Breaking News

Hisobot: Kelasi 10 yilda jurnalistlar uchun tahdidlar oshadi


"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti dunyo bo’ylab matbuot erkinligiga doir 2020-yilgi indeksni e’lon qildi.
"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti dunyo bo’ylab matbuot erkinligiga doir 2020-yilgi indeksni e’lon qildi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti dunyo bo’ylab matbuot erkinligiga doir 2020-yilgi indeksni e’lon qildi. Unga ko’ra, kelgusi 10 yil jurnalistikaning kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi va ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy yo’nalishlarda yuz berayotgan o’zgarishlar erkin, mustaqil, xilma-xil va ishonchli ma'lumot olish huquqiga tahdid soluvchi ko'plab inqirozlarni keltirib chiqaradi.

Matbuot erkinligi indeksi har yili 180 mamlakatda jurnalistlarning ahvolini o’rganadi. Hisobotga ko’ra, kelgusi o'n yillikda dunyo bo’ylab jurnalistikani beshta tahdid kutmoqda: bular geosiyosiy inqiroz (avtoritar rejimlar tajovuzkorligining oshishi), texnologik inqiroz (texnologiyalar qo’llanishida demokratik kafolatlarning yo'qligi), demokratik inqiroz (qutblanish va repressiv siyosatlarning kuchayishi), ishonch inqirozi (aholida shubha va hatto ommaviy axborot vositalariga nisbatan nafrat paydo bo’lishi) va iqtisodiy inqiroz (moliyaviy muammolar tufayli sifatli jurnalistikaning yo’qolishi).

COVID-19 pandemiyasi bilan bog’liq global sog'liqni saqlash inqirozi bu tahdidlarning yuz berishini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

"Biz jurnalistika kelajagiga ta'sir etuvchi inqirozlar bilan bog'liq bo'lgan hal qiluvchi o'n yillikka qadam qo'yyapmiz, - deydi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti bosh kotibi Kristof Deluar. - Koronavirus pandemiyasi ishonchli ma'lumot olish huquqiga tahdid soluvchi salbiy omillarni kuchaytiradi. Axborot erkinligi, plyuralizm va ishonchlilik 2030-yilda qanday ko'rinishga ega bo'ladi? Bu savolga bugun javob qidiryapmiz”.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida so’z erkinligini bo'g'ish va hisobotdagi mamlakatning reytingi o'rtasida bog'liqlik mavjudligi aniqlangan. Reytingning eng quyi pog’onalaridan joy olgan Xitoy (177-o’rin) va Eron (173-o’rin) koronavirus tarqalishiga oid ma’lumotlarni yashirganlikda ayblanadi.

Iroqda (162-o’rin) koronavirusga oid hukumat raqamlarini savol ostiga olgan “Reyter” axborot agentligi uch oyga litsenziyadan mahrum qilindi. Hatto Yevropadagi Vengriyada (89-o’rin) koronavirus to'g'risida qonun qabul qilinib, soxta ma'lumot uchun besh yilgacha qamoq jazosi berilishi e’lon qilindi.

"Sog'liqni saqlash sohasidagi inqiroz avtoritar hukumatlarga jamoatchilikni hayron qoldirmasdan, norozilik uyg’otmasdan “noma'lum zarba” doktrinasini amalga oshirish imkoniyatini beradi. Oddiy kunlarda bu imkonsiz bo'lar edi”, - deya qo'shimcha qildi Deluar.

2020-yilgi indeksning asosiy natijalari

Norvegiya matbuoti eng erkin jamiyat sifatida to’rtinchi bor ketma-ket reytingda peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o'rinni Finlyandiya egallagan. Kiber tajovuzlarning kuchayishi natijasida Shvetsiya (3 dan 4 ga) va Gollandiyada (4 dan 5 ga) pasayish kuzatilgan. Daniya ikki pog’ona yuqorilab, 3-o’ringa chiqib oldi.

Indeksning quyi qismida o'zgarishlar deyarli yo’q. Shimoliy Koreya bir pog’ona pastlab, ro’yxatning eng oxirgi 180-o’rnini Turkmanistondan tortib olgan. Eritreya 178-o'rin bilan Afrikaning eng yomon mamlakati bo'lib qolmoqda.

Malayziya (101-o'rin) va Maldiv orollari (79-o'rin) 2020-yil indeksidagi eng katta o'sishni qayd etdi: ular tegishli ravishda 22 va 19-o'ringa ko’tarilgan. Uchinchi eng katta sakrash Sudanda (159-o'rin) bo'ldi. Bu mamlakat Umar al-Bashir hokimiyatdan chetlatilgandan keyin 16 o'rin ko'tarildi.

2020-yilgi indeksda eng katta pasayishlar ro'yxatining boshida Gaiti turibdi. Bu yerda so'nggi ikki yil davomida ommaviy namoyishlar paytida jurnalistlar keskin tazyiqlarga uchrashi oqibatida 21 pog’ona pastlab, 83-o'ringa tushib qoldi.

Mintaqalar bo’yicha vaziyat

Yevropaning ba’zi mamlakatlarida repressiv siyosat kuchayganiga qaramay, Yevropa Ittifoqi matbuot erkinligi uchun eng yaxshi mintaqa bo'lib qolmoqda. Undan keyin, AQSh va Braziliya hukumatlarida matbuotga dushmanlik hissi kuchayishiga qaramay, Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerikada ahvol yaxshiligi kuzatilgan.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasida matbuot erkinligining buzilishi ko'paygan. So’z erkinligi bo’yicha ko’pchilikka namuna bo’lgan Avstraliyada (5 pog’ona pasayib, 26-o’ringa tushgan) ham manbalar maxfiyligi va surishtiruv jurnalistikasiga nisbatan tahdidlar oshishi tufayli vaziyat yomonlashgan.

Mintaqadagi matbuot erkinligini buzish bo'yicha reytingning oshishiga boshqa ikki mamlakat ham katta hissa qo'shdi. “Soxta yangiliklar” qonuni asosida so’z erkinligiga qarshi urush ochgan Singapur (158-o’rin) matbuot erkinligi xaritasida qora rangga bo'yalgan mamlakatlar qatoriga qo'shildi. Namoyishlar paytida jurnalistlarga qilingan tazyiq tufayli Gonkong ham reytingda yetti pog’ona pastga quladi.

Koronavirus jurnalistikaga qanday ta'sir qilyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:00 0:00

Markaziy Osiyoda ahvol qanday?

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo ahvol eng abgor mintaqalar ro’yxatida peshqadam. Bu regionda eng yomon holat Turkmanistonda ekani aytiladi. Mintaqada so'z erkinligi uchun eng yaxshi vaziyat Qirg'izistonda.

O’zbekiston ro’yxatda to’rt pog’ona ko’tarilib, 156-o’ringa chiqqan. So’z erkinligi bo’yicha mamlakatga berilgan ball miqdorida ham kichik miqdorda yaxshilanish bor: o’tgan yilgi 53,52 dan bu yil 53,07 ga tushgan (so'z erkinligi qancha yaxshi bo'lsa, ball miqdori shuncha kichik bo'ladi).

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika jurnalistlar hayoti uchun dunyodagi eng xavfli mintaqa bo'lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG