“Lincoln Journal Star” gazetasi muxbiri Kris Danker 31-may kuni Nebraska shtati, Linkoln shahridagi namoyishlarni yoritayotganda qo’lga olinganidan shokda. Jiletida “OAV” deb yozilgan bo’lsa-da, politsiya uni yerga qulatib, qo’lini kishanlab, qisqa vaqt ushlab turgan. Birozdan so’ng qo’yib yuborishgach, Danker namoyishlarni suratga olishda davom etgan.
“Huquq-tartibot xodimlari jurnalistlarni ochiqchasiga nishonga olayotgani, ma’lumot tarqatish huquqini poymol qilayotgani, [konstitutsiyada so’z va matbuot erkinligini kafolatlovchi] birinchi tuzatish doirasida o’z ishini bajarayotganda hibsga olayotgani juda tashvishlanarli”, - deydi Kris Danker “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Matbuot erkinligi bilan bog’liq ahvolni kuzatib boruvchi tashkilotlar koalitsiyasi 50 dan ziyod shunday holatlarni tekshirmoqda.
Bir xil huquqlar
Huquq himoyachilari va media ekspertlar xulosasiga ko’ra, hibslar konstitutsiyaviy huquqlarning buzilishi bo’lib, AQShning matbuot erkinligi bo’yicha xalqaro mavqeiga putur yetkazadi.
Jurnalistlarga bepul xizmat ko’rsatuvchi advokat Sara Metyusning aytishicha, namoyishlarni yoritayotgan jurnalist namoyishchi bilan bir xil huquqlarga ega va so’z erkinligi bilan himoyalangan.
“Oddiy qilib atganda, jurnalistlar politsiyaning qonuniy buyruqlariga rioya qilayotgan bo’lsa, ularga hujum qilinishi yoki kaltaklanishi mumkin emas”, - deydi u.
Jurnalistlarning hibsga olinishi yoki hujumga uchrashi tasvirlangan videolar “o’ta ayanchli”, deya qo’shadi Metyus.
“To’g’ri yo’l tutgan”
29-may kuni Minnesota shtatining Minneapolis shahridagi namoyishda “CNN” telekanali muxbiri va operatorlari media vakillari ekanini aytsa-da, politsiya ularni hibsga olgan. Ular ko’chaning qayti tomonidan ishlash mumkinligini ham so’ragan. Advokat Sara Metyus kanal xodimlari to’g’ri yo’l tutganini aytadi.
“Huquq-tartibot idoralari tashabbus ko’rsatishi, bunday voqea takrorlanmasligini ta’minlashi lozim”, - deydi u.
Jurnalistik tashkilotlar hibs va hujumlar yuzasidan tergov o’tkazishni talab qilmoqda.
3-iyun kuni Amerika Fuqaro Erikinliklari Ittifoqi “sababsiz hibsga olingan” va hujumga uchragan jurnalistlar nomidan Minneapolis shahri, politsiya idorasi va Minnesota shtat politsiyasini sudga berdi.
“Reyter” agentligi xabariga ko’ra, 600 tashkilot BMT Inson huquqlari kengashining maxsus yig’inini o’tkazishga, namoyishchilarlar va jurnalistlarga nisbatan politsiya zo’ravonligiga oid mustaqil tekshiruv boshlashga undamoqda.
“Boshqa davlatlar AQShga namuna sifatida qaraydi. Ular huquqlar oyoq osti qilinayotganini, Amerika qadriyatlariga zid xatti-harakatlar bo’layotganini ko’rib, bundan o’rnak olishi xavotir uyg’otadi”, - deydi media bo’yicha mutaxassis Keti Kayli.
Boshog’riq
Tennessi universitetida So’z erkinligi markazi direktori Ken Polson fikricha, boshqa davlatlar so’nggi voqealarni AQShga qarshi qo’llashi mumkin.
“Bizning qadriyatlarga qo’shilmaydigan hukumatlar bu voqealarni dalil qilib ko'rsatib, Amerika biz o’ylagan davlat emas deyishi, uni ikkiyuzlamachilikda ayblashi mumkin”, - deydi Polson.
Nyu-Yorkda asoslangan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining ogohlantirishicha, politsiyaning namoyishlarga javobi “o’z xalqini va matbuotni shafqatsiz bostiradigan zolimlar va avtokrat rahbarlarni rag’batlashtirishi mumkin”.
Tashkilot shtat gubernatorlari, merlar va politsiya boshliqlariga yo’llagan maktubda ommaviy axborot vositalarining ahamiyatiga urg’u berilgan.
“Ularning voqealarni yoritishiga to’sqinlik qilib, siz ommani axborotdan mahrum qilayapsiz. Shu omma oldida siz va idoralaringiz javobgar”, deyiladi unda.
Tashkilot aziyat chekkan jurnalistlarga favqulodda yordam ko’rsatmoqda. Shuningdek, politsiyaning muxbirlar bilan muomalasi yuzasidan mahalliy va shtat rasmiylarga murojaat qiladi.
“Bu mavzuni politsiya idoralari uchun katta bir boshog’riqqa aylantiramiz. Ular jurnalistlarni himoya qilish, asosida konstitutsiya yotgan qonunlarga rioya qilish majburiyatiga ega”, - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi vakili Kortni Resh.
Facebook Forum