Nyu-Yorkning Bruklin tumanida futbol bo’yicha shtatlararo o’zbek turniri o’tkazildi. Unda Nyu-York, Pensilvaniya, Nyu-Jersi, Merilend shtatlari va poytaxt Vashingtondan jamoalar qatnashdi.
Amerikada o’zbeklar orasida futbol turnirini tashkil etish g’oyasi futbol agenti va sport yuristi, o’tmishda jurnalist San’at Sharipovda olti oy oldin paydo bo’ldi. G’oyani amalga oshirishda esa Bruklindagi “Lazzat” o’zbek restorani egasi Abdumalik Ahmedov yordam berdi. Uning tashkilotchilik qobiliyatlari tufayli tez orada homiylar ham topildi.
Turnirda jami sakkizta jamoa qatnashdi, shulardan to’rttasi Nyu-Yorkdan, jumladan Buxoro yahudiylarining “Buxoro” komandasi. O’yinlar ikki guruhda o’tdi, birinchi va ikkinchi o’rinlarni egallagan jamoalar yarim finalga yo’llanma oldi.
Musobaqadan asosiy maqsad yangi do’stlar orttirish ekanini biz bilan suhbatda bo’lgan har bir ishtirokchi alohida ta’kidladi.
“Mustaqillik kubogi” turnirining eng yosh ishtirokchisi 14 yoshda, eng kattasi 50 dan oshgan, aksariyati havaskor o’yinchilar, biroq Olim Tillayev va Elshan Gambarov kabi O’zbekiston Oliy ligasida to’p surgan futbolchilar ham o’ynadi.
“Paxtakor” klubining yoshlar jamoasida o’ynab qaytgan Tohirjon Usmonov esa kelasi yili o’z kuchini Argentinaning “Boka Xuniors” jamoasida sinab ko’rmoqchi.
Turnir sentabr boshida o’tkazilishi kerak edi, ammo O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan ikki haftaga qoldirildi.
Kubok Nyu-Yorkning “Paxtakor” komandasiga nasib etdi; Nyu-Yorkning yana ikki jamoasi – “Dinamo” va “Istiqlol” ikkinchi va uchinchi o’rinlarni egalladi.
Tashkilotchilar kelasi yili musobaqada boshqa shtatlardan ham jamoalar ishtirok etishiga umid qilmoqda. Amerikaning Jorjiya, Ogayo, Illinoys, Florida, Kolorado shtatlarida ko’plab o’zbeklar yashaydi.