Vashingtonda qariyb chorak asr oldin ochilgan Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti professor Fred Starr boshchiligida Amerikaning bu ikki mintaqaga nisbatan strategiyasi shakllanishida, prioritetlar belgilanishida, rahbarlar va davlat organlari bilan aloqalarni rivojlantirishda xizmat qilib kelgan. Ko’plab ekspertlar bu institutni avtoritar tuzumlar bilan apoq-chapoqlikda, noxolislikda tanqid qilib keladi. Starr va uning yetakchiligidagi ilmiy guruhga ko’ra esa hukumatlarni tushunish va tinglash kerak, shundagina har qanday siyosat yoki chora-tadbir samara berishi mumkin.
Uzoq yillar AQShning Yangi Ipak yo’li tashabbusi deya targ’ib qilingan yondashuv Donald Tramp prezidentligi davrida boshqacha ko’rinishga kirdi. Bugun rasmiylardan Yangi Ipak Yo'li haqida eshitmaysiz. Mintaqaviy hamkorlik uning o'rnini egallagan. Tramp ma'muriyati Jorj Bush va Barak Obama prezidentlik qilgan yillarda bitilgan strategiyani biroz o’zgartirgan. O’zgarish asosan taktikada, ya’ni uning qanday amalga oshirilayotganida.
Prezident Trampning region bo'yicha maslahatchisi, Milliy xavfsizlik kengashida Janubiy va Markaziy Osiyo masalalariga mas'ul Liza Kurtis (Lisa Curtis) 16-oktabr kuni Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti virtual forumida so’zlar ekan, 2025-yilgacha ko’zlangan strategiyani shunday tushuntirdi:
Avvalo, mintaqadagi har bir davlat suvereniteti va mustaqilligini quvvatlash. Ikkinchidan, terrorizm xavfini kamaytirish. Uchinchidan, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish. To’rtinchidan, Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash uchun birga ishlash. Beshinchidan, iqtisodiy taraqqiyotda ko’maklashish. Oltinchidan, erkinlik va demokratik qadriyatlarni targ’ib qilish.
Bunga erishish uchun, deydi Kurtis, C5+1 formatidagi dialog jadallashtirildi. Har bir mamlakat bilan alohida va regional muloqot kengaydi. Ishchi guruhlar tuzildi. Amerika diplomatiyani faollashtirish bilan birga texnik va gumanitar yordamni ham oshirmoqda.
"AQSh O’zbekiston va Turkmaniston bilan Afg’oniston yuzasidan uch tomonlama kelishuvga erishdi", - deydi Kurtis.
Harbiy hamkorlikda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash birlamchi vazifa, trening dasturlari yangilangan.
AQSh Suriya va Iroqqa borib qolgan markaziy osiyoliklar va ularning oilalarini vatanga qaytarish va reabilitatsiya borasida yordamlashmoqda.
Tramp ma’muriyatining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod mintaqa rahbarlari bilan maslahatlashib turibdi. Halilzod ikki hafta oldin Liza Kurtis va Pentagon rasmiylari bilan Tojikistonga borib, Prezident Emomali Rahmon bilan gaplashgan. Dushanbe terrorizmga qarshi choralar borasida Vashington bilan hamfikr, deydi Kurtis.
Amerika mintaqa erkinlashishini, adolat va inson huquqlariga hurmat oshishini istaydi.
Oq uy nazarida O’zbekiston va Qozog’istonda islohotlar ketmoqda; ayrim sohalarda sust bo’lsa-da, o’zgarishlar qilish uchun harakat bor.
Qirg’izistondagi siyosiy berqarorlik, Vashington nigohida, ichki masala va tashqaridan hech kim aralashmasligi kerak. Nimaiki o’zgarish bo’lsa, bu xalq irodasiga asoslanishi zarur, deydi Kurtis.
Tramp ma’muriyati mintaqaga chetdan sarmoya oqimi oshishini xohlaydi va buning uchun nima qilmoq zarurligi yuzasidan hukumatlar bilan ishlayapti, deydi Oq uy rasmiysi.
Sarmoya yo'lidagi to'siqlarni olib tashlash, xalqaro institutlarga quloq solish, mamlakatlarni ochish, xalqaro me'yorlarni tadbiq etish - davlatlar bu yo'ldan borsa, Amerika bizneslarining qiziqishi ham shunga yarasha bo'ladi, deydi Kurtis.
O’zbekistonda tegishli vazirliklar va agentliklar Vashingtondan to'g'ridan-to'g'ri maslahat olmoqda. Hukumatlararo va xususiy sektorlararo hamkorlikka urg'u berilmoqda, deydi Kurtis.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) O’zbekiston va Tojikistondagi faoliyatini kengaytirmoqda.
"Pandemiyaga qarshi kurash, undan chiqish yo’lida ham Amerika Markaziy Osiyodan yordamni ayamaydi va muntazam ko’mak ko’rsatish yo’lga qo’yilgan", - deydi Kurtis.
Amerika Afg’onistonni tark etmoqda. Bu bilan Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuv qanchalik o’zgaradi?
Kurtisga ko’ra, mintaqa ahamiyatini yo’qotmaydi va Vashington u yerda yuqorida qayd etilgan maqsadlar yo’lida harakat qilaveradi. Afg’onistonda tinchlikka erishilsa, imkoniyatlar kengayadi va yangi bir davr boshlanadi; Amerika e'tibori va roli pasaymaydi, deydi Kurtis.
AQShda prezident yangilangan taqdirda ham strategiya o'zgarmasligini diplomatlar ham bot-bot eslatadi. Azaldan shunday, deydi O'zbekistondagi elchi Daniel Rozenblum yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Prezident respublikachi yoki demokrat bo'ladimi, mintaqadagi manfaatlar o'sha-o'sha. Amerika Markaziy Osiyo tinch, farovon va erkin yashashini istaydi. Bu Amerika xavfsizligi, ravnaqi va qadriyatlari bilan bevosita va bilvosita bog'liq, deydi rasmiylar.
Masalan, Tramp ma'muriyati faxr bilan tilga oladigan C5+1 dialogiga Jon Kerri davlat kotibi bo'lgan paytda, 2015-yilda asos solingan. Ikki tomonlama yillik maslahatlashuvlar ham Bush va Obama zamonida shakllangan.
Kurtis ham amaldagi strategiya kelasi besh yil uchun rejalanganini eslatib, maqsadlar o'zgarmasligini aytadi.
AQSh mintaqa davlatlarini qonun ustuvorligini ta’minlash, oshkoralik sari salmoqli qadamlar tashlashga undamoqda, deydi Kurtis, va shu yo’nalishda yangi dasturlar boshlagan, chunki adolat va huquq e’zozlanishi sarmoya oqimini ham oshiradi.
Har qanday sohada progress bo’lishi uchun islohotlarni jadallashtirish kerak, deydi Kurtis. Davlat kotibi Mayk Pompeo O’zbekiston yuzasidan bayonotlarida ham shuni ta'kidlagan, ya'ni islohotlar davom etarkan, Vashington quvvatlayveradi.
O’zbekiston 13-oktabr kuni BMT Inson huquqlari kengashiga saylandi. Oq uyning bunga munosabati qanday? AQSh 47 davlat a'zoligidagi organni repressiv hukumatlar to’dasi deya qoralab, undan chiqib ketgan.
Biroq O'zbekistonning bu kengashga kirishi, AQSh nazarida, ulkan imkoniyat.
"Ushbu minbardan respublika o’z ravnaqi uchun foydalanadi degan umiddamiz", - deydi Kurtis, "Amerika Ovozi" savoliga javob berar ekan.
O’tgan ikki yildagi ijobiy qadamlarni hisobga olib, deydi rasmiy, Amerika ishonadiki, respublikada huquq borasida progress davom etsa, O’zbekistonning o’zida va xalqaro maydonda bu sezilsa, demak, davlat to’g’ri yo’lda.
Kengashga saylanish Toshkent huquq bilan bog’liq masalalalarga qanchalik jiddiy yondashayotganini aks ettiradi, deydi rasmiy, a’zolik davri shuni isbotlashi kerak.
Tojikistonda yetti yillik muddatga qayta saylangan Emomali Rahmon yakkahokim va nodemokratik lider deb qaraladi. AQSh uchun esa ishonchli hamkor.
Buni qanday tushunish mumkin? - deb so'radi "Amerika Ovozi".
Oq uy rasmiysi deydiki, Vashington bu respublikadagi vaziyatdan yaxshi xabardor. Davlatlar strategik manfaatlar yo’lida birga ishlaydi, chunki bu xavfsizlik, barqarorlik, qo’shni Afg’onistonda tinchlikka erishish, qoradori savdosi va chegara osha tahdidlarga qarshi kurash bilan bog’liq.
Shu bilan birga, deydi Kurtis, AQSh Tojikistonda matbuot erkinligi, fuqaro jamiyati rolini oshirish va erkinlikni targ’ib qilishdan to’xtamagan.
“Amerika Ovozi” Davlat departamentining yuqori lavozimli rasmiylaridan ham shu singari izohlarni eshitib turadi, ya’ni Vashington mintaqadagi tuzumlar tabiati bilan yaxshi tanish, lekin davlatlar bilan ishlash, ular bilan aloqani ushlab turish har ikki xalq manfaatlariga xizmat qiladi.
Fred Starr, Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti asoschisi, bu yondashuvni qo’llaydi. Uning fikricha, Amerika mintaqada hukumatlar, siyosiy va ilmiy doiralar bilan ishlashdan faqat foyda ko’radi.
Liza Kurtisga ko'ra, AQSh Yevropa Ittifoqi bilan ham mintaqa yuzasidan hamfikr va maslahatlashgan holda ish ko’rmoqda. Qirg’izistondagi beqarorlikmi, korrupsiyaga qarshi kurash yoki boshqa muammolar, tomonlar bir yoqadan bosh chiqaradi, deydi u.
Facebook Forum