Breaking News

Amudaryo va Sirdaryoni oziqlandiradigan muzliklar kichrayib borayapti


Olima Amanda Vuden (markazda) poytaxtdagi Jons Xopkins universitetida ma'ruza qilayapti.
Olima Amanda Vuden (markazda) poytaxtdagi Jons Xopkins universitetida ma'ruza qilayapti.

Iqlim isib borayotgani Markaziy Osiyoda ham aks-sado berayapti. Xususan, Sirdaryo va Amudaryoni oziqlantirib turgan muzliklar tezroq erimoqda. Hozir suv yetarliday ko’rinsa-da, 2050-yilga borib muzliklarning salmoqli qismi erib bitadi, deydi amerikalik olima Amanda Vuden (Amanda Wooden).

Amudaryo va Sirdaryoni oziqlandiradigan muzliklar kichrayib borayapti-Nasiba Tohir lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00

Central Asia's climate change. Panel discussion at CACI, Johns Hopkins University. April 14, 2015.
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 1:32:39 0:00
Yuklab oling

Olimlarning aytishicha, insoniyatning o’tmishdagi faoliyati, havoga chiqqan zaharli gazlar sababli yerda harorat isib, muzliklar erib boraveradi. Bugungi vazifa, deydi ular, jarayonni imkon qadar sekinlatish. Markaziy Osiyoda ham shu.

Markaziy Osiyoni suv bilan ta’minlayotgan Amudaryo va Sirdaryo, asosan, muzliklardan hosil bo’ladi. Biroq kelasi 20-30 yilda mintaqada harorat ko’tarilgani sari muzliklar tobora kichrayib boradi, deya ogohlantiradi Amanda Vuden, Baknell universiteti (Bucknell University) olimasi.

Vuden Markaziy Osiyo tabiatidagi o’zgarishlar va buning ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy asoratlarini o’rganib keladi.

Uning aytishicha, muzliklar kichrayishi oqibatida Amudaryo va Sirdaryo, asosan, yog’ingarchilikdan to’yinadigan bo’ladi.

Oqibatda O’zbekiston, Qozog’iston va Turkmaniston g’arbida suv tanqisligi yanada keskin tus oladi. Qishloq xo’jaligiga qattiq suyangan O’zbekistonda esa iqtisodiyot salmoqli zarar ko’radi.

O’tgan yarim asrda Orol dengizi halokatli ravishda quridi. Sovetlar davrida Amudaryo va Sirdaryodan sug’orish maqsadlarida ayovsiz foydalanilgani Orol fojeasiga yetakladi. O’zbekiston hukumati dengizni qutqarib bo’lmasligini, uni avvalgi holiga qaytarib bo’lmasligini tan oladi. Bugungi maqsad, deydi rasmiylar, Orol tevaragida ahvol yanada yomonlashishining oldini olish, hududda yashayotgan aholi turmushini himoya qilish.

Eslatish kerak, mintaqa davlatlari hali hanuz ittifoqdan qolgan eski sug’orish tizimiga suyanadi. Mavjud sistemani isloh qilish salmoqli moliya talab qilishi sir emas. Biroq olimlar oz-ozdan o’zgarish qilish mumkin, deb hisoblaydi. Suvni tejash, axlat tozalash, yerga dam berish, kamroq mashina haydash, tabiiy zaxiralarni avaylash…

Amanda Vudenning aytishicha, Markaziy Osiyo jamiyatlari iqlimdagi salbiy o’zgarishlarni ochiq-oydin anglamayapti. Daryo o’zanidan chiqibdi, muzliklar kamayibdi, havo juda isib ketibdi deyishdan nariga o’tmaydi odamlar. Sayyora tabiatida jiddiy o’zgarishlar kechayotganini tushnib yetmayapti ular.

Xo’sh, nima qilish mumkin? Qanday yechimlar bor?

Olima Vudenning so’zlariga ko’ra, mintaqada iqlimni izchil o’rganadigan olimlar soni kamayib borayapti. Ularga ajratiladigan mablag’ qisqarmoqda. Akademik izlanishlar zarur qo’llab-quvvatlov olmayapti. Bor olimlar g’arblik mutaxassislar bilan ishlayotgan bo’lishi mumkin, lekin ularga berilgan grantlar faqat qisqa muddatga mo’ljallangan. Iqlim esa izchil, uzoq yillik kuzatuvni talab qiladi.

Regionda ob-havoni kuzatish stansiyalari tobora kamayyapti. Iqlimdagi o’zgarishlarga doir ma’lumot yetarli emas. Amanda Vuden muzliklar va suv ta’minoti sohasida ilmiy izlanishlar uchun ko’proq moliya ajratishni tavsiya qiladi.

Olima, shuningdek, iqlim isishining ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarini atroflicha o’rganish zaruratini eslatadi. Hukumatlar bu muammolarni hal qila olmasa, aholiga o’z siyosatini tushuntira olmasa, aholi soni oshib borayotgan mamlakatlarda ijtimoiy g’alayonlar kelib chiqishi hech gapmas. Qurg’oqchilik va qahatchilik bir misol. Yoki gidroenergiyaga tayangan davlatlarda elektr tokidagi uzilishlar aholida norozilik uyg’otishi aniq, deydi olima Amanda Vuden.

Jons Xopkins universitetida kechgan muhokamada Markaziy Osiyoni suv bilan ta'minlayotgan muzliklar, ularning tezlikda erishi va buning siyosiy-ijtimoiy oqibatlari haqida fikr almashildi.
Jons Xopkins universitetida kechgan muhokamada Markaziy Osiyoni suv bilan ta'minlayotgan muzliklar, ularning tezlikda erishi va buning siyosiy-ijtimoiy oqibatlari haqida fikr almashildi.

XS
SM
MD
LG