Shimoliy Karolina shtati ochilmasa, Respublikachilar partiyasi saylovoldi qurultoyini boshqa joyga ko'chiradi, deydi Prezident Donald Tramp.
Bu shtat gubernatori, demokrat Roy Kuperga ko'ra, koronavirus pandemiyasi uning hududida hamon kuchli xavotirga sabab ekan, qayta ochilishga hali erta.
Qurultoy avgust oyida o'tishi kerak va ungacha vaziyat yaxshilanmasligi va katta yig'inlar uchun sharoit to'g'ri kelmasligi mumkin.
Kuper boshqa gubernatorlar singari o'z shtati qachon ochilishini o'zi hal qiladi. Shimoliy Karolinaning eng yirik shahri Sharlott shtatda koronavirus eng keng tarqalgan hudud. Respublikachilar qurultoyni aynan shu yerda o'tkazishni xohlaydi.
Demokratlarning qurultoyi Viskonsin shtatining Milvoki shahrida 17-20-avgust kunlari o'tishi rejalangan. Respublikachilarniki undan bir hafta oldinga ko'zlangan.
Bu tadbirlarda partiyalar nafaqat prezidentlikka, balki vitse-prezidentlikka ham kimni ma'qul ko'rishini e'lon qilib, so'ngra saylovoldi kampaniyasining oxirgi, hal qiluvchi pallasini boshlaydi. Jumladan, nomzodlar orasidagi debatlarga start beriladi.
Trampning demokrat raqibi Jo Bayden o'z kampaniyasini kuchaytirish harakatida. Xotira kunida u mozorlarga chiqib, Kongressda birga ishlagan safdoshlari qabriga gullar qo'ydi, jumladan, respublikachi Jon Makkeynnikiga.
Baydenning maqsadi - o'zini siyosiy birdamlik tarafdori sifatida ko'rsatish. Trampdan norozi respublikachilarni Bayden shu tariqa o'z tomoniga og'dirmoqchi. Uning fikricha, ko'plab respublikachilar shu qadar g'azabdaki, mamlakat kelajagi xavf ostida. Tramp, deydi Bayden, mamlakatni idora etishga noloyiq va respublikachilar undan yuz o'girishi lozim.
"Mamlakat iqtisodiyoti izdan chiqqan. Pandemiya chekinmagan. Oq uy esa hamon noto'g'ri yo'ldan ketmoqda", - deydi Bayden.
Demokratlar bu yil prezidentlik saylovida g'alaba qozonmasa, Amerika uchun ulkan zarar bo'ladi, deya ishontirishga urinmoqda Bayden.
Bayden kampaniyasi bilan ishlayotgan nohukumat tashkiloti rahbari Evan Veber nazarida, demokrat nomzod maqsadiga yetishi juda qiyin. Respublikachilarning ko'ngliga yo'l topish uchun vaqt oz va hozirgi harakatlar yetmaydi, deydi Veber.
Respublikachi Uit Ayres deydiki, Bayden avvalo demokratlar, liberal qatlam ovozini olishni kafolatlashi kerak.
"2016-yilgi saylovda amerikaliklarning 54 foizi Trampga ovoz bermagan. Bayden ularning ovozini ola biladimi?"
Bayden "Amerika meni yaxshi biladi", deya o'ziga ishonishini aytadi.
Uning kampaniyasi hozirda yoshlar, afro-amerikaliklar, latinolar, ziyoli oq tanlilar, ayollar ko'nglini ovlamoqda. Trampga ovoz berib, xato qilganini aytayotgan amerikaliklar ham Baydenga jiddiy qarayotganini bildirmoqda.
Bayden Kongressda o'tkazgan uzoq yillari va u yerdagi tajribasini ham ko'z-ko'z qilib, prezident bo'lsa, qonunchilar bilan til topisha olishi haqida bong urmoqda. Har ikki partiya bilan kelishib, shu paytgacha yechilmagan muammolarni hal qilish imkoniyati baland ekaniga urg'u bermoqda.
Vakillar palatasi va Senat liderlari bilan uchrashar ekan, Bayden o'zini murosa va muloqotga moyil arbob sifatida namoyon etmoqda.
Ommaviy so'rovlar natijalariga ko'ra, amerikaliklar hali Baydenning bu harakatlarini keng ko'lamda ijobiy baholamayapti.
Facebook Forum