Breaking News

Markaziy Osiyoda suv tanqisligi: Tojikiston misolida


Tojikistonning Sho'rob posyolkasida suv tanqisligi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:25 0:00

Tojikiston suv zaxirasi boʻyicha dunyoda sakkizinchi va Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinda turadi. Mintaqadagi suv zaxirasining 60 foizi Tojikiston hududida joylashgan. Ammo shunga qaramay, mamlakat aholisining faqat 57 foizi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan, xolos. Qolgan 43 foiz aholi toza ichimlik suviga tanqislik sezadi. Buning sababi mintaqa relyefining murakkabligi bilan bogʻliq. Qolaversa, qoʻshni davlatlar bilan kelishuvlarning mavjud emasligi yoki umumiy kelishuv shartlariga rioya qilinmasligida.

Tojikistonning sobiq Sovet Ittifoqi paytida doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlangan baʼzi mintaqalarda ham hozir suv tanqis. Shunday mintaqalardan biri mamlakat shimolida joylashgan sobiq Shoʻrob shahri. 1970-80-yillarda 15 ming atrofida odam yashagan bu sanoat shahri 2005-yili posyolkaga aylantirilgan. Hozirda 3000 dan ortiqroq odam yashamoqda. Mustaqillik yillarida Tojikiston aholisi 70 foizga koʻpaygan boʻlsa, Shoʻrobda yashovchilar undan ham ortiqroq kamaygan. Koʻplar koʻchib ketgan. Keta olmaganlar yoki ketishni istamaganlar qolgan.

Shoʻrobga ichimlik suvi Isfara shahridan, 10 kilometr masofadan tashib kelinadi. Xalq sotib olib ichadi. Shuning uchun ham bu yerda suv Tojikistonning boshqa mintaqalari, hatto poytaxt Dushanbe va Xoʻjand, Boxtar kabi markaziy shaharlarga qaraganda ham 25-30 barobar qimmatga tushadi.

Bir paytlar afsonaviy shahar boʻlgan Shoʻrobning qaramsiz ahvoli haqida jurnalistlar koʻp yozgan. Yaqinda hujjatli film ham olindi. “ShoʻrH2O”, deb nomlangan film muallifi va rejissyori Diloshub Orifzodaning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, film namoyish etilganidan keyin Shoʻrobga mamlakat bosh vaziri va viloyat raisi tashrif buyurgan. Ular Shoʻrobni suv bilan taʼminlash masalasini ham koʻrib chiqishgan, ammo hozircha muammo hal etilgani yoʻq.

“Shoʻrobda odamlar bir kub suvni 5 dollardan 10 dollargacha sotib oladi. Ayniqsa, koʻp qavatli binolarda yashayotganlarning ahvoli juda ogʻir. Ular sotib olgan suvini yuqori qavatlarga tashib chiqadi. Bochkalarda saqlaydi. Suv bilan avval kir yuvadi, undan soʻng magʻzavasi bilan pol artadi va uni ham asrab qoʻyib, kerak boʻlganda hojatxonaga quyadi. Suv tanqisligidan yana bir muammo paydo boʻlgan. Kanalizatsiya oʻz vazifasini bajara olmay qolgan. Suv quvurlardagi chiqindi va axlatlarni yuvib ketmaganligi sababli chirigan, yorilgan, teshilgan, binolarning tagxonalaridagi qoʻlansa hidga chidab boʻlmaydi”, - deydi Orifzoda.

Filmda mahalliy fuqarolar ogʻir yashash sharoitidan noliydi. Asosiy muammo suv ekanligini yozgʻirib soʻzlaydi.

Uzoq yillardan beri Shoʻrobda yashab kelayotgan rus millatiga mansub fuqaro Igor Joʻrayev shunday deydi:

“Shoʻrob bugun oʻlik shaharga aylanib bormoqda. Hech kimning ishi yoʻq. Vaʼda bor, ammo amalda ish yoʻq. Suvni tashib kelishadi, 100 litri 5 somoniy. 100 litr nima boʻladi? Menku qoʻlimdan ish keladi, ishlayman, pul topaman. Ishlolmaydigan chol, kampirlar bor, 250–300 somoniy oylik nafaqa oladi. Bu pul suvgami, nongami, kiyinish yo yeyishga? Ishonging kelmaydi. Achinarli. Kim ularni oʻylaydi, kim ularga qaygʻuradi?”

Shoʻrob jamoat raisi Alisher Salimov bilan bogʻlanib, muammoning paydo boʻlishi va hal etilish ehtimoli toʻgʻrisida soʻradik.

“Shoʻrobga suv Voruxdan quvurlar bilan olib kelingan. Masofa 32 kilometr. Shundan 17 kilometri Qirgʻiziston hududidan oʻtgan. Sovet Ittifoqi buzilganidan keyin qirgʻizlar quvurlarni teshib, suvni ola boshlagan. Munosabatlar biroz sovuqlashgach, umuman suv oʻtkazmay qoʻygan. Yangi loyiha ishlab chiqarilgan. Unga koʻra, quvurlar qirgʻizga kirmay olib kelinadi. Ammo bu loyiha hali toʻliq amalga oshirilgani yoʻq”, - deydi Shoʻrob mahalliy maʼmuriyati boshligʻi Alisher Salimov.

Shoʻrob jamoatining sobiq raisi Yunusxoʻja Oʻzbekovning aytishicha, “yangi loyiha 2013-yilda bitkazilib, foydalanishga topshirilishi kerak edi. Tojikiston hukumatidan mablagʻ ham ajratilgan edi. Ammo loyihada koʻrsatilgan quvurlar oʻtadigan 1,5–2 kilometr masofani qirgʻizlar bahsli hudud, deb ijozat bermagan”.

Loyihaga yana oʻzgartirish kiritiladi, masofa yana uzunroq boʻladi. Bu esa, qoʻshimcha mablagʻ talab etadi. Masʼullarning aytishicha, loyihaga kiritilgan yangi oʻzgarishlar uchun qoʻshimcha 10 million somoniy (1 million AQSh dollari) miqdorida mablagʻ kerak. Shu mablagʻ topilmaganligi uchun ishlar yarim yoʻlda toʻxtab qolgan.

Voruxda suv koʻp, agar tejamkorlik bilan ishlatilsa, hammaga yetadi. Mahalliy fuqarolar ham kelishib olib, “suvni tunda qirgʻizlar ichib, kunduzi Shoʻrobga haydasa, hammaga yetib-ortishini” aytadi. Shoʻrob jamoatining sobiq raisi Yunusxoʻja Oʻzbekovga ko’ra, bir necha marotaba qirgʻizlar bilan shu masalada muzokaralar ham olib borildi, ammo natija bermadi.

“Har ikki taraf ham murosa qilishni istamadi. Chegaralar demarkatsiya qilingandan keyin bu masalalar hal boʻladi, deb qoʻya qolindi”, - deydi u.

Diloshub Orifzodaning fikricha, Shoʻrobda suv muammosini hal etish uchun hukumat oxirgi loyihani oxiriga yetkazishi kerak. Shoʻrob koʻmir konida yuz million tonnalab sifatli koʻmir zaxirasi bor. Uni qazib olish qayta yoʻlga qoʻyilsa, balki yuz yilgacha yetadi. Shuning uchun ham bu shaharni qayta tiklash iqtisodiy jihatdan ham Tojikistonga foydali boʻladi.

Shoʻrobga 1936-yili temir yoʻli keltirilgan. 1952-yili shahar statusi berilgan. 1978-yili Shoʻrob konida rekord hajmdagi 10 million tonna koʻmir qazib olingan. Oʻsha paytlar bu konda 3500 odam ishlagan. Hozir yiliga 300 tonna atrofida koʻmir qazib olinadi, xolos. 2013-yili Tojikiston hukumati Malayziyaning HOS International Trading SDN BHD shirkati bilan Shoʻrobda umumiy qiymati 400 million dollar boʻlgan Issiqlik elektr stansiyasi qurish bo’yicha kelishuv imzolagan. Agar bu loyiha amalga oshsa, Shoʻrobda suv muammosi ham investor koʻmagida hal etilishi mumkin edi. Ammo bu loyihaning amalga oshishi ham choʻzilib kelmoqda.

Sugʻd viloyat maʼmuriyatidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, mamlakat Bosh vaziri Qohir Rasulzoda shu yilning 13-yanvar kuni Shoʻrob shahriga qilgan safari paytida Prezident Emomali Rahmon topshirigʻi asosida suv muammosi tez orada hal etilishi va shaharchadagi shifoxona, maktab va bolalar bogʻchasi binolari taʼmirlanishini aytgan.

Masʼullarning aytishicha, Shoʻrobdan Isfara shahrigacha boʻlgan 11 kilometr masofaning 6 kilometriga quvurlar yotqizilgan. Shaharchada ikkita 5 ming kubdan suv oladigan hovuzlar qurilgan. Agregatlar sotib olib, oʻrnatish ham rejalashtirilgan.

Kuzatuvchilar fikricha, Tojikiston u yoki bu mintaqalarini suv bilan taʼminlashda, har qancha qimmat tushishiga qaramay, Qirgʻizistonga bogʻliqliklarni yoʻqotishga harakat qilib kelmoqda. Mamlakatda bir necha shunday loyihalar amalga oshirildi.

Soha mutaxassisi Latifjon Sultonovning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlaridagi suv zaxiralaridan samarali foydalanish uchun besh davlat rahbarlari boshchiligida davlatlararo kelishuv mavjud. Ammo kelishuv shartlariga rioya etish koʻngildagidek emas.

“Bu kelishuv juda muhim. Tasavvur qiling, suv Tojikiston togʻlaridan Qirgʻizistonga tushadi, undan oʻtib Tojikistonga keladi, undan soʻng Oʻzbekiston va Qozogʻiston yo Turkmanistonga oʻtadi. Qoʻshni davlatlar kelishuv shartlariga rioya qilmas ekan, u yoki bu mintaqada suv tanqisligi kuzatilaveradi. Kelishuvga rioya qilish boshqa tarafdan suv zaxiralaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlaydi”, - deydi Latifjon Sultonov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG