nyu-York shahrida yashovchi vatandoshlar oilaviy kelib, futbol bahona yaxshi madaniy hordiq ham chiqarishganini aytadi.
"Biz "Mustaqillik kubogi"ni tomosha qilgani keldik. Judayam zo'r. Hamma o'zbeklarimiz, o'zbekistonlik vatandoshlar boshqa shtatlardan kelishdi. Hamma xursand, bolalar kechgacha o'ynab, oshlarni yedik; nonlar, ho'l mevalar bor. Judayam chiroyli qilishgan. Shunaqa tadbirlar ko'proq bo'lishi tarafdorimiz", - deydi Nyu-York shahrida yashovchi o'zbekistonlik Gulbahor Po'latova.
Musobaqa finalida Nyu-York shtatining “Paxtakor” jamoasi Pensilvaniya shtatidan kelgan “Do‘stlik” jamoasi ustidan 1:0 hisobida zafar quchib, “Mustaqillik kubogi - 2017” turniri g‘olibiga aylandi.
"Bugun biz birinchi o'rinni oldik. Hamma yutishga harakat qildi. "Pley-off"ga chiqqanimizdan keyin kubokka yaqin qoldi; yutishga qattiq harakat qildik. Bolalarga rahmat. Finalda Filadelfiyaning "Do'stlik" jamoasi bilan o'ynadik. O'tgan yili ham chempion bo'lgandik, kubokni yana o'zimizga qaytardik", - deydi "Paxtakor" jamoasi o'yinchisi Jo'rabek Husanboyev.
Uchinchi o‘rin Kanzas shtati jamoasiga nasib etdi. Turnir davomida o‘zini ko'rsatgan futbolchilarga “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi” va “Eng yaxshi to‘purar” nominatsiyalari bo‘yicha ham maxsus sovg'alar taqdim etildi.
Facebook Forum