Breaking News

"Ozodlik uyi"ning yangi hisoboti: Internet erkinlik cheklanmoqda


"Ozodlik uyi"ning internet erkinligi xaritasi
"Ozodlik uyi"ning internet erkinligi xaritasi

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Freedom House” yoki “Ozodlik uyi” tashkiloti yangi hisobot chiqarib, hukumatlar ijtimoiy sahifalardan qanday foydalanayotgani haqida ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, ayrim hukumatlar aholini shu tariqa nazorat qilayotgan bo’lsa, boshqalar saylov natijalariga ta’sir qilishga intilmoqda.

Vashingtonda joylashgan tashkilot hisobotida xulosa qilinishicha, ijtimoiy sahifalarda erkinlik bo’g’ilmoqda.

“Bu yilgi izlanishda hukumatlarning ijtimoiy sahifalar yordamida o’z mamlakatlaridagi saylovlarga qanday ta’sir qilayotgani va fuqarolarni qanday kuzatayotganiga urg’u berdik”, - deydi hisobot mualliflaridan biri Elli Fank.

Tahlilchiga ko’ra, internet erkinligi ta’minlangan 65 mamlakatdan 40 tasida ijtimoiy sahifalarni nazorat qilish bo’yicha ilg’or programmalar amal qiladi.

“Saylanishga umid qilayotgan siyosatchilar g’olib bo’lish uchun internet orqali g’irromlikka qo’l uryapti”, - deydi tadqiqotchi.

Soxta xabarlar tarqatish eng ko’p tarqalgan usul va bundan, asosan, ultra o’ng qanot siyosatchilar foydalanayotgani aytilmoqda.

“Hukumatlar Arab bahoridan so’ng internetdan aholiga qarshi foydalana olishini tez anglab yetdi”, - deydi “Ozodlik uyi” xodimi.

Biroq uning aytishicha, hukumatlarning internet erkinligini cheklashga qaratilgan siyosati teskari natija berishi mumkin. Masalan, ijtimoiy sahifalar hukumatga qarshi namoyishlarni uyushtirishda qo’l kelmoqda.

Tashkilot so’nggi 10 yildan beri dunyoda internet erkinligiga doir ahvolni o’rganib, yillik hisobot chiqarib keladi. Hujjatda O’zbekistondagi vaziyat ham tilga olingan. Unda aytilishicha, respublikada internet orqali so’z erkinligini ifoda etish uchun darcha ochilgan bo’lsa-da, yillar davomida ayrim sahifalarga qo’yilgan taqiq bekor qilingan bo’lsa-da, internet hamon qattiq nazorat ostida. O’zbekiston “Ozodlik uyi”ning internet erkinligi jadvalida 100 dan 26 ball to’plab, hanuz “erkin emas” degan toifada turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG