AQSh Xalqaro Diniy Erkinlik Komissiyasi (USCIRF) O'zbekistonni tarixda ilk bor "alohida xavotirga molik davlat" deb hisoblamasdan Davlat departamentiga unga "maxsus kuzatuvdagi mamlakat" sifatida qarashni tavsiya qilmoqda.
Komissiya respublikachi va demokrat arboblardan iborat maxsus hay'at bo'lib, Kongress, Oq uy, Davlat departamenti va boshqa vazirliklar, shuningdek, agentliklarga tashqi siyosat bobida maslahat va tavsiyalar beradi. Komissiya - mustaqil organ, ya'ni biror vazirlik yoki agentlikka qaramaydi. Uning hisoboti qonunchilar, mutasaddilar, siyosatchilar va axborot vositalari tomonidan qo'llaniladi.
1998-yilda tashkil topgan komissiyaga ko'ra, ayni damda 14 davlat "alohida xavotirga molik davlat" deb belgilanishi kerak. Jumladan, Xitoy, Eron, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Koreya, Tojikiston va Turkmaniston.
"Maxsus kuzatuvdagi mamlakat" degan ro'yxatda esa 15 davlat turishi kerak.
Komissiya a'zolari o'tgan bir yil ichida dunyo kezib, vaziyatni o'rgangan. Jumladan, uning delegatsiyasi O'zbekistonda ham bo'lib, siyosiy va diniy doiralar, shuningdek, huquq faollari va jamoatchilik bilan uchrashgan.
Jasliq qamoqxonasi yopilgani, komissiya tahlilicha, o'tgan yili hukumat tomonidan huquq himoyasi bobida tashlangan eng yirik qadam.
Davlat departamenti aslida 2019-yilning dekabrida O'zbekistondagi "ijobiy o'zgarishlarni" qayd etib, diniy erkinlik bo'yicha maqomini yangilashga qaror qilgan edi. Komissiya esa buni endi tavsiya qilmoqda.
"Maxsus kuzatuvdagi mamlakat" bo'lish nimani anglatadi? O'zbekiston oldida hozir diniy erkinlik borasida aynan qaysi masala turibdi?
Komissiya raisi o'rinbosari Nadin Maenza shunday javob beradi:
"Davlat departamenti O'zbekistondagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda va kuzatishda davom etadi. E'tiqod erkinligi himoyasi bilan mashg'ul barcha taraflar ahvolni tahlil qilib boradi. Biz O'zbeksitonda bo'lganimizda hukumat bilan ochiq gaplashdik, muammolarni muhokama qildik. Muloqot jadal. O'zbekiston hukumatida ahvolni yaxshilash uchun harakat to'xtamasligi lozim. Asosiy muammo - 1998-yilda qabul qilingan qonun. U diniy tashkilotlarni ro'yxatga olishni cheklaydi va qiyinlashtiradi. Komissiyamiz mana shu qonunni o'zgartirib, O'zbekistonda huquqiy islohotlarni jadallashtirishga chaqiradi. Umid qilamizki, bu muammo bartaraf etiladi."
Hisobotda Turkmaniston va Tojikiston hozirda diniy erkinlik bo'yicha Markaziy Osiyoda engi og'ir vaziyat hukmron jamiyatlar deya e'tirof etiladi. Komissiya Qozog'iston hukumati bilan ham ishlamoqda. Qirg'iziston bilan ham hamkorlik yo'lga qo'yilgan va bu respublika e'tiqod erkinligi borasida nisbatan erkin sanaladi.
Komissiya uchun eng xavotirli muhit Xitoyda. 1.8 million musulmonlar, xususan, uyg'urlar va boshqa elat vakillari, konsentratsion lagerlarda saqlanmoqda, majburan ishlatilib, azoblanmoqda, deyiladi hisobotda.
Boshqa tashvishlanarli holatlar:
- 910 ming musulmon Bangladeshda qochqin, chunki vatani Myanmada ularga kun yo'q.
- Shimoliy Koreya qamoqxonalarida 50 ming nasroniy bor. Ular aynan e'tiqodi uchun jazolanmoqda.
- Pokistonda musulmon bo'lmaganlarni, jumladan, xotin-qizlarni islomga majburan kiritish odat tusiga kirgan.
- Saudiya Arabistonida shialar aynan mazhabi uchun qatl etiladi.
- Rossiya, Kuba, Hindiston va Afrikaning qator davlatlarida ham dini uchun jazolanayotganlar talay.
- AQSh dini bois yurtida tahdidga uchraganlarga kamroq boshpana bermoqda. Komissiyaga ko'ra, bu ham salbiy holat, chunki e'tiqod erkinligi Amerikaning "buyuk qadriyatlaridan biri" va bosh qomus himoyasida.
Komissiya AQSh hukumatini Somalidagi al-Shabab, Nigeriyadagi Boko Haram, Yamandagi hutiylar, Afg'onistondagi Tolibon, Iroq va Suriyadagi Al-Nusra singari harakat va guruhlarga nisbatan keskin choralar ko'rishga undab keladi.
Facebook Forum