Markaziy Osiyo davlatlari nodemokratik jamiyatlari, avtoritar rahbarlari va ularning bosar-tusarini bilmaydigan oilalari, qo'g'irchoq partiyalari, adolatsiz saylovlari, huquqbuzar tizimlari va korrupsiyadan boyigan elitasi bilan tanilgan. Bu ta'riflarga sodiq qolayotgan respublikalardan biri Tojikistonda shu yilning 11-oktabr kuni prezident saylovi. Natija oldindan ravshan. 28 yillik rahbar 80 foiz bilan qayta saylanadimi yoki 90?
Tarafdorlari "tinchlik garanti" deb hisoblaydigan Rahmonni yana yetti yil bemalol hukmron qilishi tayin. Balki rahbariyatni katta o'g'li Rustam Emomaliga topshirar. Bu ham oson, chunki o'g'il Senat raisi va otasi biror sabab bilan vazifasini o'tay olmasa, davlat boshqaruvi qonunan unga o'tadi. Muvaqqat rahbar bo'ladi, keyin esa yana bir nodemokratik saylov natijasida prezident.
Avtoritar tuzumlarga xos maskarad, deya tasvirlaydi Elen Tibo (Hélène Thibault), Tojikistondagi siyosiy-ijtimoiy hayotni o'rganib kelayotgan olima.
"Saylov emas, undan keyin nima bo’lishi muhim. Saylov sahnalashtiriladi va kim yutishi oldindan aniq", - deydi tadqiqotchi, Jorj Vashington universitetining virtual forumida so'zlar ekan.
Tojikiston prezidentining oilasi mintaqada eng kattasi. To'qqiz farzand - yetti qiz, ikki o'g'il. 68 yoshli Rahmonning etagi nevagara to'la. Kelinlar va kuyovlar, quda-andalar, o'zi va rafiqasining qarindosh-urug'lari bilan ular elitaning o'zagi.
"Ozodlik" radiosining Tojik xizmati bosh muharriri Sirojiddin Tolibov deydiki, yulg'ich millioner va milliarderlardan iborat yirik biznes tizim shakllanganiga ancha bo'lgan. Ularning manfaatini ko'zlab ish tutsa, Rahmon ham, uning farzandlari ham hokimiyatda qolaveradi. Rahmon oldida hech qanday jiddiy siyosiy raqib yo'q. Mamlakatda siyosiy raqobat uchun na sharoit bor, na iroda.
Prezident Tojikistonda yagona siyosatchidir. Uni ochiqchasiga savolga tutishga ichkarida hech kimning haddi sig'maydi. Rustam Emomali davlat tepasidagi ikkinchi odam bo'lsa, 42 yoshli opasi Ozoda Rahmon prezident idorasini boshqaradi, ya'ni unga eng yaqin odam. Hukumatda, oddiy qilib aytganda, bu ayolning ruxsatisiz pashsha ham uchmaydi, deydi tahlilchilar.
Uning turmush o'rtog'i Jamoliddin Nuraliyev moliyaviy sektorda eng qudratli odam. Pul uning qo’lida, deya izohlaydi Tolibov, Nuraliyev - Tojik milliy bankini tebratadi. Valyuta bilan bog’liq har qanday harakat uning iznida. Prezidentning boshqa farzandlari ham muhim lavozimlarda va strategik sohalarga xo'jayin. Ba'zida o’zaro ziddiyatlar kuzatiladi, ammo Rahmonning oilaviy qudrati oshganda oshgan.
Tojikiston iqtisodiyotining yarmi mahalliy boylar qo’lida, deydi Tolibov. Rahmon ularni rozi qilish orqali hokimiyatda xotirjam. Rahmonning ketishi, oilaning qulashi albatta katta burilish yasagan bo'lar edi, deydi jurnalist, lekin qachon va qanday qilib, bashorat qilish qiyin.
Sirojiddin Tolib Tojikistonda yaqin orada siyosiy o’zgarish kutmaydi. Avtokratiya chuqur ildiz otgan. Biroq Rahmon yodda tutishi kerak bo'lgan muhim omillar bor: Tojikiston tashqi yordamsiz kun ko’rishi qiyin. Xavfsizlik, barqarorlik yo’lida ko'mak, deya G’arb har yili millionlab dollarga teng madad ko'rsatadi. Shuni hisobga olib, juda bo'lmaganda saylov o'tkazib turish kerak.
Aks holda, deydi Tolibov, Rahmon to'laqonli yakkahokim. Shoh emas, ammo shohlar kabi vakolatlarga ega, ehtirom ham shunga yarasha.
“Tojikiston Saudiya Arabistoni yoki Qatar emas, saylovlarsiz ham hokimiyatda o’tiradigan. Respublika shunisi bilan ulardan ajralib turadi".
Saylov va o’zini demokratik tizim sifatida ko’rsatish Rahmon va Tojikistonga nega kerak? To'qqiz milliondan oshiq aholisi va rasman 31 milliard dollarcha yillik yalpi milliy mahsuloti bilan mamlakat "maskarad" bilan bosh qotirmay ham yashasa bo'lmaydimi?
Konstitutsiya buni talab qiladi, deydi ekspertlar. Xo'jako'rsinga bo'lsa-da, nimadir qilish kerak. Saylov - rahbarga o’zini yanayam ulug’lash uchun imkoniyat. Respublikada qonun ustuvor, xalq irodasi bor, deya ko’rsatib qo'yish. Xalqaro hamjamiyatda bunga ishonch qanchalik past bo’lmasin, kim uni hokimiyatdan ola biladi?
Har qanday o’zgarishni xalqning o’zi xohlashi va qilishi kerak, deya eslatadi G'arb diplomatlari. Amerika Markaziy Osiyodagi har bir davlatning suvereniteti va mustaqilligini quvvatlashini uqtiradi. Ichki siyosiy dinamikaga tashqaridan hech kim aralashmasligi kerak, deydi rasmiylar.
Saylov kuni Rossiyadagi tojikistonliklar ovoz berishi uchun ham bo’limlar ochiladi. Bu ishlar oldin ham qilingan. Vatanda xorijdagi fuqarolar ham davlat rahbariga ishonadi, deya bong uriladi.
Rahmonga muxolif tomonlar Rossiyada anchagina, lekin ularning kuchi va roli saylovga va umum vaziyatga ta’sir qilmasligi mumkin.
Yagona ta'sir qilish yo'li - ovoz bermaslik. Rahmonga qarshilikni odamlar saylovga chiqmay ko’rsatishi mumkin, masalan, hozirgi pandemiya davrida bu yana ham oson. Biroq ayni damda ovoz berish uchun kuchli propaganda olib borilmoqda.
Rossiyaning Rahmon bilan hamkorligi joyida. Kreml Tojikistonda rahbar o'zgarmasligidan manfaatdor. Federatsiyaga bu mamlakatdan arzon ishchi kuchi kerak. Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi Tojikistonda. Bu ikki muhim masalada Moskva va Dushanbe yakdil.
Tojikistonning Xitoy bilan aloqalari ham kengayib bormoqda. Pekinga tobelik kuchaymoqda, biznes-sarmoya, shuningdek, tashqi qarzning asosiy qismi Xitoydan, demak, Pekinning moliyaviy qo’li baland. Yaqin va uzoq kelajakda qarzni to’lash eng qiyin masala bo'ladi. Shuningdek, Xitoy Tojikistonda harbiy baza qurmoqda. Xavfsizlik sohasida Pekinning roli oshishi mintaqadagi siyosiy balansga albatta ta’sir qiladi, deydi tahlilchilar.
Tadqiqotchi Edvard Lemon deydiki, 1990-yillardagi saylovlar Rahmon uchun hozirgiga qaraganda nisbatan jiddiy edi. U paytlarda real siyosiy raqiblar va muxolifat bor edi. Hozirgi Tojikiston ancha boshqacha.
Koronavirus ulkan zarar yetkazdi. Tashqi qarz oshdi. Qozog’iston, Qirg’iziston va Ozbekiston singari keskin karantinlar bu davlatda bo’lmadi, lekin tizim sinovdan o’tdi. Raqamlarga ishonch past, lekin ko’plar taxmin qilganidek, pandemiya sistemani barbod qilmadi, deya xulosa qiladi Lemon.
Migratsiya hamon o’ta muhim iqtisodiy omil. Tojikiston mehnat kuchi eksportiga tayanadi. Bu - iqtisodning uchdan biri. Hozirdan migrantlardan daromad pasaygan, deyarli 40 foizga, deya tushuntiradi Lemon. Asosan Rosssiyada ishlaydigan migrantlar yuborgan pulning kamida 80 foizi odamlarning eng zarur talablarini qoplaydi.
Lemon nazarida, Rahmon elitani boshqarishga qanchalik usta bo'lmasin, oilasi naqadar qudratli bo'lmasin, bir kun baribir ketadi. Oilaviy piramidaning kelajagi qanday bo'ladi? Hech kim bilmaydi.
Tirikchilik qiyin ekan, fuqaro o'zining kundalik tashvishlari bilan ovora. Siyosiy faollik past. Tojikistonda aholining aksariyati internetga kirmaydi. Odamlar global o’zgarishlar, hatto qo’shni davlatlardagi vaziyatdan ham bexabar. Nohukumat tashkilotlar ham oldingidek faol emas. Mustaqil, erkin axborot oz. Millionlab tojikistonliklar izolyatsiyada yashaydi, deya kuzatadi Elen Tibo. Bu esa hukumatga qo’l keladi. Klassik avtoritar manzara.
Facebook Forum