“Freedom House” nodavlat tashkiloti dunyo bo’ylab demokratiya va erkinlik holati bo’yicha navbatdagi yillik hisobotini chiqardi. Aksariyat mintaqalarda vaziyat yaxshi emas. Shaxsiy erkinlik va demokratik tizimlar hujum ostida, deyiladi hisobotda.
Unda yozilishicha, demokratiya va erkinlik darajasi dunyo bo’ylab tushishda davom etmoqda. Xitoy hukumatiga qarshi Gonkongda boshlangan namoyishlarning kuch bilan bostirilishidan tortib Eronda o’zgarish istagan aholining tazyiq ostiga olinishigacha bo’lgan hodisalar rejimlar nazoratni kuch bilan ushlab turishga urinishini ko’rsatgan. Ba’zi demokratik davlatlarda ham xavotirli o’zgarishlar kuzatilgan.
“Demokratiya xavf ostida. Bu yil demokratik jamiyatlarda ham, qattol rejimlarda ham yordamga muhtoj guruhlarning huquqlari poymol qilindi. Global demokratiya 14 yildan beri pasayishda davom etmoqda”, - dedi “Ozodlik uyi”ning tadqiqot va tahlil bo’yicha rahbari Sara Repuchchi.
Uning aytishicha, diniy va etnik ozchilik bo’lgan guruhlarni nishonga oluvchi hukumatlar soni oshib bormoqda.
“Davlatlar ozchilik aholini ayblashi yoki yangi nazorat usullarini boshqalarda qo’llashdan oldin ularda sinab ko’rayotgani odatga aylanmoqda”, - deydi u.
Repuchchining aytishicha, Xitoy kabi mustabid tuzumlar dastlab kichikroq miqyosda nazorat olib borib, so’ng butun mamlakatni nazorat qilish va kuzatishga o’tmoqda. Shunga qaramay, deydi u, Gonkong aholisi erkinlik uchun kurashishda qat’iyat ko’rsatmoqda.
“Gonkongdagi namoyishlardan ma’lum bo’ldiki, bu aholi erkinlik va demokratiyani dunyoning boshqa qismidagi odamlar kabi muhim deb biladi. Gonkongdagi harakat juda muhim. Uni qo’llab-quvvatlash kerak, toki Xitoy hukumati odamlar nima xohlashini tushunsin”, - deydi Repuchchi.
Hisobotda o’rganilgan 195 davlatdan 83 tasi (43 foiz) erkin deb e’lon qilingan. 63 tasi qisman erkin, 49 tasi esa erkin emas. O’tgan 10 yil davomida erkin davlatlar soni uch foizga kamaygan. Qisman erkin va umuman erkin bo’lmaganlar soni esa oshgan.
Markaziy Osiyoda eng yaxshi ko’rsatkish Qirg’izistonga tegishli. 100 balli o’lchovda 23 ball to’plagan mamlakat qisman erkin deb topilgan. 10 ball berilgan O’zbekiston esa hanuz erkin bo’lmagan davlatlar ro’yxatida. O’tgan yilga qaraganda bir ball yuqorilagan O’zbekistonda fuqarolar va partiyalarga to’la siyosiy huquq va erkinliklar hanuz berilmagani aytiladi.
Facebook Forum