"Ozodlik" radiosi va "Amerika Ovozi" sobiq jurnalisti, Ozarbayjonda 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan siyosiy mahbus Xadicha Ismoilova Oliy sud qaroriga ko'ra qamoqdan muddatidan erta chiqarildi.
Muxbir 2014-yil dekabrida Boku aeroportida hibsga olinib, avvaliga hamkasbini suiqasdga qo'l urishga qo'zg'atishda ayblandi, biroq jabrlanuvchi da'vosidan qaytgach, 2015-yil sentabrida Ismoilova mulkni o'zlashtirish va moliyaviy kamomad, noqonuniy tadbirkorlik, soliq to'lashdan bo'yin tovlaganlik hamda lavozimini suiiste'mol qilganlikda aybdor topildi.
Mahkumaning Oliy sudga shikoyat arizasidan so'ng 7,5 yillik jazo muddati 3,5 yillik shartli jazoga almashtirildi va Ismoilova ozodlikka chiqdi. Hech bir ayblovni tan olmagan jurnalist jinoiy ishni yopishni talab qilgan.
Inson huquqlari himoyachilarining aytishicha, u siyosiy sabablarga ko'ra ta'qib etilgan, Ismoilova Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevnning oilasiga tegishli biznesni yoritgani uchun tergov qilingan.