Matbuot erkinligi va jurnalistlarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga ko'ra, Ozarbayjon va Tojikiston hukumati Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) doirasida qilinishi kerak bo'lgan muhim qarorga ataylab to'sqinlik qilmoqda.
Boku va Dushanbe YXHT Matbuot erkinligi bo'yicha maxsus vakili sifatida fransuz diplomati Arlem Dezir qolishiga qarshi. Dezir 2017-yildan beri bu lavozimda.
Ozarbayjon va Tojikiston hukumatlari Dezir tomonidan ko'p tanqid qilinadi, chunki har ikki davlatda matbuot erkinligi cheklangan va vaziyat tobora og'irlashib borayotgani qayd etiladi. Xalqaro reytinglarda Tojikiston va Ozarbayjon so'z va matbuot erkinligi bobida eng past o'rinlarda.
Dezirning lavozimga qayta tayinlanishi yuzasidan qaror 19-iyulgacha tasdiqlanishi lozim. Shu bois xalqaro huquq tashkilotlari va jurnalistik uyushmalar Boku va Dushanbeni masalaga vijdonan va mas'uliyat bilan yondashishga chaqirmoqda.
YXHTning har bir a'zosi tashkilot qarorlarida muhim rol o'ynaydi. Davlatlar buni biladi. Dezir ma'qullanmasa, uning lavozimi kuzgacha bo'sh turadi. Bundan esa repressiv hukumatlar manfaatdor, deydi huquq himoyachilari. Boku va Dushanbe bir tomondan Dezirdan tanqidlari uchun o'ch olmoqchi, deydi ular, ikkinchi tomondan esa YXHTning matbuot erkinligi bo'yicha ovozini vaqtincha o'chirmoqchi.
"Ozarbayjon va Tojikiston singari matbuot erkinligini eng qo'pol ravishda oyoq osti qilib keladigan tuzumlar bunday ish tutayotgani xalqaro hamjamiyat uchun sharmandalik", - deydi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotidan Rebekka Vinsent.
"Chegara bilmas muxbirlar" reytingida 180 davlat ichida Ozarbayjon 168 o'rinda, Tojikiston ea 161.
Dezir Tojikistonda jurnalistlar qamoqda ekani va xususan chet el OAVlari muxbirlari hukumat nishonida ekanini ko'p marta qoralagan.
Ozarbayjonda ham jurnalistlar faoliyati keskin cheklanar ekan, Dezir vaziyatga e'tibor qaratib, hukumatni xalqaro majburiyatlarini bajarishga undagan. Boku rasmiylari bunga "biz YXHTdan buyruq olmaymiz" degan qabilda javob bergan.
Boku va Dushanbe nazarida Dezir o'z lavozimidan siyosatni o'zgartirish uchun foydalanmoqda. Dezir deydiki, maxsus vakil bo'lish a'zo davlatlardagi matbuot va jurnalistlar ahvolini kuzatish, YXHT majburiyatlari va maqsadi qanchalik amalga oshirilayotgani haqida hisobot berib, a'zolar qanchalik mas'uliyatli ekanini baholash demakdir.
Tojikiston va Ozarbayjon hukumatlaridan "Amerika Ovozi" bu masala bo'yicha birorta savolga javob olganicha yo'q.
Facebook Forum