Breaking News

Faollar: Ozarbayjonda so'z erkinligi yomonlashmoqda


"Ozodlik" radiosi muxbiri Xadicha Ismoilova qamoq ortidan ozodlikka chiqib, jurnalistlar bilan gaplashmoqda, Boku, Ozarbayjon, 2016-yil, 25-may.
"Ozodlik" radiosi muxbiri Xadicha Ismoilova qamoq ortidan ozodlikka chiqib, jurnalistlar bilan gaplashmoqda, Boku, Ozarbayjon, 2016-yil, 25-may.

9-fevral kuni Ozarbayjonda muddatidan ilgari parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Faollar esa mamlakatda so'z erkinligi tobora cheklanib borayotganidan xavotirda.

"Mamlakatda mustaqil yoki muqobil fikrni o'zida ifodalovchi birorta ham telekanal yoki radio yo'q", - deydi Bokuda joylashgan mustaqil jurnalist Xadicha Ismoilova.

Ismoilova davlat rasmiylari orasidagi korrupsiya bo'yicha olib borgan jurnalistik surishtiruvlari ortidan hibsga olinib, ikki yil qamoqda o'tirgan. U hukumatning matbuot ustidan nazorati borgan sari kuchayayotganidan xavotirda.

"Saylovchilar axborotga asoslangan tanlovlar qila olishi, nomzodlarni o'rganishi va ularni qiyoslay olishi uchun sharoit yaratish matbuotning burchi. Ozarbayjonda saylov bahslariga guvoh bo'lmaganimizga ancha bo'ldi", - deydi Xadicha Ismoilova.

2009-yil Prezident Ilhom Aliyev "Ozodlik", BBC va "Amerika Ovozi" kabi xalqaro radiolarning mahalliy to'lqinlarda uzatilishini taqiqlab qo'ygan edi. AQSh Davlat departamenti o'shanda bu chorani "so'z erkinligi uchun jiddiy chekinish" deb atagan.

Shundan beri Aliyevning ta'siri va qudrati o'sib bormoqda. U ikki martadan ortiq prezident bo'lmaslik haqidagi cheklovni bekor qilib, prezidentlik muddatini besh yildan yetti yilga uzaytirdi.

Bundan tashqari, so'nggi yillarda huquq faollari va jurnalistlarga bosim kuchaydi. Prezident oilasining biznes faoliyati haqida surishtiruv o'tkazgan Xadicha Ismoilova bir necha yillik qamoqqa hukm qilindi. Biroz o'tib ozod qilingan bo'lsa-da, uning chetga chiqishi taqiqlangan va nazorat ostida.

"Mustaqil va tanqidiy matbuot yo'q"

Bezorilik ayblovi bilan 5 yil qamoqda o'tirgan Seymur Hazi kabi jurnalistlar Xadicha Ismoilovaning fikrlariga qo'shiladi.

"Gazetalarda tanqidiy maqolalar yo'q, televideyeda ham bunday imkoniyatlar yo'q. Youtubedagi ba'zi istisno loyihalarni hisobga olmaganda, Ozarbayjonda ortiq mustaqil va tanqidiy media mavjud emas", - deydi u.

Yaqinda Bokuga borgan Yevropa kengashi parlament assambleyasi kuzatuvchilari hukumatni tanqid qiladigan shaxslarga nisbatan tizimli tazyiq va jinoiy javobgarlikka tortish holatlari mavjudligini qayd etdi.

Kengashning inson huquqlari bo'yicha komissari 2019-yil noyabrda e'lon qilgan hisobotda ham "Ozarbayjonda fikr erkinligini himoya qilish bo'yicha hech qanday ijobiy siljish yo'q"ligi tilga olingan edi.

Mustaqil jurnalist Sevinch Vagifqizining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, taqiqlar bekor qilinishi kerak.

"Agar hukumat o'z ishining to'g'ri ekaniga ishonsa, qo'rqmasligi kerak. Hamma narsa ochiq bo'lishi kerak. Agar ular haqiqatdan ham adolatli va shaffof bo'lsa, ommaviy axborot vositalari tekshiruviga ruxsat berilishi lozim",- deydi u.

Ozarbayjon "erkin emas"

Ozarbayjon rasmiylari mamlakatda siyosiy erkinliklar, xususan, matbuot erkinligi ta'minlanganini da'vo qiladi. Ular siyosiy qarashi yoki harakati tufayli fuqarolarning tazyiqqa olinishi haqidagi xalqaro tashkilotlar ayblovini va siyosiy mahbuslar mavjudligini keskin rad etadi.

Vashingtonda joylashgan "Ozodlik uyi" (Freedom House) huquq tashkiloti 2019-yilgi hisobotida Ozarbayjonni "erkin bo'lmagan" davlatlar qatoriga qo'shdi. Erkin va mustaqil matbuotning mavjudligi yo'nalishida mamlakatga 4 balldan 0 ball qo'yildi.

"Matbuot erkinligi bo'yicha konstitutsion kafolatlar muntazam va tizimli ravishda poymol qilinadi. Hukumat axborot maydonini qattiq nazoratda ushlab turish uchun ishlaydi", - deyiladi tashkilot bayonotida.

Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti 2019-yil matbuot erkinligi bo'yicha e'lon qilgan reytingda ham Ozarbayjon 180 davlat orasida 166-o'ringa qo'yilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG